Tashabbuskor yoshlar O‘zLiDePni tanlashyapti

Tashriflar: 54

Sana: 11.01.2017 16:32

Yurtimiz kelajagi, xalqimizning ertangi kuni, mamlakatimizning jahon hamjamiyatida munosib o‘rin egallashi bugungi yoshlarning ta’lim-tarbiyasiga, kamolotiga bevosita bog‘liq. Shu bois mustaqillik yillarida O‘zbekistonda ertamiz egalarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish borasida davlatimiz tomonidan jiddiy e’tibor qaratildi. Bu jarayonda O‘zLiDeP tomonidan amalga oshirilgan izchil islohotlar e’tiborga molik.

Chunonchi, 2016-yilda partiyaning Sirdaryo viloyat Kengashi Yoshlar bilan ishlash bo‘limi tomonidan yoshlarni ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, huquqiy ongini yuksaltirish, tadbirkorlikka jalb etish va bandligini ta’minlash maqsadida “Ishbilarmon talaba”, “Parlamentda mening o‘rnim”, “Yosh partiya yetakchilari – kelajak kadrlari”, “Yosh fermer”, “Xavfsiz internet”, “Diplom bilan biznesga” kabi partiyaviy loyihalar uyushqoqlik bilan amalga oshirilib, ko‘plab yangi iqtidorlar kashf etildi.

–2016-yil navqiron avlod manfaatlarini himoyalash, ularni har jihatdan komil shaxs etib voyaga yetkazishga oid ishlarni yanada takomillashtirishga alohida ahamiyat qaratildi,– deydi O`zLiDeP Sirdaryo viloyat Kengashi Yoshlar bilan ishlash bo‘limi mudiri Husan Jabborov. –Masalan, 2016-yilda partiya tomonidan amalga oshirilgan keng qamrovli tadbirlar natijasida bugungi kunda partiya a’zolarining 5900 nafarini yoki 42 foizini yoshlar tashkil etmoqda. Bu borada partiyaning qator loyiha va tanlovlarining o‘rni yuqori, bo‘ldi desam adashmayman. Birgina “Diplom bilan biznesga” loyihasi doirasida 50 ga yaqin seminar-treninglar tashkil etilib, ularda 6 mingdan ziyod kollej bitiruvchilarining ishtiroki ta’minlandi.

Tahlillardan ko‘rinib turibdiki, 2016-yil davomida O`zLiDeP viloyat Kengashi tomonidan yoshlarni mustaqil fikrlaydigan, dunyo miqyosida o‘z tengdoshlariga har sohada bo‘sh kelmaydigan yuksak intellektual va ma’naviy salohiyatga ega bo‘lib kamol topishi uchun samarali ishlar amalga oshirildi. Joriy yilda ham yoshlarning talab va takliflarini o‘rgangan holda, “yoshlar yoshlarga” yoki “tengdosh tengdoshga” kabi tamoyillar asosida qator yangi loyihalar, tadbirlarni amalga oshirish rejalashtirilgan.

O`zLiDeP Sirdaryo viloyat Kengashi

Matbuot xizmati

O‘zLiDePning Facebookdagi rasmiy sahifasi va Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!