Farg‘ona: istiqbolli rejalarning amaliy natijasi

29.06.2018, 11:06

 Rahmatullo Kamolov
Rahmatullo Kamolov

O‘zLiDeP Farg‘ona viloyat Kengashi raisi

Xabaringiz bor, bugun davlatimiz rahbari joylarda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari, yangi loyihalar bilan tanishish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida Farg‘ona viloyatiga tashrif buyurdi.

Eslatib o‘tish joiz, bundan roppa-rosa bir yil avval Prezidentimiz mazkur viloyatga tashrif buyurib, mutasaddilarga qurilish-bunyodkorlik ishlarini keng ko‘lamda davom ettirish, turizm, sanoat, qishloq xo‘jaligi, xizmat ko‘rsatish va servis sohalarini jadal rivojlantirish, aholi uchun munosib turmush sharoiti yaratish yuzasidan tegishli topshiriqlar bergan edi. Ta’kidlash joizki, o‘tgan bir yil mobaynida mazkur topshiriqlar ijrosi doirasida ulkan ishlar amalga oshirildi. Viloyatda yangi sanoat korxonalari, tadbirkorlik sub’ektlari tashkil etildi. Mahsulot ishlab chiqarish va eksport hajmi oshdi. Zamonaviy uy-joylar, infratuzilma ob’ektlari bunyod etildi.

Bilamiz, Farg‘ona tadbirkorlik sohasida o‘ziga xos maktab yaratgan viloyatlardan sanaladi. Aynan shu sohada ro‘y bergan o‘zgarishlar ushbu qatlam manfaatlarini ifoda etib kelayotgan O‘zLiDeP uchun g‘oyat muhim ahamiyat kasb etadi.

Agar raqamlarga murojaat qiladigan bo‘lsak, viloyat iqtisodiy salohiyatini yanada oshirish, xorijiy investitsiyalarni jalb etish borasida aniq chora-tadbirlar belgilab olingan. 2018 yilgi mintaqaviy investitsiya dasturi doirasida 285 loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan bo‘lib, bugunga qadar 35 loyiha hayotga tadbiq etildi. Ayni paytda viloyatda 212 qo‘shma korxona faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘lib, joriy yilning o‘tgan davrida 45 ta xorijiy sarmoya ishtirokidagi korxona ro‘yxatga olingan.

Viloyatda 2018 yil uchun hududiy tasarrufdagi xo‘jalik sub’ektlariga jami 189 million dollarlik eksport prognozi belgilangan bo‘lib, shundan 38 million dollari sanoat va 151 million dollari meva-sabzavot mahsulotlari hisobiga to‘g‘ri keladi. Bu tadbirkorlar uchun eksportga keng yo‘l ochilganidan dalolat beradi albatta.

Barcha sohalarda ushbu fakt va raqamlarni  uzoq davom ettirish mumkin. Lekin, bir narsa aniqki, Shavkat Mirziyoyevning saylovoldi dasturida mamlakatimizning har bir hududini rivojlantirish, iqtisodiyotni modernizatsiya va diversifikatsiya qilish, ulkan bunyodkorlik ishlarini amalga oshirish, aholi hayot darajasini yuksaltirish borasida aniq reja va maqsadlar bayon etilgan edi. Bugun ushbu istiqbolli rejalar joylarda o‘zining amaliy tasdig‘ini topayotganini barchamiz birdek his etib turibmiz.


  • Ko'rildi
    1155
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+