O‘zbekiston – AQSh: strategik hamkorlik yo‘lida

19.05.2018, 12:19

“O‘zbekistonning yangi qiyofasi” – aynan ushbu sarlavha keyingi ikki yil davomida mamlakatimizda kechayotgan yangilanish jarayonlariga, amalga oshirilayotgan islohotlarga jahon hamjamiyati hamda yetakchi xorijiy davlatlar rahbarlarining e’tirofini o‘zida to‘liq aks ettirmoqda.

Darhaqiqat, o‘tgan qisqa vaqt davomida jamiyatimiz hayotining barcha sohalarida amalga oshirilgan tub o‘zgarishlar mamlakatimizning yangi qiyofasini yaratib, xalqaro maydonda O‘zbekistonning nufuzi va salohiyatini yanada oshirdi. Amalga oshirilayotgan islohotlarning dastlabki natijalari, mintaqamizda o‘zaro ishonch va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarining mustahkamlanishi, jahondagi rivojlangan davlatlarning mamlakatimizga bo‘lgan qiziqishi va hayrihohligini oshishiga sabab bo‘ldi.

Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Donald Trampning taklifiga binoan mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning ushbu davlatga amalga oshirgan rasmiy tashrifi davomida o‘tkazilgan oliy darajadagi uchrashuvlar, erishilgan kelishuv va imzolangan bitimlar O‘zbekistonning xalqaro maydonda nufuzli va ishonchli hamkor ekanligini yaqqol ko‘rsatdi.

Shuni alohida ta’kidlash lozimki, AQSh yetakchisi O‘zbekistonning Markaziy Osiyoni yanada rivojlantirish va mintaqada yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlashga qaratilgan ochiq va konstruktiv tashqi siyosatini qo‘llab quvvatlashini bildirganligi muhim ahamiyat kasb etdi.

Davlatimiz rahbari Amerika Qo‘shma Shtatlari O‘zbekistonning mustaqilligini doimo qo‘lab-quvvatlab kelganligini, mamlakatimiz AQSh bilan munosabatlarini yanada kengaytirish, har tomonlama hamkorlikni rivojlantirish va mustahkamlash tarafdori ekanligini ta’kidlab o‘tdi.

Oliy darajadagi muzokaralarda O‘zbekiston – AQSh hamkorligining istiqbollari, siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy-gumanitar sohalardagi aloqalarni kengaytirish masalalari muhokama qilinganligi, ikki davlat vazirliklari va idoralari o‘rtasida uzoq muddatli va keng qamrovli hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan ko‘plab xujjatlarning imzolanganligi ushbu tashrifning amaliy ahamiyatini yanada oshirdi.

Tashrif doirasida O‘zbekiston va AQSh kompaniyalari o‘rtasida tuzilgan 20 dan ortiq yirik shartnomalarni amalga oshirilishi natijasida 5 mlrd dollarga yaqin investitsiyalarni mamlakatimiz iqtisodiyotiga jalb etilishi nazarda tutildi. Shuningdek, ikki davlat rahbarlari ta’lim, fan, madaniyat, turizm va sport sohalarida ikki tomonlama aloqalarni yanada kengaytirish bo‘yicha o‘zaro fikr almashdilar.

Markaziy Osiyo mintaqasida xavfsizlikni ta’minlash, Afg‘onistondagi vaziyatni barqarorlashtirish, xalqaro terrorizm va ekstremizmga qarshi birgalikda kurashish masalalari oliy darajadagi muzokaralarning diqqat markazida bo‘ldi.

O‘zbekiston bilan Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘rtasidagi strategik sheriklikni yanada mustahkamlash, ayniqsa xalqaro maydonda va mintaqada xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash masalalarida ikki davlat rahbarlari qarashlari va yondashuvlarining o‘xshashligi mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ko‘p tomonlama munosabatlarni izchil rivojlantirish uchun mustahkam zamin bo‘lib xizmat qilmoqda.

Muzokaralar davomida tomonlar oliy darajadagi muloqotlarni izchil davom ettirishga, iqtisodiyot, energetika, yuqori texnologiyalar, turizm, qishloq xo‘jaligi va sog‘liqni saqlash kabi sohalarda hamkorlikni yanada faollashtirishga, o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirishga hamda gumanitar aloqalarni kengaytirishga kelishib olinganligi ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklikni mustahkamlashda muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.

“O‘zbekiston va Amerika Qo‘shma Shtatlari: strategik sheriklik yangi davrining boshlanishi” deb nomlangan Qo‘shma bayonotni imzolanishi mazkur tarixiy tashrifning siyosiy ahamiyatini oshirib, ikki davlat o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli aloqalarni yanada rivojlantirishga va mamlakatimizning xalqaro maydonda munosib o‘rin egallashiga xizmat qiladi.


  • Ko'rildi
    1148
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+