Sharoitlar yetarli, faqat...

Tashriflar: 112

Sana: 19.05.2017 15:58

Navoiy viloyatining Karmana tumani aholisi azaldan ishbilarmonligi, mehnatsevarligi bilan nom qozongan. Kattayu-kichikning barchasi mehnatkash. Bu yerni tadbirkorlar, ishbilarmonlar tumani desa ham bo‘ladi. Sababi, tumanda tadbirkorlik, fermerlik bilan shug‘ullanmaydigan oilaning o‘zi yo‘q. Kimdir sartaroshxona, yanada kimdir go‘zallik saloni ochib, odamlar og‘irini yengil qilmoqda, oilasi daromadiga hissa qo‘shmoqda.

Bugungi kunda tumanda ishbilarmon xotin-qizlarning ilg‘or g‘oya va tashabbuslarini ro‘yobga chiqarish, investitsiyaviy loyihalarini muvaffaqiyatli amalga oshirishga zarur tashkiliy, huquqiy shart-sharoitlar yaratilgani esa ayollar tadbirkorligini rivojlantirishga keng zamin yaratayapti. Albatta, bunda jamoat tashkilotlari, jumladan, siyosiy partiyalar ko‘magi muhim omil bo‘lmoqda.

 Bu haqda Tadbirkorlar va ishbilarmonlar Harakati – O‘zbekiston Liberal demokratik partiyasining Karmana tuman Kengashi tomonidan “Ishbilarmon ayol” ko‘rik-tanlovining tuman bosqichida alohida ta’kidlandi.     

–Mamlakat iqtisodiyotida ayollar ishtirokidagi xususiy sektorning ulushi va ahamiyatini oshirish, xotin-qizlar o‘rtasida tadbirkorlik faoliyatini yanada rivojlantirish, ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash dolzarb vazifalardan sanaladi, – deydi Xalq deputatlari tuman Kengashi deputati Sh. Nosirova. – To‘g‘ri, bugungi kunda ayollar tashabbuskorligi tufayli chekka hududlarda ham zamonaviy xizmat ko‘rsatish infratuzilmasi yaratilib, go‘zallik salonlari, savdo do‘konlari, non va qandolat mahsulotlari ishlab chiqarish sexlari, tikuvchilik korxonalari faoliyat ko‘rsatmoqda. Biroq zamon oldimizga qo‘yayotgan talablar bu boradagi ishlarimizni yanada kuchaytirish zarurligini ko‘rsatmoqda. Demak, bandlikni ta’minlash, yangi ish o‘rinlari yaratish jarayonida oliy va mahalliy vakillik organlaridagi deputatlik birlashmalari ham faol ishtirok etishlari zarur.

Tanlov davomida ishbilarmon, hunarmand, fermer xotin-qizlarning mahsulotlari, ayniqsa, milliy yo‘nalishdagi liboslar namoyishi, qo‘l mehnati bilan yasalgan turli xil buyumlar tanlov ishtirokchilarida o‘zgacha kayfiyat ulashdi. O‘z navbatida, hakamlar hay’ati ham ishtirokchilarni ko‘rik-tanlov nizomiga muvofiq, ish faoliyatidan kelib chiqib, adolatli baholab borishdi.

– Tumanimizda xotin-qizlarning mustaqil biznes faoliyatini yo‘lga qo‘yishi uchun barcha qulaylik yaratilgan, – deydi “Hasham quruvchi servis” MChJ ish yurituvchisi, tanlovning 1-o‘rin sohibasi Mayram A’zamova. – Albatta, bunda partiya va tijorat banklari hamkorligida olib borilayotgan amaliy ishlar yuqori natija bermoqda. Bir so‘z bilan aytganda, bu kabi tanlovlar biz, tadbirkor ayollarga ko‘rsatilayotgan moddiy va ma’naviy ko‘mak faoliyatimizni kengaytirish, yangi-yangi loyihalar ustida ishlashimizda muhim omil bo‘layotir.

Tanlov yakunida xotin-qizlar o‘rtasida tadbirkorlikni rivojlantirishda hamda ayollar bandligini ta’minlashda tashabbus ko‘rsatgan ishtirokchilar “Zamonaviy tadbirkor ayol portreti”, “Tashabbuskor ayol”, “Bitiruvchi qizlarga eng ko‘p ish o‘rni yaratgan ishbilarmon ayol”, “Qishloq infratuzilmasini rivojlantirayotgan fermer ayol” kabi nominatsiyalar bo‘yicha  taqdirlandilar.

          O‘zLiDeP Navoiy viloyat Kengashi

Matbuot xizmati

O‘zLiDePning Facebook’dagi rasmiy sahifasi va Telegram’dagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!