Notariat tizimidagi mavjud to‘siq va g‘ovlar tizimli bartaraf etiladi

Sir emas notariat instituti jismoniy va yuridik shaxslarning konstitutsiyaviy huquqlari bo‘yicha malakali yuridik yordam olish, huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, huquqiy nizolarning oldini olish, shuningdek, huquqiy munosabatlarni ishonchli va tinch yo‘l bilan hal etilishini ta’minlovchi muhim institut hisoblanadi. Bu Notarial idoralarning o‘ziga xos bo‘lgan, boshqa huquqni muhofaza qi­luvchi idoralardan farq qiluvchi ji­hat­laridan biridir.

Umuman olganda ushbu institut bevosita aholi bilan ishlaydigan tuzilma. Zero barchamiz shart­noma va bitimlar tuzishda, oldi-sotdi ishlarini amalga oshirishda, meros va boshqa shunga o‘xshash hujjatlarni rasmiylashtirish jarayonida albatta notarial idoralarga murojaat qilamiz. Shunday ekan ushbu institut ishlash tizimi xalqqa yaqin va zamon bilan hamnafas bo‘lishi lozim.

Shu ma’noda davlatimiz rahbarining shu yil 25 may kuni qabul qilingan “Nizolarning oldini olishga qaratilgan institut sifatida notariat tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori sohani yanada takomillashtirish, uni zamon talabiga moslashtirishga qaratilgan desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.

Avvalo mazkur qaror Harakatlar strategiyasiga muvofiq hamda jismoniy va yuridik shaxslarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishda notariat institutining roli va ahamiyatini oshirish, shuningdek, aholiga ko‘rsatilayotgan notarial xizmatlarning sifatini yaxshilash, ortiqcha sansalorlikni bartaraf etish maqsadida qabul qilinganini ta’kidlash joiz.

Qaror bilan kiritilayotgan muhim voqeliklardan biri 2019 yilning 1 yanvaridan boshlab ijara shartnomalarini davlat soliq xizmati organlarida majburiy hisobga qo‘yish tartibini o‘rnatish orqali ko‘chmas mulkni ijaraga berish va tekin foydalanish shartnomalarini majburiy notarial tasdiqlash bo‘yicha talab bekor qilinayotgandir. Belgilangan muddatdan boshlab, ko‘chmas mulk bilan bog‘liq bitimlarni notarial tasdiqlash faqat “Davlat belgisi” davlat ishlab chiqarish birlashmasi tomonidan tayyorlanadigan, himoya darajasiga, seriyaga, tartib raqamiga va hududiy kodga ega bo‘lgan qat’iy hisobot beriladigan gerbli (maxsus) blankalarda amalga oshiriladi.

Qaror bilan kiritilgan yangiliklardan yana biri notarial harakatlarni amalga oshirish uchun murojaat qilgan shaxslarning shaxsini aniqlash barmoq izlarini skaner qilish va ularni pasportdagi biometrik ma’lumotlar bilan solishtirish orqali, qolaversa, murojaat etuvchilarning notarial harakatlar bajarganligini tasdiqlash notarial tasdiqlanayotgan hujjatlarga ular tomonidan imzo qo‘yish va maxsus moslamalarda ularning barmoq izlarini skaner qilish yo‘li bilan amalga oshiriladi. 

Qarorda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tijorat banklari bilan birgalikda bir oy muddatda barcha notarial idoralarni ularda belgilangan ish vaqtiga muvofiq faoliyat ko‘rsatuvchi maxsus kassalar, shuningdek, maxsus kassalarni bank plastik kartochkalaridan to‘lovni qabul qilish bo‘yicha hisob terminallari bilan ta’minlash choralarini ko‘rish qat’iy belgilandi. Bu esa ilgari mavjud bo‘lgan muammolarni tizimli bartaraf etib, tadbirkorlik sub’ektlari va xalqimizga qo‘shimcha qulaylik yaratadi.

O‘z navbatida notariat institutiga qaratilayotgan e’tibor jismoniy va yuridik shaxslar o‘rtasida tuziladigan har qanday bitim va shartnomaning qonuniy asoslarga ega bo‘lishiga, yuridik jihatdan mustahkamlanishiga, shuningdek, mamlakatimizda inson huquq va manfaatlari muhofazasini yanada kuchaytirishga qaratilgan mazkur qaror mazmun-mohiyatini xalqimizga atroflicha tushuntirish asosiy vazifalarimizdan biridir.


  • Ko'rildi
    1249
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+