Sayyoramizning ertangi kuni, farovonligi farzandlarimiz qanday inson bo‘lib kamolga yetishi bilan bog‘liq

28.10.2017, 17:20

Azizbek Norov
Azizbek Norov

O‘zLiDeP Qashqadaryo viloyat Kengashi Yoshlar bilan ishlash bo‘lim mudiri

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida so‘zlagan nutqi yurtimiz, xalqimiz farovonligi yo‘lida astoydil bel bog‘lagan tengdoshlarim qatorida meni ham juda to‘lqinlantirdi, qalbimda faxr va iftihor tuyg‘usini his qildim. Haqiqatdan, yoshlar har qanday mamlakatning ertangi kunini belgilab beruvchi yirik qatlamdir. Shu ma’noda, ularning ongu tafakkurini ma’rifat asosida shakllantirish, tarbiyalash va voyaga yetkazish eng muhim vazifadir. Zero, sayyoramizning ertangi kuni, farovonligi Prezidentimiz ta’kidlaganidek, son jihatidan butun insoniyat tarixidagi eng yirik avlod sanalgan yoshlarning qanday inson bo‘lib kamolga yetishi bilan chambarchas bog‘liq. Shu bois yoshlar orasida zo‘ravonlik g‘oyasi “virusi” tarqalishining oldini olish maqsadida ular ongida, qalbida ma’naviy immunitetni yanada mustahkamlash zarur. Azal-azaldan xalqimiz yoshlar masalalari, ularning ma’naviy olami va taqdiriga katta e’tibor qaratgan. Buni xalqimizning buyuk allomalari, shoirlari, olimu fuzalolari va davlat arboblarining qimmatli asarlarini o‘qib, iqror bo‘lish mumkin. Shuni alohida aytish kerakki, Yurtboshimiz o‘z nutqida dunyo hamjamiyatiga murojaat qilar ekan, ularning e’tiborini yana bir muhim jihatga qaratdi, ya’ni bugun yoshlarga oid siyosatni shakllantirish va amalga oshirishga qaratilgan umumlashtirilgan xalqaro huquqiy hujjat – BMTning Yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyasini ishlab chiqishni taklif etdi. Ta’kidlash joiz, bu g‘oyat oqilona, o‘z vaqtida va bejizga bildirilmagan taklifdir. Negaki, davlatimiz rahbari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi lavozimiga kirishgan dastlabki kunlaridanoq yoshlar masalasiga jiddiy e’tibor qaratdi. Buning isboti tariqasida aytish kerakki, Prezidentimizning mazkur lavozimdagi ilk imzolagan hujjati aynan “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni bo‘lgandi. Mazkur qadam Yurtboshimiz mamlakatimizdagi yoshlar masalalariga befarq emasligi va O‘zbekistonning yorqin kelajagini yaratishda ularga suyanishini anglatadi. Mazkur Qonunda yosh avlodni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, uning huquq va manfaatlarini himoya qilish davlat siyosati darajasida belgilab qo‘yildi. Bundan tashqari, Prezidentimizning “Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi farmoni e’lon qilindi, qolaversa, Yurtboshimiz joriy yilning 12 iyulida Oliy Majlis palatalari, siyosiy partiyalar hamda O‘zbekiston Ekologik harakati vakillari bilan videoselektor yig‘ilishidagi “Parlamentimiz haqiqiy demokratiya maktabiga aylanishi, islohotlarning tashabbuskori va asosiy ijrochisi bo‘lishi kerak” nomli ma’ruzasida yoshlar masalalariga, xususan, partiyalar qoshidagi “Yoshlar qanoti”ning faoliyatini tubdan yangilash bo‘yicha o‘z tavsiyalarini berdi. Prezidentimizning mazkur tarixiy ma’ruzasini chuqur o‘rganish va uning mazmun-mohiyatini yoshlarga yetkazish bo‘yicha O‘zLiDePning hududiy Kengashlari tomonidan alohida tadbirlar rejasi ishlab chiqilib, mazkur rejaga muvofiq partiya qoshidagi “Yoshlar qanoti”ning faollari ishtirokida joylarda interfaol usullarda tadbirlar o‘tkazish belgilab olindi. O‘zLiDePning Facebook’dagi rasmiy sahifasi va Telegram’dagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!


  • Ko'rildi
    2132
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+