Faoliyatimiz dasturilamali

29.06.2018, 17:03

Toir Salimov
Toir Salimov

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasining ijrochi kotibi

Yoshlar har bir mamlakatning ertangi kuni, jamiyatda o‘zgarishlarga sabab bo‘ladigan, bunyodkorlik g‘oyalarini hayotga tatbiq etuvchi muhim kuch, salohiyatli resurs hisoblanadi. Albatta, yoshlarni ijtimoiy, ma’naviy va moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, huquq hamda majburiyatlarini to‘laqonli ro‘yobga chiqarishga ko‘maklashish, jamiyatda munosib o‘rin egallashlariga qulay sharoit yaratish orqali ularni yurt taqdiri va kelajagini hal qiluvchi katta kuchga aylantirish mumkin.

Prezidentimiz farmoniga ko‘ra qabul qilingan “Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturi ana shu ishlarni yangicha, zamonaviy yondashuvlar asosida tashkil etishga qaratilgan. Mazkur hayotiy farmonning mohiyatida mamlakatimizda yoshlarga e’tibor nafaqat moddiy va ma’naviy taraflama balki, ularning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, huquq va manfaatlarini himoya qilish masalalari ham mujassam, desak xato bo‘lmaydi.

Ta’kidlash joiz, dastur yoshlar tadbirkorligini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, yoshlarni biznes bilan shug‘ullanishga faol jalb qilish uchun shart-sharoitlar yaratish, ish o‘rinlari yaratish va yoshlar bandligini ta’minlash maqsadida, shuningdek, 2017-2021 yillarga mo‘ljallangan Harakatlar strategiyasining vazifalariga muvofiq ishlab chiqildi.

O‘z-o‘zidan ma’lum partiya uchun yangi ish o‘rinlarini yaratish, ishsizlikka qarshi kurashish, avvalambor, yoshlarni ish bilan ta’minlash nihoyatda zarur va kechiktirib bo‘lmaydigan vazifadir. Bu masalani yechishning asosiy yo‘nalishlari sifatida partiya investitsion muhitni yaxshilash orqali sanoatning ko‘p mehnat talab qilinadigan qayta ishlovchi tarmoqlariga investitsiyalar kiritish, aholining tadbirkorlik faoliyatini rag‘batlantirish, ijtimoiy ahamiyatga ega sohalarda mehnatga bo‘lgan iqtisodiy manfaatdorlikni oshirish, o‘zgaruvchan bozor kon’yukturasiga moslashtirilgan malaka oshirish va professional kadrlar tayyorlash tizimini yaratish, shuningdek qo‘shimcha ta’lim olish va kasb o‘rganish sohasini tubdan yaxshilash kerak, deb hisoblaydi.

O‘zLiDeP “Yoshlar qanoti” Yurtboshimiz farmoni bilan tasdiqlangan “Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturida yosh tadbirkorlarga imtiyozli shartlarda binolar, ofis texnikasi va sarflash materiallarini ijaraga berish, ularni internet bilan ta’minlash, shuningdek, yoshlarning biznes tashabbuslari, startaplari, g‘oyalari va loyihalarini amalga oshirishga boshqacha ko‘mak berish, jumladan, biznes rejalar ishlab chiqish, maslahat, yuridik, buxgalteriya va boshqa xizmat turlarini ko‘rsatish, forumlar, master-klasslar va seminarlar tashkil etish uchun “Yosh tadbirkorlar” kovorking-markazlarini hamda savdo-maishiy va kichik ishlab chiqarish maydonlarini tashkil etish uchun mehnat kuchi haddan ziyod bo‘lgan tumanlarda “Yoshlar mehnat guzari” komplekslarini qurish tashabbusini alohida e’tirof etadi.

Biz ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatlagan holda amaliy ishlar bilan unga qo‘shimcha kuch bag‘ishlashga intilamiz. Xususan, “Sen ham faol yoshlar safidasan!” loyihamizni dasturdan kelib chiqib yanada kuchaytirish bo‘yicha aniq vazifalarni belgilab olayapmiz.

Aytish joizki, ushbu loyihaning maqsadi Prezidentimizning Oliy Majlis palatalari, siyosiy partiyalar hamda O‘zbekiston Ekologik harakati vakillari bilan bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishidagi ma’ruzasida belgilangan ustuvor yo‘nalishlarni amalga oshirish, har bir hudud, mahalla kesimida turli sabablarga ko‘ra chet elga chiqib ketgan, diniy oqimlarga qo‘shilgan, shuningdek, o‘qimaydigan, tayin bir mashg‘ulotga ega bo‘lmagan uyushmagan yoshlar doirasini aniqlash, ularning ota-onalari bilan uchrashuvlar tashkil etish, yoshlarning har biri bo‘yicha tegishlicha ularni O‘zbekistonga qaytarish, diniy oqimlar ta’siridan saqlash, ishga joylashtirish yuzasidan aniq chora-tadbirlarni belgilash hamda ularning ijrosi deputatlik guruhlari tomonidan doimiy ravishda nazorat qilinishini ta’minlashdan iborat. Hozirda joylarda loyiha doirasida o‘tkazilayotgan tadbirlar ana shu maqsadlarga xizmat qilayapti.

Qolaversa, izlanuvchan, tashabbuskor yoshlarimiz safini kengaytirish, ularni yagona maqsad atrofida birlashtirish, partiyamiz saflarida o‘rnini mustahkamlash maqsadida tashkil etilgan “Yosh liberallar” klubi faoliyatini hozirgidanda kuchaytiramiz. Ta’kidlash joiz, klub qoshida “Yosh tadbirkorlar muammolarini o‘rganish”, “Kelajak deputatlari” guruhlari ham ish olib bormoqda. Ayni paytda mazkur guruhlar orqali faol va uyushmagan yoshlarga yaqindan ko‘mak berilmoqda.

Bir so‘z bilan aytganda, Prezidentimiz farmoni bilan tasdiqlangan dasturda bu borada oldimizga yangi-yangi vazifalar qo‘yildi. Ularni amalga oshirish faoliyatimiz dasturilamaliga aylanmog‘i lozim.


  • Ko'rildi
    1811
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Bildirilgan fikrlar

Ulugbek2018-07-02 23:58:12

Assalom alaykum men Mstaqil O'zbekiston Respublikasiga yuksalish uchun O‘zLiDeP o'z fikrlarini bildirish maqsadida rasmiy sahifangizni a'zo bo'lmoqchiman


Олим Норжигитов, Жиззах вилояти2018-06-29 22:40:06

Биз Президентимиз Фармони билан тасдикланган "Yoshlar - kelajagimiz" Давлат дастурини самарали амалга оширилишида фаоллик курсатамиз. Лойихаларимизни дастурдан келиб чикиб янада кучайтирамиз. Мазкур дастурнинг сифатли бажарилиши учун шижоат билан мехнат киламиз.


Fikringizni qoldiring

+