“Tadbirkor yo‘liga to‘siq bo‘lishni davlat siyosatiga xiyonat deb qabul qilish kerak”

22.12.2017, 11:04

Baxtiyor Yakubov
Baxtiyor Yakubov

O‘zLiDeP Siyosiy kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi vazifasini bajaruvchi

Prezidentimizning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 25 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimda aytgan ushbu so‘zlari O‘zLiDeP faoliyatida dasturilamaliga aylanadi.

Avvalo shuni ta’kidlash kerakki, ma’ruzani diqqat bilan tinglab, yurtimizda barcha sohalarda olib borilayotgan yangilanishlardan ko‘zlangan maqsad-muddao insonni e’zozlash va xalqqa xizmat qilish ekanligiga yana bir bor amin bo‘lish mumkin. Davlatimiz rahbari o‘z nutqida amalga oshirilayotgan eng muhim o‘zgarishlar haqida so‘z yuritib, avvalo, inson manfaatlari ustuvorligini ta’minlash, jamiyatda adolatni qaror toptirish, xalq bilan ochiq muloqotni yangi bosqichga ko‘tarish kabi dolzarb masalalar haqida asosli fikrlarni o‘rtaga tashladi.

Haqiqatan ham, Prezidentimiz tashabbusi bilan O‘zbekistonni yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakat strategiyasining hayotga tatbiq etilishi yurtimizda islohotlar izchilligi hamda bardavomligini ta’minladi. Ta’bir joiz bo‘lsa, barcha islohotlarni yangi bosqichga olib chiqdi. Bu yil barchamiz yana bir tarixiy voqeaga guvoh bo‘ldik. Konstitutsiyamizning 25 yilligini nishonlash arafasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan mamlakatimiz tarixida ilk marotaba 2 ming 700 nafar mahkumni afv etish to‘g‘risida farmon qabul qilindi. Ta’kidlash joizki, mamlakat tarixida ilk bor mazkur farmonning qabul qilinishi, Asosiy qonunimizda qayd etilganidek, O‘zbekiston insonparvar davlat qurishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘yganining amaliy isboti, yurtimizda inson hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa huquqlari oliy qadriyat sifatida tan olinishining yorqin ifodasi bo‘ldi. Ma’ruzada ko‘tarilgan har bir yo‘nalish yurtimiz, elimiz kelajagi uchun nihoyatda dolzarbligini, mamlakatmiz rahbari mamlakat Konstitutsiyasining chorak asrlik tarixida aynan shu mavzularni bejiz ko‘tarmaganini har bir yurtdoshimiz yaxshi tushinib, anglab turibdi, albatta. Ushbu ustuvor vazifalar ichida alohida urg‘u tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari bilan bog‘liq bo‘lganini ta’kidlab o‘tmoqchi edik. Haqiqatdan ham, o‘tgan qisqa davr — bir yil ichida bu borada nihoyatda katta o‘zgarishlar amalga oshirildi. Ochig‘i, buni har bir tadbirkor o‘z faoliyatida his qilayotganiga markazda va joylarda o‘tkazayotgan uchrashuvlarimizda amin bo‘lib turibmiz. Qolaversa, bu sa’y-harakatlarning amaliy natijalari bugun jahon moliyaviy institutlar rahbarlarining samimiy e’tiroflari, xalqaro reytinglarda ham aks etmoqda. O‘zbekiston aynan tadbirkorlarga yaratilayotgan sharoitlar bo‘yicha 2017 yilda jahondagi eng ilg‘or o‘nta islohotchi davlat qatoridan joy olgani mamlakatimizning bu yo‘nalishdagi harakatlari naqadar qat’iyligini butun dunyoga namoyon etdi. Ijobiy o‘zgarishlar bugun nafaqat tadbirkorlarga soliq va boshqa yo‘nalishlarda berilayotgan imtiyozlarda yoki tadbirkorlik sub’ektini ro‘yxatdan o‘tkazishu faoliyatni litsenziyalash kabi jarayonlarda yaratilayotgan yengilliklarda, balki sohadagi institutsional yangilanishlarda ham o‘z ifodasini topmoqda. Bugun aksariyat vazirliklarning faoliyati mazmun-mohiyati tubdan o‘zgartirilib, tadbirkorlikni rivojlantirish, investitsiyalar jalb qilishga yaqindan ko‘mak berish ular uchun asosiy masalalarga aylangan. Mamlakatda ishbilarmonlik muhitining rivojiga to‘siq bo‘lib kelayotgan valyuta konvertatsiyasi masalasining nihoyatda qisqa vaqtda tadbirkorlar uchun og‘riqsiz hal etilishi xorijiy ommaviy axborot vositalarida haligacha ekspertlar tahliliga mavzu bo‘lib qolmoqda. MDH davlatlari ichida birinchilardan bo‘lib mamlakat rahbari huzurida tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil institutining joriy etilishi bu borada tashlangan nihoyatda katta qadam bo‘ldi. Prezidentimiz tomonidan yurtimiz taraqqiyoti uchun belgilangan muhim yo‘nalishlar orasida tadbirkorlikning bundan keyin ham eng muhim ustuvorliklardan bo‘lib qolishi nihoyatda ahamiyatlidir. Tadbirkorlik faoliyatining erkinligi, xususiy mulk daxlsizligini amalda ta’minlash bundan buyon ham davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi bo‘lib qolishini ta’kidlar ekan, mamlakatimiz rahbari “Hech mubolag‘asiz aytish mumkinki, ana shu konstitutsiyaviy qoidaning izchil amalga oshirilishi ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyotini jadal rivojlantirish bo‘yicha olib borayotgan barcha ishlarimizning mazmun-mohiyatini belgilab beradi”, deb ta’kidladi. Bosh qomusimizda tadbirkorlik rivoji, xususiy mulk daxlsizligini ta’minlash borasidagi qoidalarning bundan keyin ham davlatimiz rahbarining bevosita e’tiborida va nazoratida bo‘lishi sohaning yanada keng quloch yoyishi uchun mustahkam asos yaratishiga hech bir shubha yo‘q. Mamlakatimiz rahbarining tadbirkorlik rivojiga bunday e’tibor qaratayotgani hamda ushbu e’tiborni amalda namoyon etayotgani bejiz emas, albatta. Bugun tadbirkorlik nafaqat iqtisodiy yuksalish omili, balki aholi bandligi, xalq farovonligining muhim shartiga ham aylangan. Ijtimoiy majburiyatlarni amalga oshirishga asosi bo‘ladigan budjetning daromad qismi aynan tadbirkorlik sub’ektlari faoliyati bilan bog‘liqligi hech kimga sir emas. Shuning o‘ziyoq tadbirkorlik jamiyatimiz hayotida qanday o‘rin tutishini yaqqol ko‘rsatib turibdi. Prezidentimiz ma’ruzalaridan birida “Tadbirkorlik – taraqqiyot lokomotivi, yurt tayanchi” degan so‘zlari zamirida juda katta ma’no yotibdi. Demak, tadbirkorlar yo‘liga g‘ov bo‘lishni Vatan ravnaqining lokomotivi, ya’ni yetaklovchi, olg‘a boshlovchi kuch oldiga to‘siq qo‘yish, ko‘zlangan marralarga erishishga to‘sqinlik qilish sifatida qabul qilish kerak bo‘ladi. Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi joylarda o‘tkazayotgan uchrashuvlarda mamlakatimiz rahbari ma’ruzalarining mazmun-mohiyatini, ayniqsa, tadbirkorlik harakati himoyasi bilan bog‘liq kuyinib bildirayotgan fikrlari, yo‘l-yo‘riqlarini atroflicha tushuntirishga alohida e’tibor qaratishi lozim. Bir so‘z bilan aytganda, Prezidentimizning “Tadbirkor yo‘liga to‘siq bo‘lishni davlat siyosatiga xiyonat deb qabul qilish kerak” deya qat’iyat bilan aytgan so‘zlari partiyamiz faoliyatida asosiy shiorga aylanadi.


  • Ko'rildi
    3013
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+