Ona vatan himoyasi muqaddas burch

Tashriflar: 152

Sana: 11.01.2017 16:08

O`zLiDeP Mirzaobod tuman Kengashi tomonidan 28694 harbiy qism xizmatchilari va ularning oila a’zolari ishtirokida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 25 yilligi va 14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan “Vatanga xizmat qilish – sharafli burch” mavzuida madaniy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.

Tadbirni partiya Mirzaobod tuman Kengashi raisining birinchi o‘rinbosari-apparat rahbari X.Sulaymanov ochib, jonajon Vatanimiz tinchligi va osoyishtaligi yo‘lida xizmat qilayotgan barcha harbiylarni bayram bilan chin dildan muborakbod etdi.

Ta’kidlanganidek, mustaqillik yillarida mamlakatimiz xavfsizligi va hududiy yaxlitligini ta’minlash, harbiy xizmatchilarni ijtimoiy himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar, tinch, obod va farovon hayot barpo etishimizda o‘z samarasini bermoqda.O‘tgan yillar davomida yurtimizda jahon talablariga to‘la javob beradigan, zamonaviy qurol-yarog‘, texnika va yetuk harbiy mutaxassislarga ega professional qurolli kuchlarimiz shakllandi.

–Davlat suvereniteti va hududiy yaxlitligini, osmonimizning musaffoligi ta’minlash, Qurolli Kuchlarimiz safida xizmat qilish bugun har bir yigit uchun nafaqat konstitutsiyaviy burch, balki sharafli maqsadga aylandi, – deydi O`zLiDeP Mirzaobod tuman Kengashi raisining birinchi o‘rinbosari-apparat rahbari X.Sulaymanov. –Shu sababli bugun milliy armiyamiz askarlari Vatanimiz sarhadlarining tinch-osoyishtaligini ta’minlash yo‘lida bor bilim va kuchlarini yo‘naltirib, sadoqat bilan xizmat qilmoqdalar.

Tadbirda shuningdek, 28694-sonli harbiy qism komandirining shaxsiy tarkib bilan ishlash bo‘yicha o‘rinbosari, mayor J.Hakimov harbiy xizmatchilar, askarlar va faxriylarni  bayram  bilan  samimiy qutlab, ularga sharafli  va  mas’uliyatli  ishlarida  katta zafarlar tiladi.

Tadbirda iqtidorli yoshlar tomonidan ijro etilgan kuy va qo‘shiqlar harbiylarga bayram sovg‘asi sifatida taqdim etildi.

O`zLiDeP Sirdaryo viloyat Kengashi  

Matbuot xizmati

O‘zLiDePning Facebookdagi rasmiy sahifasi va Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!