Oramizda netagoliklar bormi?

Tashriflar: 64

Sana: 19.04.2017 15:00

Agar sizda:

-  o‘zingiz sezmagan holda tez-tez e-mailni tekshirish;

-  Internet tarmog‘ida ishlashni orzu qilish;

- ko‘p vaqtingizni ijtimoiy tarmoqlarda o‘tkazish va yaqinlaringizdan bu haqida e’tirozlar eshitish;

- Internetda ishlash yoki kompyuter qurilmalari uchun haddan tashqari ko‘p mablag‘ sarflash, ish davomida kofe yoki psixostimulyatorlarni ko‘p iste’mol qilish kabi holatlar kuzatilyaptimi?

Amerikalik olim Kimberli Yangning fikriga ko‘ra bunday alomat (simptom)ning paydo bo‘lishi netagolik ya’ni Internetga tobelikning boshlanishidan darak ekan.

Ayrim insonlarda tarmoqlarga bog‘lanib qolish oqibatida kompyuter oldidagi eyforiya (haqiqiy ahvolga mos kelmagan holda kayfiyatning ko‘tarinki bo‘lishi) yoki o‘zini yaxshi his etish, oila a’zolari, yaqinlari, do‘stlari va kasbdoshlarini mensimaslik, kompyuterdan uzoqlashish bilan hafsalasizlik, depressiya, g‘azablanish holatlarini vujudga kelishi, ish beruvchilar va oila a’zolariga o‘z kunlik mehnat faoliyati haqida yolg‘on ma’lumotlar berish kabi salbiy holatlar yuzaga kelishi kuzatilgan.

G‘arblik mutaxassislar jahon tarmog‘iga bog‘lanib qolishni “XXI asr kasalligi” deya, ta’rif berishmoqda.

 Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Nukus tuman Kengashi tomonidan “Xavfsiz internet” loyihasi doirasida tashkil etilgan davra suhbatida Internetdan to‘g‘ri foydalanish, unga tobe bo‘lib qolishdan saqlanish hamda undagi ma’lumotlarni qabul qilish madaniyatini yoshlarda shakllantirish masalalari yoshlar ishtirokida atroflicha muhokama etildi.

Internetga tobelik qanday yosh davrida va qanday muddatda shakllanadi? Degan savol ishtirokchilarning qizg‘in muhokamasiga sabab bo‘ldi.

—Soha mutaxassislarining fikriga ko‘ra Internetga tobelikning shakllanishi qisqa davr ichida vujudga keladi, - deydi O‘zLiDeP Nukus tuman Kengashi raisi o‘rinbosari A.Xojanazarov. – Hozirgi kunda Internetdan foydalanuvchilarning 10 foizi mazkur kasallikka chalingan ekan. 1990-2000 yillar oralig‘ida bu xavfga 16-35 yoshdagi oila qurmagan erkaklar va jamiyatda o‘z o‘rniga ega bo‘lmaganlar to‘qnash kelga bo‘lsa, hozirda bu yosh ancha yoshargan. Yosh oralig‘i 12-40, ayol va erkaklar soni o‘rtasidagi tavofut deyarli sezilmaydi. Eng achinarlisi, ular orasida oliy ma’lumotlilarning soni keskin ortgan. 

Yoshlarning aytishicha Internetga tobelik jamiyatga, qolaversa insonga salbiy ta’siri juda katta. Masalan, ish sifati va unumini pasaytiradi, axborot texnologiyalaridan samarasiz va o‘rinsiz foydalanishga olib keladi, virtual muloqatlar – real muloqatlarni chegaralaydi, moliyaviy qiyinchiliklar – oilalar va tashkilotlarning faoliyatini buzadi, jamiyatda o‘zining «yopiq» olamiga mavjudlar hamda turli fiziologik va psixologik hastaliklarga chalinganlar soni ortib boradi.

Munozaralarda qayd etilganidek, hozirda Internetga tobelikdan davolanishning universal usuli yo‘q, ammo maxsus markazlarda o‘tkaziladigan suhbatlar, konsultatsiyalar, treninglar, psixoterapiya usullari “hastalikni” bosqichma-bosqich bartaraf etish imkonini beradi.

Tadbirda yoshlar Internetga tobelikni oldini olish va qutilish uchun internetning on-line muloqot tizimini butunlay berkitib tashlash, Internetda ishlash hoxishi paydo bo‘lganda, bu hohishni boshqa faoliyatga burish, jumladan, sport bilan shug‘ullanish, gazeta o‘qish, do‘stlar va oila a’zolari bilan muloqot qilish kabi takliflarni ilgari surishdi.

— Bu holatda insondan axborot bilan to‘g‘ri ishlash talab etiladi, - deydi O‘zLiDeP faoli Furqat Yusupov. – Qabul qilinayotgan axborotning manbaalariga e’tibor qaratish, axborotlarni tahlil qila olish kabi talablarni bajarish orqali biz foydalanuvchilarni axborotlashtirish va kompyuterlashtirishning turli salbiy oqibatlaridan saqlay olishimiz mumkin.

O‘zLiDeP Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi

Matbuot xizmati

O‘zLiDePning Facebookdagi rasmiy sahifasi va Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!