Sog‘ligimiz – boyligimiz

Tashriflar: 29

Sana: 12.01.2017 15:31

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 5-yanvar kuni sog‘liqni saqlash sohasining bir guruh yetakchi mutaxassislari bilan uchrashganda quyidagi so‘zlarni ta’kidladi: “Xalqimizning tibbiy madaniyati yuksalib, eng so‘nggi usul va rusumlarda tibbiy xizmat ko‘rsatilishini istaydi. Bizga shu ham bo‘laveradi, degan tushuncha endi o‘z umrini o‘tab bo‘ldi. Bu barcha sohalar qatori tibbiyot sohasiga ham bevosita daxldor. Shu bois soha xodimlari tibbiyotning eng ilg‘or, zamonaviy yutuqlarini, davolash usullarini o‘zlashtirmog‘i zarur.

Erishilgan yutuqlarga mahliyo bo‘lib o‘tirish taraqqiyot yo‘lidagi eng katta g‘ovdir. 2017-yil – Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili deb e’lon qilinganida ham katta ma’no mujassam. Zero, inson manfaatlari deganda, avvalo insonning salomatligi, zamonaviy tibbiy xizmatdan to‘laqonli foydalanishi ham nazarda tutiladi”. 

Mustaqil mamlakatimiz istiqlolning chorak asri mobaynida tibbiyot tizimini takomillashtirish borasida misli ko‘rilmagan muvaffaqiyatlarga erishdi.  Ayniqsa, qishloqlarda zamonaviy, ishonchli, samarali, ilg‘or tibbiy xizmat muassasalari yaratilgani nur ustiga nur bo‘ldi. Qishloq aholisiga birlamchi tibbiy-sanitariya yordami ko‘rsatishni tubdan yaxshilash imkoniyatiga ega bo‘lgan qishloq vrachlik maskanlari “Salomatlik” dasturi bo‘yicha jihozlandi. Ularda aholining barcha toifalariga zamonaviy tibbiy yordam ko‘rsatish qobiliyatiga ega umumiy amaliyot shifokori va hamshiralar ishlamoqda.

Tumanimizdagi 11 ta ana shunday qishloq vrachlik maskanlari aholiga sifatli va yuqori darajadagi tibbiy xizmat ko‘rsatmoqda. Barcha muassasalar tegishli davlat dasturi va loyihalar asosida bosqichma-bosqich eng so‘nggi rusumdagi tashxis va davolash apparatlari, laboratoriya uskunalari va  boshqa jihozlar bilan ta’minlandi. Bu ishlar hududiy manzilli dasturlar bo‘yicha davom ettirilmoqda. Tizimimizda amalga oshirilayotgan islohotlar ko‘lamini olis qishloqlar, hatto yaylov hududlarida qurilgan zamonaviy shifo maskanlari misolida yaqqol ko‘rsa bo‘ladi. Barcha yoshdagi aholi salomatligini asrash, onalik va bolalikni muhofaza qilish, sog‘lom avlodni shakllantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Muhtaram Prezidentimiz bu ish saviya­sini jahondagi eng yuqori andozalar darajasiga ko‘tarishimiz kerakligini alohida ta’kidlab, bu borada qimmatli maslahatlar berdi.

Ayniqsa birlamchi tibbiy bo‘g‘inga izchil e’tibor berilayotgani tahsinga loyiq. Qishloq vrachlik punktlarining zamonaviy tibbiy jihozlar, UZI, EKG, vaqtincha sun’iy nafas oldirish apparati bilan ta’minlanishi bir vaqtlari yetti uxlab tushimizga ham kirmagan edi. Bu qulaylik tashxis qo‘yish va davolash, profilaktik tadbirlarni amalga oshirishda yangi imkoniyatlar eshigini ochib berdi. Eng avvalo keksalar, bolalar, o‘smirlar, ayollar o‘rtasida profilaktik maqsadli tibbiy ko‘rik o‘tkazish, zamonaviy patronaj yo‘lga qo‘yilmoqda. “Sog‘lom ona – sog‘lom farzand” tamoyiliga muvofiq, oila salomatligi, onalik va bolalikni muhofaza qilishni yanada takomillashtirish bo‘yicha salmoqli natijaga erishdik. Tug‘ish yoshidagi ayollar salomatligi doimiy nazoratga olinyapti. Qishloq vrachlik punktlarimiz “Salomatlik – 2” loyihasi doirasida zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlangani ular faoliyatida yangi bosqichni boshlab berdi. Bu yerda aholiga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun barcha shart-sharoitlar mavjud. Tug‘ish yoshidagi ayollar to‘liq chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Natijada erta homiladorlikning oldi olinmoqda. Eng asosiysi xalqimizning sihat-salomatligi kun sayin mustahkamlanib bormoqda.

Ramiza SAPARNIYOZOVA,

Qorao‘zak tuman

Tibbiyot birlashmasi boshlig‘i,

2-darajali “Sog‘lom avlod uchun” ordeni sohibasi

O‘zLiDePning Facebookdagi rasmiy sahifasi va Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!