Ilm-fan yutuqlarisiz innovatsion taraqqiyotga erishib bo‘lmaydi

09.06.2018, 12:56

Baxtiyor Xo'jayorov
Baxtiyor Xo'jayorov

O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi a’zosi, Samarqand davlat universiteti professori

Prezidentimizning “Oliy ta’lim muassasalarida ta’lim sifatini oshirish va ularning mamlakatda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarda faol ishtirokini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Albatta, mazkur qaror bilan 2017-2021 yillarga mo‘ljallangan Harakatlar strategiyasida belgilangan ustuvor vazifalar ijrosidan kelib chiqib, oliy ta’lim tizimida chuqur va puxta o‘ylangan yangicha yondashuvlar joriy etilmoqda. Xususan, alohida ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha o‘qish muddati kamida uch yil bo‘lgan bakalavriat hamda kamida bir yil bo‘lgan magistraturani joriy etish, baholash tizimi va mezonlarini uzluksiz ta’lim tizimining bosqichlariga muvofiqlashtirish, talabalarning murojaatlarini ko‘rib chiqish, ularning pedagog kadrlar haqidagi fikrini to‘liq o‘rganish maqsadida ijtimoiy so‘rovlar o‘tkazish, O‘zbekiston va xorijiy oliy ta’lim muassasalarining o‘zaro kelishuvi hamda qo‘shma ta’lim dasturlari asosida talabalarni o‘qitishni tashkil etish va ikki tomonlama tan olinadigan diplom berish amaliyoti joriy etilayotgani Oliy ta’lim muassasalarida ta’lim sifatini tubdan takomillashtirish hamda uni dunyo standartlariga moslashtirishga xizmat qiladi.

Qarorning O‘zLiDeP dasturiy maqsad vazifalariga hamohang bo‘lgan muhim jihatlaridan biri shundaki, unda mamlakatda faol tadbirkorlikni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish, innovatsion g‘oya va texnologiyalarni hayotga tadbiq etish maqsadida fan va innovatsion faoliyat jadal rivojlanishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Qarorda bu borada amalga oshirilish lozim bo‘lgan vazifalar aniq ko‘rsatilgan. Ya’ni endilikda professor-o‘qituvchilar, yosh olimlar va talabalarning innovatsion texnologiyalarni yaratish borasidagi tashabbuskorligini oshirishga qartilgan aniq chora-tadbirlarni ishlab chiqish, shuningdek, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohalar tashkilotlari rahbarlari, yetakchi mutaxassislari, faol tadbirkorlar bilan dolzarb masalalarda seminar va davra suhbatlarini doimiy ravishda o‘tkazib borish, ularning faoliyatida yuzaga kelayotgan muammolarning yechimiga qaratilgan ilmiy-amaliy izlanishlarni o‘tkazish qat’iy belgilandi.

Bu amalda ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasini zamon talabi darajasida rivojlantirishga olib keladi. Qolaversa, yosh olimlarning ilmiy ishlanmalari, ixtirolarini ishlab chiqarishga joriy etishni aniq mexanizm asosida amalga oshirishni ta’minlaydi.

Alohida aytish kerakki, innovatsion iqtisodiyot aslida bilimlar iqtisodiyotidir. Shu ma’noda qarorga binoan oliy ta’lim tizimi va iqtisodiyot tarmoqlari hamda faol tadbirkorlar o‘rtasida mustahkam, ishonchli aloqani samarali yo‘lga qo‘yish masalasiga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. Zero, innovatsiyalar modernizatsiyaning bosh omilidir. XXI asrda jamiyatning iqtisodiy taraqqiyoti asosan innovatsiyalar asosida ta’minlanadi. Bugun barchaga ayon bo‘lishi kerakki, kim texnologiyalarga ega bo‘lsa, u raqobat kurashida g‘olib bo‘ladi. Tabiiyki, O‘zLiDeP yuqori texnologiyalarni o‘zlashtirish zonalarini yaratish orqali iqtisodiyotning innovatsion turiga o‘tish uchun asoslarni shakllantirish, fan va ishlab chiqarish integratsiyasini, ilmiy-tadqiqot va innovatsion ishlarni rag‘batlantirishni davom ettirish tarafdoridir. 

Umuman olganda mazkur qaror ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini yanada chuqurlashtirish, ilmiy-texnik salohiyatdan samarali foydalanish, mamlakatimiz ilm-fanining ilg‘or yutuqlari va istiqbolli ilmiy texnologiyalarni ishlab chiqarishga tatbiq etish, pirovardida O‘zbekistonda iqtisodiyotning innovatsion rivojlanishiga xizmat qiladi.  


  • Ko'rildi
    1335
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+