Davlat boshqaruvining yangi tizimiga o‘tiladi

15.11.2017, 19:03

Klara Jumamuratova
Klara Jumamuratova

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi

Mamlakatimiz iqtisodiyoti raqobatdoshligini oshirish, xususiy mulk huquqlarini himoya qilish va ustuvor rolini oshirish, investitsiya muhitini yaxshilash orqali xorij investitsiyalarini faol jalb qilishga qaratilgan liberallashtirish jarayonlari davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini qisqartirish bo‘yicha institutsional va tarkibiy islohotlarni izchil davom ettirishni taqozo etmoqda. O‘zLiDeP tomonidan tadbirkorlar va fermerlik harakati vakillari bilan o‘tkazilayotgan tizimli muloqot davomida ular tomonidan iqtisodiyot tarmoqlarini modernizatsiya qilish, joylarda aholining ishbilarmonligini rivojlantirishga to‘sqinlik qilayotgan hamda hududlarni har tomonlama rivojlantirish, aholi turmush darajasi va farovonligini oshirishga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan qator kamchiliklar mavjudligi qayd etilmoqda. Ta’kidlash joizki, mamlakatimizni rivojlantirish bo‘yicha aniq va puxta ishlab chiqilgan strategiya mavjudligiga qaramasdan ayrim ijro etuvchi hokimiyat organlari o‘z oldiga deklarativ xarakterga ega vazifalar qo‘yayotgani, ularni amalga oshirishning tashkiliy-huquqiy mexanizmlari yetarli emasligi, vazifalarning takrorlanishi va davlat tomonidan ortiqcha tartibga solish holatlarining mavjudligi amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilishning amaldagi tizimi ham kamchiliklardan holi emasligi qabul qilinayotgan qarorlarning ijrosiga to‘sqinlik qilayotgan tizimli muammolarni o‘z vaqtida aniqlash va bartaraf etishni ta’minlamayapti. Ayniqsa, O‘zLiDePning fikricha, mamlakatimizda qulay ishbilarmonlik muhitini shakllantirishga qaratilgan davlat qarorlari ijrosini ta’minlashda bunday vaziyatga aslo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Zero ichki va tashqi sarmoyadorlar qog‘ozda e’lon qilinayotgan vazifalar va ularning amaliy ijrosi o‘rtasida katta farq bo‘lgan holatlarga juda ta’sirchandir. Shu munosabat bilan, Prezidentimiz tomonidan «O‘zbekiston Respublikasida Ma’muriy islohotlar konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida» Farmon imzolangani mamlakatimiz tadbirkorlari tomonidan ko‘tarinkilik bilan kutib olindi. Chunki uning ro‘yobga chiqarilishi iqtisodiyot tarmoqlariga ma’muriy ta’sir ko‘rsatishni yanada qisqartirish va boshqaruvning bozor mexanizmlarini kengaytirishni ta’minlaydi. E’tiborlisi, hujjatda eng zarur iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohalarda (sanoat, transport, energetika va boshqalar) sog‘lom raqobat muhitini rivojlantirish, davlat va tijorat manfaatlari to‘qnashuvini bartaraf etishga qaratgan holda boshqaruv tizimini takomillashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar belgilangan. Iqtisodiy faoliyatda davlat ishtirokining aniq bozor mexanizmlarini ishlab chiqish, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning dolzarb masalalarini hal etishda nodavlat notijorat tashkilotlari va tadbirkorlik sub’ektlarining keng ishtirokini ta’minlashga qaratilgan ijtimoiy hamda davlat-xususiy sheriklikning huquqiy va institutsional bazasini takomillashtirish, ayrim davlat funksiyalarining lozim darajada bajarilishi ustidan davlat nazorati mexanizmlarini joriy etgan holda ularni xususiy sektorga o‘tkazish vazifalari ham muhim ahamiyat kasb etadi. O‘zLiDeP tadbirkorlar va fermerlik harakati manfaatlarini ifoda etuvchi partiya sifatida nafaqat davlatimiz rahbari Farmoni ijrosini ta’minlash, unda nazarda tutilgan tegishli me’yoriy-hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishda, balki deputatlarga berilgan vakolatlarni to‘liq ishga solgan holda Farmonning ijro etuvchi hokimiyati organlari tomonidan ijro etilishini monitoring qilishda ham faol ishtirok etishi lozim. Shular orqali O‘zLiDeP yetarli darajada moslashuvchanlikka va bozorga yo‘naltirilganlikka ega zamonaviy tarmoq boshqaruvi tizimini yaratish, ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash orqali byurokratiya va korrupsiyaning turli ko‘rinishlariga qarshi kurashish kabi o‘z elektoratini o‘ylantirayotgan vazifalar ijrosiga faol hissasini qo‘shadi.

 



Yashin Dushanov
Yashin Dushanov

O‘zLiDeP Navoiy viloyat Kengashi raisi, O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi a’zosi

Rivojlangan davlatlar tajribasidan ma’lumki, jadal rivojlanib borayotgan jamiyatning yanada yuksak muvaffaqiyatlarga erishishi davlat boshqaruvini isloh qilish bilan chambarchas bog‘liq. Bugungi kunda O‘zbekistonda shiddatli ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlar amalga oshirilayotgani, mamlakatimizni modernizatsiya qilish va liberallashtirish sharoitida davlat faoliyatining mazmun-mohiyati o‘zgargani amaldagi davlat xizmati tizimini tubdan takomillashtirish, qayta ko‘rib chiqishni taqozo etmoqda. 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi maqsadlariga erishish davlat boshqaruvining mutlaqo yangi, samarali va sifatli faoliyat yurituvchi tizimini yaratishni, davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining uyg‘un faoliyatini tashkil etishni talab qiladi. O‘zbekiston Respublikasida Ma’muriy islohotlar konsepsiyasi va uni amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” tasdiqlangani bu boradagi muhim qadam bo‘ldi. Birinchi navbatda, ushbu islohotlarni amalga oshirishda tizimli yondashuv qo‘llanayotganini qayd etish joiz. Xususan, ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatining institutsional va tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirish; ijro etuvchi hokimiyat organlarining vazifalari (funksiyalari, vakolatlari)ni, ularni amalga oshirish mexanizmlari va javobgarlik sohalarini aniqlashtirish, muvofiqlashtirish va o‘zaro hamkorlik jarayonlarini takomillashtirish; iqtisodiyot tarmoqlariga ma’muriy ta’sir ko‘rsatishni yanada qisqartirish va boshqaruvning bozor mexanizmlarini kengaytirish; vertikal boshqaruv tizimi va ijro etuvchi hokimiyat organlari hamkorligining mexanizmlarini takomillashtirish; professional davlat xizmatining samarali tizimini shakllantirish, ijro etuvchi hokimiyat organlari tizimida korrupsiyaga qarshi kurashishning ta’sirchan mexanizmlarini joriy etish ko‘zda tutilmoqda. O‘zLiDeP fikricha, Ma’muriy islohotlar konsepsiyasini to‘liq ro‘yobga chiqarish ilg‘or xorij tajribasini hisobga olgan holda ijro etuvchi hokimiyat organlari va xo‘jalik boshqaruvi organlarining institutsional asoslari va ular faoliyatining prinsiplarini tubdan takomillashtirish orqali o‘tkazilayotgan islohotlarni to‘liq ro‘yobga chiqarishga hamda qo‘yilgan maqsadlarga erishishga xizmat qiladi. Bu, avvalo, ijro etuvchi hokimiyat organlari va ular rahbarlari javobgarlik sohasini aniq chegaralash, ayniqsa, joylarda ijro etuvchi hokimiyat organlarining ichki idoraviy va idoralararo o‘zaro hamkorligining ta’sirchan mexanizmlarini joriy qilishda muhim ahamiyat kasb etadi. Boshqaruv jarayoniga ishlarni rejalashtirish va tashkil etishning zamonaviy innovatsion uslublari, ilg‘or axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining joriy etilishi, shu jumladan, “Elektro hukumat” tizimining yo‘lga qo‘yilishi ham Ma’muriy islohotlar konsepsiyasining muhim natijasiga aylanadi, o‘z navbatida, bu rahbarlarning mas’uliyati va tashabbuskorligini oshiradi, hududlarni kompleksli ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha belgilangan vazifalarning o‘z vaqtida va sifatli ijro etilishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

O‘zLiDePning Facebook’dagi rasmiy sahifasi va Telegram’dagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!


  • Ko'rildi
    1277
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+