Tizimli va tarkibiy islohotlarning yangi bosqichi

Tashriflar: 17

Sana: 12.10.2017 19:24

Ijtimoiy-iqtisodiy sohalardagi yutuqlarimizning hech biri osonlikcha qo‘lga kiritilmayotgani, bular zamirida davlat rahbarining tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan iqtisodiy-ijtimoiy islohotlar mujassamligi dunyo hamjamiyati tomonidan e’tirof etilmoqda.

Darhaqiqat, mustaqilligimizning iqtisodiy asoslarini mustahkamlashga qaratilgan muhim strategik dasturlar ishlab chiqilib, hayotga izchil tatbiq etilayotgani hozirdanoq o‘z samarasini bermoqda. Buni iqtisodiyotimizning muhim sohalaridan biri — qishloq xo‘jaligidagi o‘zgarishlarda ham yaqqol ko‘rish mumkin.

Istiqlol yillarida fermerlik harakati, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari, shuningdek, ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklari faoliyatini tashkil etish va har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar amalga oshirildi.

 Murakkab ob-havo sharoitlariga qaramasdan, dehqonlarimizning fidokorona mehnati va omilkorligi tufayli o‘tgan yillarda mo‘l hosil yetishtirildi – 7,5 mln. tonnadan ziyod g‘alla, 3,3 mln. tonnadan ortiq paxta xirmoni barpo etildi.

Bunday mo‘l hosil asosan qishloq xo‘jaligida ishlab chiqarishni jadallashtirish, seleksiya ishlarini yaxshilash, g‘o‘za va boshoqli don ekinlarining rayonlashtirilgan navlarini joriy qilish, zamonaviy agrotexnologiyalarni o‘zlashtirish evaziga ta’minlanmoqda. 

Bug‘doydan gektariga o‘rtacha 55 sentner atrofida hosil olinayotgani, ayrim tumanlarda bu ko‘rsatkich 60-77 sentnerni tashkil etayotgani, shubhasiz, fermerlarimizning ulkan yutug‘idir.

Shu bilan birga, qishloq xo‘jaligining meva-sabzavotchilik, bog‘dorchilik, uzumchilik va chorvachilik kabi tarmoqlari ham jadal sur’atlarda rivojlanmoqda. O‘tgan yillari 12,0 mln. tonnadan kam bo‘lmagan sabzavot va kartoshka, 2,0 mln. tonnaga yaqin poliz mahsulotlari, 1,6 mln. tonnaga yaqin uzum, 2,7 mln. tonnadan ortiq meva yetishtirildi. 

Mamlakat qishloq xo‘jaligi yalpi mahsulotining o‘sish sur’ati deyarli 7 foizni tashkil qilmoqda.

Bularning barchasi fidoyi dehqon va fermerlarimiz, barcha qishloq xo‘jaligi xodimlarining mashaqqatli va sharafli mehnati mahsulidir.

Davlatimiz rahbarining taklif va tashabbuslariga asosan mamlakatimiz ijtimoiy- iqtisodiy rivojlanishining har bir sohasini, jumladan, qishloq xo‘jaligini ham yanada yuqori pog‘onaga ko‘tarish, raqobatbardoshligini rivojlangan mamlakatlar qatoriga olib chiqish maqsadida 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha Harakatlar strategiyasi doirasida asosiy vazifalar belgilab berildi.

Davlatimiz rahbari yaqinda ana shu dolzarb vazifalar ijrosini ta’minlash, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, fermerlik harakati, dehqon xo‘jaliklari va tomorqachilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasidagi islohotlarni yanada rivojlantirish maqsadida “Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, qishloq xo‘jaligi ekin maydonlaridan samarali foydalanish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonga imzo chekdi.

Farmonda ushbu sohada erishilgan yutuqlar bilan birga o‘z yechimini kutib turgan muammo va kamchiliklar ham to‘planib qolgani, shuningdek, fermer va dehqon xo‘jaliklarining yer maydonlari hamda tomorqa yer uchastkalaridan samarali foydalanish ustidan parlament, vakillik va jamoatchilik nazorati lozim darajada o‘rnatilmagani o‘rinli ta’kidlangan.

Mazkur hujjatda fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish hamda ularning yer uchastkalaridan foydalanish samaradorligini oshirishning ustuvor yo‘nalishlari belgilab berildi. Amaldagi qonun hujjatlariga, jumladan, Yer kodeksi, “Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida”gi, “Dehqon xo‘jaligi to‘g‘risida”gi qonunlarga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilishi, ekin maydonlaridan samarali foydalanishdagi shaxsiy manfaatdorlik va mas’uliyatni oshirish maqsadida fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, mahalliy xalq deputatlari kengashlari hamda Oliy Majlis palatalari tomonidan doimiy nazorat va monitoring olib borilishi yuzasidan aniq vazifalar ko‘rsatildi.

Bundan buyon fermer xo‘jaliklarining yer uchastkalaridan foydalanish samaradorligini har chorakda xalq deputatlari tuman kengashlarida, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarining ekin maydonlaridan foydalanish samaradorligini har oyda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarida muhokama qilib borish tartibi joriy etiladi.

Yer maydonlaridan samarasiz foydalangan, qishloq xo‘jaligi ekinlarini to‘liq ekmagan, agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida amalga oshirmagan fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalariga nisbatan yer uchastkasiga bo‘lgan huquqning bekor qilinishiga qadar qat’iy javobgarlik choralari ko‘rilishi belgilab qo‘yildi.

Tizimning samarali ishlashini ta’minlash maqsadida parlament nazoratini o‘rnatishning ilg‘or mexanizmlari belgilandi, ya’ni, Oliy Majlis palatalari vakillari sohada amalga oshirilayotgan ishlar ahvolini doimiy ravishda o‘rgangan holda tegishli amaliy choralarni ko‘radi.

Farmonda ko‘zda tutilgan vazifalarni o‘z vaqtida va sifatli bajarish maqsadida har yili fermer xo‘jaliklarini bosqichma-bosqich ko‘p tarmoqliga aylantirish bo‘yicha hududiy dasturlarning ishlab chiqilishi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyat kengashlarida tasdiqlanishi, shuningdek, hududiy dasturlar asosida ishlab chiqilgan respublika miqyosidagi dasturlarni ko‘rib chiqish va ma’qullash uchun Oliy Majlis Senatiga kiritilishi ushbu islohotlar natijadorligiga xizmat qiladi.

Shuningdek, mazkur farmonda chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik, meva-sabzavotchilik, asalarichilik va boshqa muhim yo‘nalishlarni yanada rivojlantirish, fermer xo‘jaliklarining bu boradagi faoliyatini muvofiqlashtirish va samaradorligini oshirishga qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish bo‘yicha tegishli tashkilotlarga topshiriq berilgan.

Muhim jihatlaridan yana biri dehqonchilik madaniyatini oshirishda munosib hissa qo‘shgan va ishlab chiqarishda yuksak natijalarga erishgan fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari taqdirlanadigan “Ilg‘or fermer”, “Mehnatkash dehqon” va “Namunali tomorqachi” ko‘krak nishonlari ta’sis etilishi bo‘ldi.

Xulosa qilib aytganda, mazkur farmon qishloq xo‘jaligi sohasida olib borilayotgan tizimli va tarkibiy islohotlarni yangi bosqichga olib chiqadi hamda fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarining huquqlari va manfaatlarini himoya qilish, ekin maydonlaridan samarali foydalanish tizimini tubdan takomillashtirish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish va realizatsiya qilishni jadallashtiradi.

To‘lqin EShNAZAROV,

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi

Qonunchilik palatasi Agrar va

suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi raisi,

O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi

O‘zLiDePning Facebookdagi rasmiy sahifasi va Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!