Qishloq joylarida aholi uchun munosib hayot sharoitlari yaratiladi

Sana: 10.08.2017 19:38

Kuni kecha Prezidentimiz tomonidan imzolangan “Hududlarni jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta’minlashga doir ustuvor chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qaror qishloq joylarida aholi uchun munosib hayot sharoitlarini yaratish maqsadida joylarda ishlarning haqiqiy ahvolini har tomonlama va chuqur o‘rganish, ijtimoiy sohada yuzaga kelayotgan muammolarni ijobiy hal etishga qaratilgan muhim huquqiy hujjat bo‘ldi.   

Nega deganda, mazkur qarorda nazarda tutilgan va belgilab qo‘yilgan ustuvor vazifalar o‘z navbatida, mahalliy kengash deputatlaridan katta mas’uliyatni talab qiladi. Chunki ushbu huquqiy hujjat hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga doir qabul qilinayotgan hujjatlar va dasturlarning, ayniqsa, quyi pog‘onada so‘zsiz amalga oshirilishini ta’minlashga yo‘naltirilgan. 

Ayniqsa, Qarorning dehqon xo‘jaliklari, tomorqa uchun ajratilgan yerlardan maqsadli foydalanish, meva-sabzavotchilik, chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik, asalarichilik va boshqa faoliyat turlarini rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishini tashkil etishda fermer xo‘jaliklariga ko‘maklashish bo‘yicha choralar ko‘rish xaqidagi bandi, qishloq xo‘jaligi sohasi vakillari uchun juda muhim vazifa hisoblanadi. Shuni alohida ta’kidlamoqchimanki, qisqa vaqt mobaynida fermer xo‘jaliklariga ko‘maklashish, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa uchun ajratilgan yerlardan maqsadli foydalanishga qaratilgan chora-tadbirlar rejasini xayotga tadbiq etishga erishamiz va qarorda belgilangan barcha vazifalarni uddalashga bor kuch va g‘ayratimizni safarbar etamiz.

Yana bir gap. Mazkur hujjat ijroiya va vakillik hokimiyati organlarining aholi duch kelayotgan mavjud muammolarni aniqlash va ularga o‘z vaqtida barham berish hamda hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish holatini doimiy va manzilli o‘rganish borasida hamkorlikda olib boriladigan tizimli faoliyatini tashkil etishni nazarda tutadi. Qaror bilan Oliy Majlis palatalari, Vazirlar Mahkamasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, hokimliklarning qator takliflari ma’qullandi. Jumladan, joylarda ishni tashkil etishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, tumanlar, shaharlar hududlarini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektorlarga bo‘lishni nazarda tutadigan mutlaqo yangi tizim joriy etiladi. 

Bir so‘z bilan aytganda, mazkur huquqiy hujjat nafaqat ijro etuvchi balki vakillik organlari faoliyatini va o‘zaro almashinuvini tartibga solibgina qolmasdan, hududlarni jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta’minlashga doir ustuvor vazifalarni shak shubhasiz va izchillik bilan bajarishga zamin yaratadi.

                                                              Sherzod Salihov,

 Xalq deputatlari Toshkent viloyat

 Kengashidagi O‘zLiDeP deputatlik guruhi  a’zosi

O‘zLiDePning Facebook’dagi rasmiy sahifasi va Telegram’dagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

77