Tadbirkorlik tashabbuslari va loyihalariga to‘siqlar bo‘lmaydi

04.10.2018, 13:40

Keyingi yillarda mamlakatimizda Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida bosqichma-bosqich muayyan vazifalar belgilanib, ularning ijrosi ta’minlab kelinmoqda. Belgilangan ustuvor vazifalar va maqsadli parametrlarning bajarilishi albatta O‘zbekistonning iqtisodiy o‘sishini ta’minlab beruvchi asosiy omil bo‘lib xizmat qiladi.

Chunki iqtisodiy o‘sish – bu, davlatimiz rahbari ta’kidlaganlaridek, birinchi navbatda yangi korxonalarni qurish va kengaytirish, yo‘l-transport, ishlab chiqarish va infratuzilmani rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, inflyatsiya va narxlarni jilovlash hamda odamlarni ish bilan ta’minlash deganidir.

Ushbu jarayonda tadbirkorlik sub’ektlarining ishtiroki juda muhim o‘rin tutadi. Lekin amaliyotda shu narsa ko‘rinadiki, tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish va investitsiyalarni jalb etish, ularga qulay shart-sharoitlar yaratish borasida bir qator muammo va to‘siqlar hanuzgacha mavjud.

Bugungi muhokama etilayotgan “Hududlarni tadbirkorlik tashabbuslari va loyihalarini jadal amalga oshirishni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-3939-sonli Prezident qarori aynan shunday tizimli muammo va kamchiliklarni bartaraf etishga qaratilgan.

Unda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga tadbirkorlik sub’ektlarini keng jalb etish, tadbirkorlik tashabbuslari va loyihalarining o‘z vaqtida amalga oshirilishini ta’minlash, shuningdek, bo‘sh turgan ob’ektlar, yer uchastkalari va boshqa infratuzilmadan samarali va oqilona foydalanish maqsadida bir qator vazifalar belgilab berildi.

Xususan, Qarorga muvofiq hududlarda Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va  rivojlantirish komissiyasi hamda Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish bo‘yicha hududiy guruhlar tashkil etildi.

E’tiborli jihati shundaki, hududiy guruhlar tarkibiga kirgan shaxslar asosiy ish joyi bo‘yicha majburiyatlarini bajarishdan ozod qilinadi hamda doimiy ravishda o‘zlariga biriktirilgan hududda bo‘ladi.

Komissiya va hududiy guruhlarning so‘rovlari, ko‘rsatmalari barcha davlat organlari va tashkilotlari rahbarlari va mansabdor shaxslari tomonidan so‘zsiz ijro etilishi majburiy hisoblanadi.

Sir emas hududlarda tadbirkorlik faoliyatini yuritishdagi eng katta muammolardan biri bu yer maydonlarini va bo‘sh turgan ob’ektlarni ajratish bilan bilan bog‘liq.

Endi Komissiya 10 kunda kamida bir marta joylardagi hal qilinmagan muammoli masalalarni, shu jumladan yer maydonlarini va bo‘sh turgan ob’ektlarni ajratish bilan bilan bog‘liq muammolarni ko‘rib chiqadi hamda tadbirkorlikni rivojlantirishga, tadbirkorlik tashabbuslari va loyihalarini amalga oshirishga to‘sqinlik qilayotgan mavjud byurokratik to‘siq va g‘ovlarni bartaraf etadi, tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha qabul qilingan qarorlar, shu jumladan, manzilli topshiriqlar nazarda tutilgan qarorlar ijrosi ustidan tizimli nazoratni amalga oshirib boradi va hal etadi.

Ishlarni samaradorligini ta’minlash maqsadida rag‘batlantirish, shu bilan birga javobgarligini ham kuchaytirish mexanizmlari qaror bilan belgilab qo‘yilmoqda. Ya’ni, har chorak yakuni bo‘yicha ishlarning natijadorligiga qarab:

- Komissiya qarori bilan Komissiya va hududiy guruhlar a’zolariga eng kam ish haqining 30 baravarigacha miqdorda, ularning rahbarlariga esa eng kam ish haqining 50 baravarigacha miqdorda bir martalik mukofot to‘lanadi;

- Komissiya va hududiy guruhlar a’zolariga, shuningdek, davlat organlari va tashkilotlari mansabdor shaxslariga nisbatan 30 foizdan 50 foizgacha miqdorda lavozim maoshidan ushlab qolish yoki egallab turgan lavozimidan ozod qilish shaklida javobgarlik choralari qo‘llanadi.

E’tiborli jihati, tadbirkorlik sub’ektlariga ham ushbu qaror bilan mas’uliyat yuklatilmoqda. Ya’ni, auksion savdolariga qo‘yiladigan davlat mulki ob’ektlari tadbirkorlarning aniq majburiyatlarini belgilagan holda savdoga qo‘yiladi.

Bu majburiyatlar nimalardan iboratligini aytadigan bo‘lsak, qarorda belgilanmoqdaki, bo‘sh turgan davlat mulki ob’ektlari yoki yer uchastkalari auksion g‘olibiga bir yilgacha muddatda oldindan zaxiraga olish shartlarida (loyihaning murakkabligidan kelib chiqib, muddatini uzaytirish imkoniyati bilan) keyinchalik investitsiya shartnomasida ko‘rsatilgan shartlar bajarilganidan so‘ng egalik va foydalanish huquqini rasmiylashtirgan holda beriladi.

Investor tomonidan investitsiya shartnomasida ko‘rsatilgan majburiyatlar bajarilmagan taqdirda, zaxiraga olish investorning xarajatlari qoplanmagan holda bekor qilinadi.

Bunday shartning belgilanishi har bir tadbirkorlik sub’ektiga ham katta mas’uliyat va majburiyat belgilaydi.

Xulosa qilib aytish mumkinki, O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining saylovoldi Dasturida belgilangan mamlakatimiz iqtisodiyotida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning roli va ulushini oshirish borasidagi vazifalar bilan hamohang ravishda “Hududlarni tadbirkorlik tashabbuslari va loyihalarini jadal amalga oshirishni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-3939-sonli Prezident qaroridan kelib chiqadigan O‘zLiDePning dolzarb vazifalari ham belgilab olindi.


  • Ko'rildi
    1477
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Bildirilgan fikrlar

Sherzod2018-10-05 21:21:28

Men Qarshi shaxridanman.O.T.T tadbirkorman shaxar xokimi tusqinlik qilmoqda J.Fozilov.


Fikringizni qoldiring

+