Sirdaryo.uz: Kichik va oilaviy biznesni rivojlantirish uchun katta imkoniyat

Tashriflar: 371

Sana: 21.06.2017 1:45

Xotin-qizlarning yangi bilimlarni o‘zlashtirishi va ularning intellektual salohiyatini oshirish, ilmiy ishlarga yanada keng jalb qilish, innovatsion texnologiyalarni rivojlantirish, ularni mamlakat iqtisodiyotiga joriy etish sohasida fuqarolik institutlari faoliyatini faollashtirish maqsadida O’zLiDeP Sirdaryo viloyati Kengashi va viloyat olima ayollar uyushmasi bilan hamkorlikda “Innovatsion texnologiyalar – kichik va oilaviy biznesni rivojlantirish uchun imkoniyatlar” mavzusida seminar tashkil etildi.

Tadbirda viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi, Guliston davlat universiteti, viloyat olima ayollar uyushmasi, viloyat tadbirkor ayollar uyushmasi, O’zLiDeP viloyat, tuman va shahar kengashlari xodimlari, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlari deputatlari, tadbirkor va fermer ayollar, faol xotin-qizlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.

Seminarda ta’kidlanganidek, globallashuv sharoitida mamlakatning innovatsion rivojlanish salohiyati, aholining yuqori bilim darajasi mamlakat yuksalishining muhim omiliga aylandi hamda xotin-qizlariing ilm-fan sirlarini puhta egallashlari, o‘z qobiliyatlari va imkoniyatlarini jamiyat taraqqiyoti uchun yo‘naltirishlari xalq, millat, mamlakat kelajagi yo‘lida ijtimoiy faol bo‘lishini ta’minlamoqda.

Shuningdek, tadbirda viloyat olima ayollar uyushmasi a’zosi, qishloq xo‘jalik fanlari nomzodi Guljahon Mirsharipova o‘zining “Sho‘rlangan tuproq sharoitda oraliq ekinlarning seleksion qiymati va urug‘chiligining ilmiy asoslarini o‘rganish” mavzusida taqdimotini o‘tkazdi.

Taqdimot davomida u amalga oshiriladigan ishlarning afzallik tomonlariga to‘xtalib o‘tdi. Yani, oraliq ekinlari sho‘rga, sovuqqa chidamli, sifatli ko‘k massa va don hosilli tur hamda navlar bilan boyitiladi, chorva ozuqa tarkibi o‘simlik oqsili bilan boyitiladi, sho‘rlangan tuproqlar sharoitida oraliq ekinlardan sifatli urug‘lik etishtiriladi, tuproq unumdorigi ortishi, sho‘rlanish darajasining pasayishi kuzatiladi. Bu esa viloyatimizda sho‘rlangan tuproqlar unumdorligini oshirish va chorva ozuqa sifatini yaxshilash imkoniyatini beradi.

Tadbir davomida olima ayollar uyushmasi a’zolari tomonidan yaratilgan innovatsiyalar Sirdaryo viloyatining sho‘rlangan tuproqlarida anor o‘simligini rivojlantirish, ananas o‘simligi va uni o‘stirish yo‘llari haqida so‘z bordi.

Tadbirda viloyat hokimining o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi D.O‘ralova so‘zga chiqib, kun tartibidagi masala bo‘yicha o‘z fikr-muloxazalarini bildirdi. Kelgusida O`zLiDeP “Ayollar qanoti” va viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi bilan hamkorlikda joylarda tadbirkor ayollarimizning faoliyatini yanada keng targ‘ib qilish maqsadida sayyor tadbirlar tashkil etib, ularni tadbirkorlik faoliyatini boshlash istagini bildirgan xotin-qizlarga tanishtirishga kelishib olindi.

Husan JABBOROV,

O`zLiDeP viloyat Kengashi

matbuot xizmati rahbari

Sirdaryo.uz

O‘zLiDePning Facebookdagi rasmiy sahifasi va Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!