Urgutda 5,5 ming yangi ish o‘rni yaratiladi

Tashriflar: 24

Sana: 20.04.2017 16:13

 “Urgut” erkin iqtisodiy zonaning barpo etilishi mintaqa iqtisodiyotini yanada rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega. Ushbu iqtisodiy zona hududdagi boy xomashyo va mehnat resurslaridan samarali foydalanish, yangi ish o‘rinlarini ko‘paytirish, aholi bandligi va farovonligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi. 

Prezidentimizning joriy yil 12-yanvardagi “Urgut”, “G‘ijduvon”, “Qo‘qon” va “Hazorasp” erkin iqtisodiy zonalarini tashkil etish to‘g‘risida”gi Farmoni esa mazkur sohada olib boriladigan ishlarni yangi bosqichga olib chiqdi.

 “Urgut” erkin iqtisodiy zonasida O‘zLiDeP Samarqand viloyat Kengashi tomonidan, mazkur Farmonda belgilab berilgan vazifalar ijrosi hamda joriy yilning 14-15-aprel kuni muhtaram Prezidentimizning Samarqand viloyatiga tashrifi doirasida “Urgut” erkin iqtisodiy zonasi faoliyatini yanada takomillashtirish yuzasidan bildirgan fikr-mulohazalari va ko‘rsatmalari  tadbirkor va ishbilarmon doira vakillari, yoshlar va keng jamoatchilik hamda deputatlar ishtirokida tashkil etilgan amaliy muloqotda atroflicha o‘rganildi va tahlil etildi.

E’tirof etilganidek, Farmonga muvofiq shu kunga qadar “Urgut” erkin iqtisodiy zonasining Urgut tumanida "Urgut-1", Nurobod tumanida "Urgut-2" va Pastdarg‘om tumanida "Urgut-3" hududlari tashkil etildi. Ushbu hududlar uchun jami 816 gektar yer ajratilib, ularni zarur muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi bilan ta’minlash ishlari boshlab yuborilgan. Bugungi kunda yengil sanoat, maishiy texnika, tibbiyot jihozlari, farmatsevtika, charm-poyabzal, kanselyariya mollari, qurilish materiallari ishlab chiqarish bo‘yicha loyihalar amalga oshirilmoqda. Ayni paytda xorijiy va mahalliy investorlar bilan 2017-2018-yillarga mo‘ljallangan 83 loyiha tayyorlangan, ularning 20 tasi joriy yilning o‘zida ishga tushiriladi.

Umumiy qiymati 250 mln. AQSh dollarni tashkil etuvchi ushbu loyihalar tijorat banklari krediti va ta’sischilarning mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi. Natijada 5,5 ming ta yangi ish o‘rni tashkil etiladi.

– Joriy yilning ikkinchi choragida yiliga 15 ming tonna 100 foiz import o‘rnini bosuvchi eksportga yo‘naltirilgan poleuretan mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi “DERKIM POLIURETAN URGUT” O‘zbekiston–Turkiya qo‘shma korxonasiniishga tushirilishi rejalashtirilmoqda, – deydi “Urgut” erkin iqtisodiy zonasi deriktor o‘rinbosari G‘ayrat Abduraxmatov. – Loyiha qiymati 6 mlrd. 250 mln. AQSh dollarini tashkil etadi. Ushbu yangi korxona ishga tushirilishi bilan 65 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.

Ayni paytda mazkur hududda  40 sanoat korxonasi, jumladan, 19 qo‘shma korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularda 1 ming 200 ga yaqin kishi ish bilan ta’minlangan. O‘tgan yili qiymati 157,5 mlrd. so‘mlik 20 turdan ziyod sanoat mahsulotlari ishlab chiqarildi, eksport hajmi 10 mln. AQSh dollaridan oshdi. Xususan, bu yerda mahalliy xomashyodan gilam va gilam mahsulotlari, sintetik tola, elektr duxovkalar, gaz plitalari, bir marta ishlatiladigan plastik idishlar, polimer yelim va boshqa mahsulotlar tayyorlanmoqda. 

Bugun barqaror iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirish istiqbollarini belgilashda erkin iqtisodiy zonalar faoliyati muhim ahamiyatga ega bo‘lib bormoqda, – deydi Xalq deputatlari viloyat kengashi deputati Otabek Axtamov. –Davlatimiz rahbarining joriy yil 14-15-aprel kuni Samarqand viloyatiga tashrifi davomida "Urgut" erkin iqtisodiy zonasida amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan zarur topshiriqlar bergan edi. Bu barcha darajadagi deputatlar zimmasiga alohida ma’suliyat yukladi. Bugungi amaliy muloqot davomida biz deputatlar bu yerda qilinishi lozim bo‘lgan ishlar yuzasidan aniq vazifalarni belgilab oldik. "Urgut" erkin iqtisodiy zonasida har chorakda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar bilan tanishib, amalga oshirilishi lozim bo‘lgan loyihalar, kiritilishi kerak bo‘lgan investitsiyalar, tadbirkorlarga yaratilayotgan imkoniyatlarni o‘rganib boramiz. Agarda kamchiliklar kuzatiladigan bo‘lsa, deputatlik vakolatimizdan foydalangan holda mavjud muammolar yechimiga doir taklif va tavsiyalar ishlab chiqib, zarur chora-tadbirlarni amalga oshiramiz.

Amaliy muloqotda yaratilayotgan qulay ishbilarmonlik muhitidan samarali foydalanish, mahsulotlar sifatini oshirish, eksport faoliyatini rivojlantirish, tashqi bozorlarni o‘rganish va xorijlik ishbilarmonlar bilan hamkorlikni kengaytirish, xorijdagi industrial zonalar faoliyatini o‘rganish va ilg‘or tajribalarni amaliyotga tatbiq etish, erkin iqtisodiy zonalarda ishlab chiqariladigan mahsulotlarga bo‘lgan talabni o‘rganish, tadbirkorlar va investorlarga beriladigan qulaylik hamda imtiyozlar yuzasidan fikrlar almashildi.

Tadbir ishtirokchilari “Urgut” erkin iqtisodiy zonada faoliyat ko‘rsatayotgan korxonalar faoliyati, ishlab chiqariladigan mahsulot turlari bilan yaqindan tanishishdi.

FOTOLAVHALAR

Bektosh Shodiyev,

O‘zLiDeP Samarqand viloyat Kengashi

Matbuot xizmati rahbari

O‘zLiDePning Facebook’dagi rasmiy sahifasi va Telegram’dagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!