Uyushmagan yoshlarni uyushtirib

Tashriflar: 93

Sana: 17.03.2017 16:06

Harakatsiz baxt bo‘lmas, bekorchidan hamma bezor, deb bejiz aytishmagan. Chunki foydali ish bilan band bo‘lmagan odamning ongini egallash, har yo‘lga boshlash, istagancha boshqarish mumkin. Doimiy mashg‘uloti bo‘lmagan kishi hayotidan ham, turmushidan ham rozi bo‘lmaydi. O‘zLiDeP tomonidan aholimiz, xususan, yoshlarni foydali mehnatga, jumladan tadbirkorlikka keng jalb etib, sohaga oid bilim va ko‘nikmalarini shakllantirish borasida joylarda yangicha yondashuv amalga oshirilmoqda.

Sirdaryo viloyati Boyovut tumanida “Diplom bilan biznesga-2017” loyihasi doirasida “Yosh mulkdor-yurt tayanchi” nomli seminar-trening o‘tkazildi.

Seminarga tayyorgarlik asnosida tumandagi mahallalar xonadonlariga tashrif buyurilib, 20 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan ish bilan band bo‘lmagan yoshlar o‘rtasida maxsus savolnoma o‘tkazilib, ularning qiziqishlari, kelajak reja va tashabbuslari bilan qiziqildi. Tadbirkorlikka qiziqishi boru imkoniyati yo‘q yigit-qizlar trenigga taklif etildi va ularga tegishli ko‘rsatmalar berilib, loyihaning hamkorlari bo‘lmish qator tijorat banklari tomonidan amaliy yordam ko‘rsatildi. 

Treningda so‘z olgan “Mikrokreditbank” tuman filiali kredit bo‘limi mutaxassisi A.Omonliqov bugungi kunda “Aholini tadbirkor qilish” yo‘nalishi bo‘yicha taqdim qilinayotgan imtiyozli kreditlar haqida batafsil ma’lumot berdi. Jumladan:

  • chorvachilik, parrandachilik, asalarichilik, quyonchilik, baliqchilik, tomorqalarni yo‘lga qo‘yish;
  • qishloq xo‘jaligi maxsulotlarini yetishtirish, bog‘dorchilik va uzumchilikni tashkil etish;
  • issiqxonalar barpo etish;
  • kichik ishlab chiqarish sexlarini ishga tushurish;
  • hunarmandchilik va kasanachilikni rivojlantirish;
  • maishiy xizmat ko‘rsatish, jumladan, umumiy ovqatlanish, tikuvchilik, poyabzal ta’mirlash, sartaroshxona xizmatini yo‘lga qo‘yish;
  • aholiga transport xizmatlari va avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish shaxobchasini tashkil qilish;
  • kompyuter xizmatlari ko‘rsatishni tashkil qilish;
  • savdo faoliyatini yo‘lga qo‘yish;
  • milliy shirinliklar ishlab chiqarishni tashkil etish va boshqa faoliyatni amalga oshirish uchun kreditlar ajratiladi.

—2016-2017 o‘quv yilida Boyovut tumanida o‘rta-maxsus ta’lim muassasalarini 1 ming 310 nafar bitiruvchilar tamomlaydi, - deydi tuman Kengashi deputati Muhammadjon Rahmonov. —Bu esa bitiruvchilarni kelgusida munosib ish o‘rinlari bilan ta’minlashdek mas’uliyatli vazifa turganligidan dalolat beradi. Buning uchun yoshlarimizni tadbirkorlikka qiziqtirib, puxta tayyorlab o‘z ishlarini yo‘lga qo‘ishlarida yordam bersak nafaqat o‘zi balki o‘zi kabi bir nechta tengdoshini ish bilan ta’minlaydi.

Seminarda ishtirokchilar kichik guruhlarga bo‘lingan holda amaliy mashg‘ulotlarni bajarib, tadbirkorlikni nimadan boshlashi lozim, boshlang‘ich mablag‘, hamkorlik, bozor munosabatlari kabi mavzularda o‘z bilimlarini boyitishdi.

O‘quvlardan so‘ng ayrim ishtirokchilarning taassurotlari bilan o‘rtoqlashdik:

Eshonqulov Sardor:

— Bugun hayotimiz yangicha bosqichga ko‘tarilganini, har bir yoshning qalbida o‘zgacha ishtiyoq jo‘sh urayotganini shu seminar misolida ko‘rgandek bo‘ldim. Ishlay desak, ish yo‘qda, deb o‘tiravergan ekanmiz. Aslida hamma yerda imkoniyat, daromad qilishning shuncha yo‘llari bor ekanligini bugun qator tashkilot mas’ullarining shaxsan o‘zi kelib bizga anglatishdi. Dastmoya kerakmi, bank madadkor, amaliy va nazariy yordamga muhtojmisiz, O‘zLiDeP faollari ortimizda bel bog‘lab turishibdi. Bizdan esa shu yo‘lni mahkam tutib, hukumatimizning g‘amxo‘rligini to‘g‘ri anglab, avvalo, oilamiz, shuningdek davlatimiz rivojiga, totuvligiga, to‘kinligiga hissa qo‘shishdan iborat.

Maftuna Kattabekova, Boyovut sanoat kasb-hunar kolleji 3 kurs o‘quvchisi:

— Bizga jon kuydirayotgan, yoshlarga katta ishonch bildirayotgan yurtboshimizga va bugungi yig‘ilish tashkilotchilariga minnatdorchiligimni bildiraman. Bugungi fikr va rag‘batlardan so‘ng tikuvchilikni mukammal o‘rganib, uni biznes darajasiga olib chiqishni maqsad qildim. Bankdan kredit olib, o‘z ishimni boshlayman va dugonalarimni ham ish bilan ta’minlashga harakat qilaman.

Ikromov Ulug‘bek:

—Bugungi yig‘ilish biz kabi ishsiz yoshlar uchun ham juda foydali bo‘ldi. Bu yerda tengdoshlarim, kerak bo‘lsa mendan kichik ukalarimning shijoatini, intilishini, faolligini ko‘rib, o‘zimga xulosa chiqardim. Men ham qoramol boqib, kelgusida fermer bo‘lishni yuragimga tugib qo‘ydim. Oilam, yaqinlarim, mahallamga foydasi tegadigan inson bo‘lishga harakat qilaman.

O‘zLiDeP Sirdaryo viloyat Kengashi

Matbuot xizmati

O‘zLiDePning Facebookdagi rasmiy sahifasi va Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!