Prezidentimizning “Obod qishloq” dasturi O‘zLiDeP faollari oldida ham katta mas’uliyat yuklaydi

30.03.2018, 09:56

Prezidentimizning “Obod qishloq” dasturi O‘zLiDeP faollari oldida ham katta mas’uliyat yuklaydi

Kuni kecha e’lon qilingan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Obod qishloq” dasturi to‘g‘risida"gi Farmoni va “Obod qishloq” dasturini 2018 yilda amalga oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori eng avvalo, olis qishloq va mahallalarimizning qiyofasini zamonaviylashtirishga, qishloq aholisi turmush tarzini yanada yaxshilash, aholi uchun ish joylarini yaratishga qaratilganligi bilan ham ahamiyatlidir.

Shu o‘rinda, respublikamiz aholisining salkam yarmisi qishloq hududlarda yashab kelayotganligi hamda ularning fidokorona mehnati, dehqon, fermer, chorvador va mirishkorlarning sa’y-harakatlari natijasida dasturxonimiz mo‘l-ko‘l bo‘layotganini alohida ta’kidlab o‘tishimiz lozim.

Prezidentimiz tashabbusi bilan ishlab chiqilgan “Obod qishloq” dasturi doirasida obodonlashtirish ishlari boshlab yuborilgan ilk manzil – Jizzax viloyati Do‘stlik tumanidagi ­“Manas” QFY bugun chinakamiga obod qishloqqa aylanayotgani olis va chekka hududlarda yashayotgan yurtdoshlarimiz hayotida chin ma’noda yangi sahifa ochayotgani fikrimizning yaqqol ifodasidir.

“Obod qishloq” dasturi doirasida obodonlashtirish ishlarida O‘zLiDeP Jizzax viloyat Kengashi Manasdagi obodonlashtirish ishlarida o‘z hissalarini qo‘shdi. O‘zLiDeP Jizzax viloyat Kengashi va Xalq deputatlari viloyat Kengashidagi partiya deputatlik guruhi a’zolari, “Yoshlar qanoti” faollari, tadbirkorlar ushbu xayrli ishlarda  uyma-uy yurib, har bir xonadon egalari bilan dildan suhbat qilishdi. Muloqotlar davomida fuqarolarning ijtimoiy ahvoli, yashash sharoitlari o‘rganilib, bo‘sh turgan tomorqalardan daromad olish yo‘llari borasida tushunchalar berildi. Tajribali mirishkorlar jalb qilingan holda sabzavot va poliz ekinlarini ekishda yaqindan ko‘maklashildi.

Loyiha doirasida ishsiz fuqarolar ish bilan ta’minlandi. Iqtisodiy nochor oilalarga esa qoramol, qo‘y, parranda homiylik asosida olib berildi. Targ‘ibot tadbirlarida deputatlar va partiya faollari tomonidan oilalarga oziq-ovqat mahsulotlari tarqatildi.

O‘zLiDeP Jizzax viloyat Kengashi nafaqat Do‘stlik tumanidagi Manas qishlog‘ida, balki viloyatning boshqa hududlarida ham “Har bir inson baxtli yashashga haqli” shiori ostida amalga oshirilayotgan “Obod qishloq” dasturi doirasidagi ishlarda ham faol ishtirok etishni o‘z oldiga  maqsad qilgan.

Sherzod MAMATQULOV,

 O‘zLiDeP Jizzax viloyat Kengashi

raisining birinchi o‘rinbosari - apparat rahbari

***

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Obod qishloq” dasturi to‘g‘risida"gi Farmoni va “Obod qishloq” dasturini 2018 yilda amalga oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori joriy yilda amalga oshiriladigan qurilish va obodonlashtirish ishlarini yuqori bosqichga ko‘tarishga xizmat qiladi. Davlatimiz rahbarining mazkur hujjatlari ijrosi zamirida qishloqlarning me’moriy qiyofasini tubdan yangilash, hududlarni kompleks rivojlantirish, yo‘l-transport infratuzilmasi, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari va ijtimoiy soha ob’ektlarini barpo etish hamda shu asosda aholining turmush madaniyatini yuksaltirish maqsadlari mujassam.

Ushbu qaror doirasida me’yoriy dasturning ishlab chiqilgani va hayotga tizimli tatbiq etilishi mahallalarni obodonlashtirish va bunyodkorlik ishlarini amalga oshirish, bu boradagi qadriyatlarimizni izchil davom ettirgan holda, barcha hududlarda keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlarini bajarish orqali qishloq aholisi uchun munosib sharoitlar yaratish va ularning turmush madaniyatini yanada yuksaltirish, eng asosiysi, yoshlarni xayrli ishlarga da’vat etish islohotlarini jadallashtiradi. Ushbu hujjatlarda belgilab berilgan vazifalar ijrosida O‘zLiDeP faollari ham astoydil harakat qiladi, o‘z hissalarini qo‘shadi.

Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan “Obod qishloq” dasturi doirasida O‘zLiDeP Andijon viloyat Kengashi tomonidan ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Partiya viloyat Kengashi ayni vaqtda Shahrixon tumani, O‘rta Shahrixon qishlog‘idagi “Shokirvoy” mahallasida uy-joylarning ichki hamda tashqi qiyofalarini o‘zgartirish, yo‘llarni ta’mirlash, yo‘l chetlari, bog‘u xiyobonlarga mevali hamda manzarali daraxtlar, gul ko‘chatlari o‘tkazish va ko‘kalamzorlashtirish, xotin-qizlarning ijtimoiy muammolarini hal qilishga ko‘maklashish, shaxsiy tomorqadan unumli foydalanish uchun mikrokreditlar ajratish, qo‘shimcha daromad manbaini yaratish uchun amaliy ishlar olib borilmoqda.

Dastlab O‘zLiDeP Andijon viloyat Kengashi mutasaddilaridan tuzilgan ishchi guruh mahallada mavjud 574 ta xonadonning shaxsiy tomorqalari, shart-sharoitlari, turmush tarzini atroflicha o‘rgandi. O‘rganish davomida qishloq aholisi ichki yo‘llarni shag‘allashtirish, ko‘chalarni obodonlashtirish, vaqtincha ishsiz yoshlar bandligini ta’minlash, xotin-qizlar uchun bepul tibbiy ko‘rik tashkil qilish kabi qator muammolar borligi aniqlandi.

Hududdagi 25- maktabgacha ta’lim muassasasining qoniqarsiz holati partiya mas’ullarining e’tiborini tortdi. Ta’mirtalab, bugungi kun talablariga javob bermasligi yo‘nalishdagi chora-tadbirlarni belgilab berdi. Ayni kunda bog‘chada ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Maktabgacha ta’lim muassasasi 1962 yilda tashkil qilingan bo‘lib, shu kungacha ushbu muassasa ichimlik suvi bilan ta’minlanmaganligi ishchi guruhning dastlabki e’tiboridagi masala bo‘ldi. Partiya faollari tashabbusi bilan tuman “Suvoqava” bo‘limi hamkorligida zaruriy amaliy ishlar qilinib, juda oz fursatda bog‘cha toza ichimlik suvi bilan ta’minlandi. Maxsus suv minorasi-qurilmasi ishga tushgach, muassasa mutasaddilarining ilk muammosi hal etildi. Ayni kunda MTMda yo‘laklarga asfalt yotqizish, devorlarini qayta ko‘tarish, xonalarni zamonaviy ta’mirlash, oshxona, tibbiyot xonasini yangi zamon talablari asosida jihozlash ishlari jadallik bilan olib borilmoqda.

Qishloqdagi xotin-qizlar uchun OzLiDeP Andijon viloyat Kengashi “Ayollar qanoti” tomonidan tashkil qilingan chuqurlashtirilgan bepul tibbiy ko‘rik, “Yoshlar qanoti” tashabbusi bilan o‘tkazilgan “Sen ham faol yoshlar safidasan!” shiori ostida vaqtincha ishsiz, diniy oqimlarga adashib kirib qolgan, xorijga chiqib ketayotgan yoshlar uchun tashkillashtirilgan “Bo‘sh ish o‘rinlari” yarmarkasi, “Tomorqa-qo‘shimcha daromad manbai” mavzusida xonadonlarda o‘tkazilgan seminar-treninglar ham ayni kuni kecha qabul qilingan Prezidentimiz hujjatlarida belgilangan vazifalar ijrosi bilan hamohangdir.

Tohirjon TOLIPOV,

 OzLiDeP Andijon viloyat Kengashi raisi,

Xalq deputatlari Andijon viloyat kengashi deputati

O‘zLiDePning Facebook va Instagramdagi rasmiy sahifasi hamda Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    2083
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Ro'yhatga o'tish

Fikringizni qoldiring

+