Yangiyer kichik sanoat zonasi tadbirkorlarda katta qiziqish uyg‘otdi

Tashriflar: 54

Sana: 13.09.2017 19:50

Avval xabar berganimizdek, O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi tashabbusi bilan Sirdaryo viloyatidagi Yangiyer kichik sanoat zonasida amaliy muloqot bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbirdan ko‘zlangan maqsad tadbirkor va fermerlarni mazkur kichik sanoat zonasidagi shart-sharoit va imkoniyatlar bilan yaqindan tanishtirish, ularni qiziqtirgan har qanday savolga batafsil javob qaytarish, hududda ish boshlash niyatida bo‘lgan tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashdan iborat edi.

Partiyaning ushbu tashabbusi Toshkent shahri, Toshkent va Sirdaryo viloyatlardan tashrif buyurgan tadbirkorlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Ular bu borada o‘z fikr-mulohazalarini bildirishdi. Quyida ularning ayrimlarini e’tiboringizga havola etamiz.

Furqat QALANDAROV,

tadbirkor (Toshkent shahri):

– Yangiyer shahrida tashkil etilgan kichik sanoat zonasidagi shart-sharoitlarni o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim. E’tiborimni tortgan jihat shu bo‘ldiki, bu yerda barcha kommunikatsiyalar suv, tabiiy gaz, elektr ta’minotini davlat o‘z zimmasiga olmoqda. Ikkinchi tomondan ajratilgan maydonlar ekin yerlardan xoli. Quvonarlisi, mazkur sanoat zonasida eng kam oylik ish haqining 2000 barobari miqdorida investitsiya kiritish belgilangan bo‘lib, hududning o‘zidagi tijorat banklari tomonidan kreditlar ajratib berilmoqda. Qolaversa, qurilish materiallari va texnik asbob-uskunalarni  chet davlatlardan temir yo‘l orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri bojxona xodimlari nazorati ostida o‘z manzillariga yetkazish tizimi joriy etilgan.

  Shuningdek, soliq solish sohasida ham imtiyozlar berilgan. Men rahbarlik qilayotgan korxona qurilish mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Yangiyer kichik sanoat zonasidagi shart-sharoitni ko‘rib, bu yerda ham o‘z faoliyatimni yo‘lga qo‘yish istagi paydo bo‘ldi. O‘ylaymanki, yaratilgan imkoniyatlar, ushbu zonaning Toshkentga yaqinligi bularning hammasi biznesning yanada rivojlanishiga yordam beradi.

Farxod MADIYOROV,

tadbirkor (Toshkent viloyati):

– Bugungi uchrashuv va amaliy muloqotlarda bevosita ishtirok etganimizdan nihoyatda mamnunman. O‘zimni qiziqtirgan barcha savollarga mutaxassislarning aniq va lo‘nda javoblarini oldim.

O‘zim Toshkent viloyatining O‘rtachirchiq tumanida tadbirkorlik bilan shug‘ullanib kelayapman. Ana shunday imkoniyatlardan foydalanib, mazkur sanoat zonasida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlashni ham yo‘lga qo‘yish nayatim bor. O‘zLiDePga bizga ushbu zona faoliyati bilan yaqindan tanishish imkoniyati yaratgani uchun minnatdorchilik bildiraman.

Sherali XUSANOV,

Chinoz tumanidagi “Xusanov Bozorboy” fermer xo‘jaligi rahbari:

– Yangiyer kichik sanoat zonasida tadbirkorlar uchun barcha imkoniyatlar, imtiyozlar, qulayliklar yaratib berilgan. Xususan, kichik sanoat zonasi hududida loyihalarni amalga oshirish doirasida o‘zlarining ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun olib kiriladigan uskunalar, xom ashyo, materiallar va butlovchi buyumlar uchun bojxona to‘lovlari to‘lashdan ozod qilinishi tadbirkorlar uchun yaratib berilgan katta imkoniyatlarning namunasi deb bilaman.

Eng ahamiyatlisi  kichik sanoat zonasi ishtirokchilari uchun zarur tashqi muhandislik kommunikatsiyalari va infratuzilmalar qurilishi «O‘zbekenergo» AJ, «O‘ztransgaz» va «O‘zbektelekom» AKning o‘z mablag‘lari, shuningdek, Sirdaryo viloyatining mahalliy budjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshirilishi ham biz tadbirkorlarga katta qiziqish uyg‘otdi.

Uchrashuv davomida bir nechta loyihalar bilan tanishdim. Xitoydan keltirilgan plyonka ishlab chiqarishga mo‘ljallangan ikkita texnologik jihozim bor. Shularni Yangiyer shahridagi kichik sanoat zonasiga olib kelib, o‘rnatishni oldimga maqsad qilib qo‘ydim. Zona direksiyasi tomonidan bu borada barcha tushuntirishlar berildi.

Gulchehra JONJIGITOVA,

Xalq deputatlari Yangiyer shahar Kengashi deputati:

– Davlatimiz rahbarining 12 iyuldagi Oliy Majlis palatalari, siyosiy partiyalar vakillari bilan o‘tkazilgan yig‘ilishdagi ma’ruzasida hududlarimizda erkin iqtisodiy zonalar, qishloqlarda kichik sanoat zonalari tashkil etilayotganligi, lekin bu ishlarni izchil va samarali amalga oshirish uchun barcha mas’uliyat va javobgarlikni faqat ijro organlariga tashlab qo‘ymaslik borasida tanqidiy fikr bildirib o‘tilgandi. Bu borada tadbirkorlarning huquq va manfaatlarini himoya qilaman, deb maydonga chiqqan O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining o‘rni va ishtiroki, amaliy ta’siri umuman sezilmayotganligi ham tilga olingan edi. 

Mazkur tanqidiy fikrlar va vazifalardan kelib chiqqan holda partiya deputatlik guruhlari vazirlik va mutasaddi tashkilotlar ustidan deputatlik nazorati o‘rnatish va ularning yechimi borasida aniq amaliy ishlarga qo‘l urmoqda.

Birgina misol Prezidentimizning 2017 yil 30 martdagi “Sirdaryo viloyatining Yangiyer shahrida kichik sanoat zonasini barpo etish to‘g‘risida”gi qarori ijrosining bajarilishini o‘rganish borasida ijobiy ishlar amalga oshirildi. O‘rganish davrida deputatlar tomonidan Qarorning bajarilishi yuzasidan ijro hokimiyati qarorlari, chora-tadbirlar rejalari tahlil qilinib, ular asosida tegishli vazirlik, idora va banklarga 30 dan ortiq deputatlik so‘rovlari yuborildi. Undan tashqari, kichik sanoat zonasi hududida tadbirkorlar bilan uchrashuvlar o‘tkazildi. Shu bilan birgalikda, deputatlar tomonidan qaror ijrosi yuzasidan ayrim kamchiliklarga, jumladan zarur hujjatlarni taqdim etish va kredit mablag‘larini ajratishda sustkashliklarga yo‘l qo‘yilayotgani aniqlandi.

Bugungi bo‘lib o‘tgan tadbirda ushbu o‘rganish natijalari va uning yechimi borasida mutasaddi tashkilot vakillariga vazifalar belgilab berildi.

O‘rganishlar asosida alohida material tayyorlanib, partiya Siyosiy Kengashi tomonidan Iqtisodiyot vazirligiga kiritishga tayyorlanmoqda.

Husniddin MANNOPOV,

Yangiyer kichik sanoat zonasi direksiyasi boshlig‘i:

– Mazkur kichik sanoat zonasi hududida bugungi kunda 174 ta noturar joy va 211 ta turar joy va dala hovli ob’ektlari mavjud.

 Prezidentimiz 2017 yilning 17 may kuni Sirdaryo viloyatiga tashrifi davomida berilgan topshiriqlariga muvofiq “Yangiyer kichik sanoat zonasi” hududidan maqsadli foydalanish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi ijrosi bo‘yicha davlat tijorat banklari tomonidan taklif etilgan 131 ta loyihalarning har biri bo‘yicha “yo‘l xaritalari”ni ishlab chiqish vazifasi topshirilgan edi. Davlatimiz rahbarining qaroriga asosan bugungi kunda qiymati 298 mlrd. 203 mln.so‘mlik 131 ta import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish va ularning har biriga “Yo‘l xaritalari” ishlab chiqish rejalashtirilgan. Shu jumladan viloyat tijorat banklari tomonidan jami 125 ta loyiha bo‘yicha 291 mlrd. 922 mln. so‘mlik yo‘l xaritalari ishlab chiqilgan bo‘lib, bugungi kunda jami 29 ta loyihaga 11 mlrd. 493 mln. so‘mlik kredit mablag‘lari ajratilgan. 

Bugungi tadbirda shular haqida ishtirokchilarga ma’lumotlar berib o‘tdik. Shuningdek, kichik sanoat zonasi hududi bilan ham tanishtirdik. Hozirda  qurilish ishlari boshlangan va faoliyatini boshlash arafasidagi “Original Oil Group” MChJ faoliyati ham ko‘rsatib o‘tildi.

O‘zLiDePning Facebook’dagi rasmiy sahifasi va Telegram’dagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!