Prezidentimiz takliflari Buxoroi Sharifning sayyohlik salohiyatini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi

Farmon Aminov
Farmon Aminov

O’zLiDeP Buxoro viloyat Kengashi raisi, Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati

Prezidentimiz Buxoro viloyatiga tashrifi chog‘ida viloyat markazining tarixiy qismida turizmni yanada rivojlantirishga o‘z taklif-tavsiyalarini berdilar. Yurtboshimizning turizmni rivojlantirish borasida aytgan bu fikrlari sayyohlarning betakror tarixiy yodgorliklari, milliy hunarmandchilik an’analari bilan dunyoga mashhur bo‘lgan Buxoroi sharifga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirishi shubhasiz.

Ta’kidlash kerak, viloyatda 2018 yilda turizmni yanada rivojlantirish konsepsiyasiga muvofiq, 61 loyihani hayotga tatbiq etish ko‘zda tutilgan. Jumladan, 32 mehmonxona, 12 motel, 10 istirohat bog‘i barpo etilib, “Buxoro Palas”, “Varaxsha” va “Zarafshon” mehmonxonalari rekonstruksiya qilinadi. Bundan tashqari, turizm bo‘yicha xalqaro va milliy tashkilotlar bilan hamkorlikni kengaytirish, restoranlar qurish, sayyohlarga xizmat ko‘rsatuvchi transport vositalari xarid qilish, madaniy meros ob’ektlarini tadbirkorlarga ijaraga berish, havo sharida sayohatni tashkil qilish, G‘ijduvon, Shofirkon, Vobkent va Jondor tumanlarida qishloq turizmini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. Bu maskanlarda sayyohlar va mehmonlarga ko‘rsatiladigan xizmat sifatini yaxshilash va boshqa bir qator jihatlar bo‘yicha mahalliy vakillik organlaridagi O’zLiDeP deputatlik guruhlari deputatlik nazoratiga olinadi.

Viloyat markazida tarixiy va madaniy meros ob’ektlarini tadbirkorlarga ijaraga berish,  Buxoro bo‘ylab havo sharida sayohatlarni tashkil qilish, G‘ijduvon, Shofirkon, Vobkent va Jondor tumanlarida qishloq turizmini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilganligi ham elektoratimiz vakillari – tadbirkorlarga keng imkoniyatlar eshigini ochishi shubhasiz. Bu boradagi ustuvor loyihalar ijrosi viloyatga xorijiy va mahalliy sayyohlar oqimini sezilarli darajada ko‘paytiradi hamda tarmoqda xizmatlar eksporti hajmini oshiradi.

Shu o‘rinda Prezidentimizning Buxoro viloyatiga o‘tgan yilgi tashrifi chog‘ida viloyat markazining sayyohlik infratuzilmasini yanada rivojlantirish maqsadida berilgan topshiriqlar bosqichma-bosqich bajarilayotganini ta’kidlash kerak. Shaharning tarixiy qismida hunarmandlar mavzesini qurish, Haqiqat va Xo‘janurobod ko‘chalarini kengaytirib, saylgohga aylantirish, Poyikalon va Mirarab madrasalarini qayta ta’mirlash bo‘yicha berilgan topshiriqlar shular jumlasidandir.

Bir so‘z bilan aytganda, Prezidentimizning viloyatimizda tashrifi davomida aytgan fikr-mulohazalari xalqimiz turmush farovonligini oshirish, el-yurt ma’murchiligiga erishish, qo‘hna va hamisha navqiron Buxoroi Sharifning obro‘-e’tiborini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.  


  • Ko'rildi
    1446
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+