Tadbirkorlik loyihalarini amalga oshirishning samarali mehanizmlari kiritilmoqda

Mamlakatimizda xususiy mulkni ishonchli himoya qilish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni yangi bosqichga ko‘tarish, hududlarni jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni ta’minlash borasida zarur chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Bu borada muhim qonunlar, Prezidentimizning qator Farmon va qarorlari qabul qilindi.

Davlatimiz rahbarining 2018 yil 11 sentyabrdagi “Hududlarda tadbirkorlik tashabbuslari va loyihalarini jadal amalga oshirishni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi islohotlarning navbatdagi bosqichi, mantiqiy davomi bo‘ldi.

To‘g‘ri, bugun eng ko‘p huquqiy hujjat qaysi sohani ravnaq toptirishga qaratilgan, deb so‘rashsa, bemalol tadbirkorlikni misol keltirish mumkin. Biroq hujjatlar, dasturlar, chora-tadbirlar rejalari qancha ko‘p ko‘rilmasin, sohadagi kamchiliklar, sustkashliklar batamom barham topyapti, deyish qiyin. Bu Prezidentimizning mazkur qarorida ham ro‘y-rost qayd etildi. Xususan, hududlarni jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni ta’minlash, tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish, investitsiyalar, shu jumladan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etish uchun maksimal darajada qulay shart-sharoitlar yaratish borasida ko‘rilayotgan chora-tadbirlarga qaramasdan, qator tizimli muammo va kamchiliklarga duch kelinayotgani bayon qilindi. Bundan tashqari, yangidan tashkil etilgan davlat organlari va tashkilotlari rahbarlari, investitsiyalarni jalb etish, iqtisodiyot va tadbirkorlikni, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalarini hamda turizmni rivojlantirish uchun mas’ul bo‘lgan hokim o‘rinbosarlari tomonidan tadbirkorlarning dolzarb muammolarini hal qilishga, hududlarda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash bo‘yicha takliflar ishlab chiqishga, shuningdek, mavjud salohiyatdan maksimal darajada foydalanishga ko‘p hollarda beparvo munosabatda bo‘linayotgani ta’kidlandi.

Shuningdek, respublika va joylardagi davlat boshqaruvi organlarida keng tarqalgan va bartaraf etilmayotgan tadbirkorlik tashabbuslari va loyihalarini ko‘rib chiqish va amalga oshirish, zarur ishlab chiqarish ob’ektlari, yer uchastkalari va kredit mablag‘larini ajratish, muhandislik-kommunikatsiya va boshqa infratuzilma ob’ektlarini yaratish masalalarini hal etishdagi sansolarlik, byurokratizm va to‘siqlar bilan bog‘liq holatlar tadbirkorlik sub’ektlarini hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga faol jalb etish, yalpi hududiy mahsulot hajmini oshirish, sanoat ishlab chiqarishini kengaytirish va xizmatlar sohasini rivojlantirishni ta’minlamayotgani qayd etilgan.

Shu maqsadda, mamlakatimiz Prezidentining qarori bilan hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga tadbirkorlik sub’ektlarini keng jalb etish, tadbirkorlik tashabbuslari va loyihalarining o‘z vaqtida amalga oshirilishini ta’minlash, shuningdek, bo‘sh turgan ob’ektlar, yer uchastkalari va boshqa infratuzilmardan samarali va oqilona foydalanishini ta’minlashga qaratilgan Hududlarda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish komissiyasi hamda Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish bo‘yicha hududiy guruhlar tashkil etilib, ularning vazifalari aniq belgilab berildi.

Hududiy guruhlar tarkibiga kirgan davlat organlari va tashkilotlari rahbarlari va xodimlari asosiy ish joyi bo‘yicha majburiyatlarini bajarishdan ozod qilinib, doimiy ravishda o‘zlariga biriktirilgan hududda bo‘lishi belgilandi.

Komissiya va hududiy guruhlarning so‘rovlari, ko‘rsatmalari barcha davlat organlari va tashkilotlari rahbarlari va mansabdor shaxslari tomonidan so‘zsiz ijro etilishi majburiy hisoblanadi.

Qarorga muvofiq, qonun hujjatlari bilan belgilangan tartibda auksion savdolariga qo‘yiladigan bo‘sh turgan davlat mulki ob’ektlari va yer uchastkalari tadbirkorlik sub’ektlarining aniq investitsiya va ijtimoiy majburiyatlarini belgilagan holda savdoga qo‘yiladi. Tegishli hududda, jumladan, bo‘sh turgan davlat mulki ob’ektlari va yer uchastkalaridan foydalangan holda amalga oshirish uchun tavsiya etilayotgan salohiyatli loyihalar Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining
veb-saytlarida va internetdagi ijtimoiy tarmoqlarda joylashtiriladi, televideniyeda e’lon qilinadi.

Bo‘sh turgan davlat mulki ob’ektlari yoki yer uchastkalari auksion g‘olibiga bir yilgacha muddatda oldindan zaxiraga olish shartlarida (loyihaning murakkabligidan kelib chiqib, muddatini uzaytirish imkoniyati bilan) keyinchalik investitsiya shartnomasida ko‘rsatilgan shartlar bajarilganidan so‘ng egalik va foydalanish huquqini rasmiylashtirgan holda beriladi. Sarmoyador tomonidan investitsiya shartnomasida ko‘rsatilgan majburiyatlar bajarilmagan taqdirda, zaxiraga olish investorning xarajatlari qoplanmagan holda bekor qilish va boshqa tartiblar belgilandi.

Xulosa qilib aytganda, mazkur qaror tadbirkorlik faoliyati sohasidagi tizimli muammolar, to‘siq va g‘ovlarni bartaraf etishga va iqtisodiyotimizning turli sohalari rivojiga turtki berib, tadbirkorlar huquqlari va qonuniy manfaatlarining kafolatli himoyasini to‘laqonli ta’minlash imkonini beradi. Bu esa, pirovardida aholi turmush darajasi sifatini tubdan yaxshilashga xizmat qiladi. Bir so‘z bilan aytganda, endi tadbirkorlik tashabbuslari qog‘ozda qolib ketmaydi.


  • Ko'rildi
    1588
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+