Yaratuvchanlikka da’vat

Tashriflar: 24

Sana: 12.10.2017 19:28

Mamlakatimiz qishloq xo‘jaligida qo‘lga kiritilgan salmoqli muvaffaqiyatlarni e’tirof etgan holda, bu sohada bor salohiyatimizni ishga solishga, barcha imkoniyatlardan to‘liq va unumli foydalanishga monelik qilayotgan ayrim kamchiliklar, muammolar mavjudligini ham inkor qilolmaymiz. Prezidentimizning kechagina e’lon qilingan “Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, qishloq xo‘jaligi ekin maydonlaridan samarali foydalanish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni hamda uning ijrosini ta’minlash maqsadida qabul qilingan qarorida ana shu salbiy holatlar ro‘yi-rost bayon qilinishi barobarida ularni bartaraf etishga qaratilgan vazifalar ham aniq-ravshan belgilab berildi. Mazkur farmon va qaror ijrosini ta’minlashda tadbirkorlar, jumladan, yer egalari manfaatini ifodalash uchun siyosiy maydonga kirib kelgan O‘zLiDeP va partiyaning boshlang‘ich tashkilotlari faol ishtirok etishi zarur, albatta.

Qayd etish zarurki, davlatimiz rahbarining hududlarga tashrifi davomida fuqarolarning tomorqadan unumli foydalanishini tashkil etish borasidagi ko‘rsatmalari, partiyamizning VIII s’ezdidagi ma’ruzasida bildirgan fikr-mulohazalari hamda partiya saylovoldi dasturidagi tegishli vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida shu yildan e’tiboran “O‘zLiDeP boshlang‘ich tashkilotlari o‘z tomorqasida tadbirkorligini boshlaganlarga ko‘makdosh” loyihasi amalga oshirilyapti. Partiyaning har bir tayanch tuzilmasi mahalliy kengash deputati bilan hamkorlikda tomorqasida xususiy faoliyatini boshlamoqchi bo‘lgan yoki ish boshlab, ayrim muammolarga duch kelayotgan oilalarga ko‘mak qo‘lini cho‘zdi. Faollarimiz “Tomorqa — qo‘shimcha daromad manbai” shiori ostida ta’sirchan targ‘ibot ishlarini olib borishayapti. Tomorqa xo‘jaliklarini to‘la tiklab olishga, xonadonlarning moddiy farovonligini, ma’naviy va huquqiy savodxonligini oshirishga ko‘maklashyapti. Ta’kidlash kerakki, yigit-qizlarning mazkur loyihaga qiziqishi kuchli. Ayniqsa, uyushmagan yoshlarning tomorqachilikka jalb etilishiga alohida e’tibor berilayotir. Prezidentimiz qarorida yoshlarga fermer va dehqon xo‘jaligini yuritish uchun yer uchastkalari ajratilishi belgilangani katta ahamiyat kasb etishini alohida ta’kidlash darkor.

Loyiha doirasida boshlang‘ich tashkilotlarga 52 ming 918 ta oila biriktirildi. Shu kungacha tayanch tuzilmalarimiz 18 ming 152 ta xonadon sohiblari bilan yuzma-yuz muloqotda bo‘ldi. 12 ming 193 ta xonadon tomorqada o‘z biznesini boshladi. Partiyamiz vakillari 9 ming 48 ta oilaga yerga ishlov berish, urug‘lik va boshqa masalalarda amaliy yordam berdilar.

O‘rganishlar jarayonida ko‘plab yurtdoshlarimizning o‘z tomorqasida tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagi borligi, ammo ishni nimadan boshlashni bilmasligi ayon bo‘ldi. Shu bois boshlang‘ich tashkilotlar tumandagi eng namunali tomorqa va ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklari sohiblari bilan uchrashuvlar tashkil etmoqdalar. Bunday muloqotlarda tomorqa xo‘jaligini yuritish istagidagi odamlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olmoqdalar. Shuningdek, tayanch bo‘g‘inlar faollari deputatlar bilan birgalikda tomorqa egalarini qiynayotgan muammolar yechimini topish bo‘yicha ta’sirchan choralarni ko‘ryaptilar.

BPT faollari va deputatlar muloqotlar asnosida serg‘ayrat, yaratuvchanlikka ishtiyoqi baland insonlar bilan birga loqayd, behafsala, “olma pish, og‘zimga tush” qabilida kun kechirayotgan yurtdoshlarimizga ham duch kelinayotganini afsus bilan aytadilar. Yer, suv... qisqasi, hamma sharoit bor, ammo ish-harakat, intilish yo‘q. Boqimandalik kayfiyatida yashayotganlar, turgan gapki, turmush mushtlariga ro‘baro‘ kelaveradilar. Bu yoqda esa yerning umri bekor o‘tadi. Farmonda tomorqasiga bee’tibor bo‘lganlarga nisbatan qat’iy choralar ko‘rilishi belgilangani ayni hayotiy zaruriyatdan kelib chiqqan.

Prezidentimiz farmoni ushbu partiyaviy loyihaga har jihatdan g‘oyat samarali ta’sir ko‘rsatishi aniq. Loyiha doirasidagi ishlarni mazkur me’yoriy hujjat mazmun-mohiyatidan kelib chiqqan holda qayta ko‘rib chiqishga kirishdik. Chunonchi, muayyan tajriba shundan dalolat beryaptiki, ko‘zlangan xayrli maqsadlarga erishish uchun hamkor tashkilotlarning ham jonbozligi zarur. Birinchi navbatda O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi hamda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi bilan yaqindan hamkorlik qilish zaruratini teran anglayapmiz.

Sardor MALIKOV,

O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi

boshlang‘ich partiya tashkilotlari bilan ishlash sektori mudiri

O‘zLiDePning Facebookdagi rasmiy sahifasi va Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!