Dunyoni ma’rifat qutqaradi

28.10.2017, 17:06

Anvar qori Tursunov
Anvar qori Tursunov

Toshkent shahar bosh imom-xatibi

Bismillahir rohmanir rohim.

Mana, hafta o‘tmoqdaki, muhtaram yurtboshimizning BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyadagi ma’ruzasi jahon jamoatchiligi tomonidan hamon muhokama etilayotir. Deyarli har kuni ijtimoiy tarmoqlarda, ommaviy axborot vositalarida dunyo tan olgan siyosatchilarning mazkur nutq yuzasidan fikr-mulohazalari yoritilmoqda. Ayniqsa, musulmon dunyosi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘rtaga tashlagan, aytish lozimki, jahon ahlini tashvishga solib turgan, eng dolzarb muammolar yuzasidan bildirgan asosli takliflarni faol qo‘llab-quvvatlanayotgani alohida tahsinga loyiq.

Alohida ta’kidlashni istardimki, ushbu ma’ruzada dunyoni larzaga solayotgan og‘riqli masalaga eng oson, shuning barobarida eng samarali yechim taklif etildi. Xo‘sh, bu yechim nima? Savolga bitta so‘z bilan javob berish mumkin: MA’RIFAT!

Bugun terrorizm degan balo jahonni titratib turgani ma’lum. Muammoning dahshatli nuqtasi shundaki, bu jinoyat ko‘p hollarda din bilan bog‘liq holda tilga olinadi. Shu o‘rinda alohida qayd etish shart: hech qaysi din yovuzlikni targ‘ib qilmaydi!

Tinchlik, osoyishtalik, o‘zaro hurmat va hamjihatlik esa muqaddas dinimiz – islomning o‘zak tomirlari hisoblanadi. “Islom” so‘zining zamirida “tinchlik”, “salomatlik”, “ma’rifat” ma’nolari mujassamki, shuning o‘ziyoq dinimiz zo‘ravonlikning har qanday ko‘rinishiga qarshi ekanini yaqqol anglatmaydimi?!

Qur’oni karimda marhamat qilinadi: “Ey imon keltirganlar! Yoppasiga tinchlik ishiga kirishingiz...” (Baqara surasi, 208-oyat). E’tibor bering, oyati karima “Ey, imon keltirganlar!” xitobi bilan boshlanmoqda. “Imon keltirganlar” – Allohning birligini tan olganlar, musulmonlardir. “Yoppasiga tinchlik ishiga kirishingiz...” – “tinchlik ishi”ning poydevori hamjihatlik, bag‘rikenglik, o‘zaro totuvlik, mehr-oqibat kabi fazilatlar ekani ayon.

Davlatimiz rahbari ushbu nufuzli anjumanda buyuk vatandoshimiz Imom Buxoriy  hazratlarining muborak nomlarini bejiz tilga olmadilar. Hazratning “Sahihi Buxoriy”si islom dinida Qur’oni karimdan keyingi muqaddas manba sifatida tan olingani ma’lum va mashhur. Necha asrlarki, insoniyatni hayratga solib kelayotgan mazkur manbada keltirilgan eng ishonchli  hadislarda ham ilmu ma’rifat ziyosi porlab turibdi.

Har qanday illat, u katta yoki kichik bo‘ladimi, ma’rifatsizlikning achchiq hosilasidir. Islom, avvalo, insonlarni ilmga targ‘ib etishi isbot talab qilmaydigan haqiqat. Toki, odamzot ilmu ma’rifat ila qurollanmas ekan, zo‘ravonlikning har qanday ko‘rinishiga qarshi kurashda mutloq g‘olib bo‘lishi gumondir.

Oddiy misol, necha yilki, terrorizmga qarshi sovuq qurollar bilan kurashilmoqda. Xo‘sh, natija qanday? Afsuski, bu savolga ijobiy javob bermoq qiyin. Shu ma’noda yurtboshimizning BMTning yuksak minbaridan turib, Bosh Assambleyaning “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” deb nomlangan maxsus rezolyutsiyasini qabul qilishga chaqirishi dunyo jamoatchiligining haqli e’tirofiga sazovor bo‘lmoqda. Zotan, “bu hujjatning asosiy maqsadi – barchaning ta’lim olish huquqini ta’minlashga, savodsizlik va jaholatga barham berishga ko‘maklashishdan iborat” bo‘lishi kerak. Bugun muqaddas dinimizni niqob qilgan holda insoniyatga qarshi jinoyatlar avj olayotgan bir sharoitda bu chaqiriq chuqur o‘ylangan, shuning barobarida yaqin tarixda yo‘l qo‘yilgan xatolardan jiddiy xulosa qilingan holda aytilgan taklif bo‘ldi.

“Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” deb nomlangan maxsus rezolyutsiya qabul qilish taklifi aynan bizning davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilishi mamlakatimiz buyuk ma’rifatparvarlar yurti ekani, xalqimiz mudom ma’rifatga oshnoligining yana bir isboti emasmi?

Keling, yana bir haqiqatni tan olaylik. Shu choqqacha nufuzli xalqaro tashkilotning yuksak minbaridan turib kimlar ma’ruza qilmagan, deysiz?! E’tirof etmoq kerakki, aytilgan takliflar asosli va nihoyatda o‘rinli. Mamlakatimiz rahbari: “Biz butun jahon jamoatchiligiga islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini yetkazishni eng muhim vazifa deb hisoblaymiz”, deya ta’kidlar ekanlar, allaqachon bu so‘zlarning amaldagi ijrosini boshlab yubordilar ham.

Kuni kecha Prezidentimizning “Hadis ilmi Oliy maktabini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi. Mazkur qaror loyihasining muhokamaga qo‘yilishining o‘zi davlat rahbarining xalq bilan hamnafasligiga yaqqol dalolat. Hadis ilmi Oliy maktabi tashkil etilayotgani – muqaddas islom dini va hadis ilmi rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk vatandoshlarimizning boy merosini chuqur o‘rganish, ular tomonidan asos solingan hadis ilmi maktablari faoliyatini qayta tiklash va rivojlantirish hamda islom dini asoslari va hadis ilmini mukammal o‘zlashtirgan oliy ma’lumotli yetuk mutaxassis-kadrlarni yetishtirib chiqarishdek ezgu maqsad sari tashlangan navbatdagi ulkan qadamdir. Bunday xayrli ishlardan nainki o‘zimiz, balki dunyoning ma’rifatga tashna xalqlari ham manfaat topmog‘idan umid qilib, duolar qilamiz.

Assalomu alaykum va rahmatullohi va barakotuh. 

O‘zLiDePning Facebook’dagi rasmiy sahifasi va Telegram’dagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!


  • Ko'rildi
    2237
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+