Tizimni tubdan takomillashtirish tarafdorimiz

13.04.2018, 16:27

Tizimni tubdan takomillashtirish tarafdorimiz

Prezidentimizning “O‘zbekiston Respublikasi davlat bojxona xizmati organlari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni tizimni tubdan takomillashtirishga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir.  

Xo‘sh, qanday ijtimoiy zarurat mazkur farmonni qabul qilishga undadi? Ta’kidlash joizki, amaldagi bojxona tizimining tanqidiy tahlili, bojxona xizmati faoliyatini chuqur o‘rganish bir qator muammolarning mavjudligini, foydalanilmayotgan imkoniyatlarning borligini, bu boradagi vazifalar to‘liq qamrab olinmaganini, bojxona nazoratini tashkil qilish mexanizmlarining mukammal emasligini ko‘rsatdi. Xususan, bojxona nazorati va rasmiylashtiruvining murakkab tartib-taomillari va uzoq muddatlari, bojxona organlari xodimlari o‘rtasidagi korrupsiyaviy huquqbuzarlik va xizmat vakolatlarini suiiste’mol qilish holatlarining saqlanib qolayotganligi islohotlarning to‘liq amalga oshirilishiga to‘sqinlik qilayotganligi ma’lum bo‘ldi.

Shundan kelib chiqqan holda umume’tirof etilgan xalqaro norma va standartlar asosida bojxona organlari faoliyatini hamda bojxona ma’muriyatchiligini tubdan takomillashtirish, tadbirkorlik va turizmni faol va jadal rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida mazkur farmon qabul qilindi.

Tabiiyki, davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan ushbu amaliy tashabbusni O‘zLiDeP to‘la qo‘llab-quvvatlaydi. Chunki, samarali bojxona siyosati yuritmasdan mamlakatimiz iqtisodiy salohiyatini yuksaltirish, tashqi iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, xorijiy sheriklar bilan hamkorlikni yanada mustahkamlash, eng asosiysi farmonda alohida qayd etilgan iqtisodiy turizm va tadbirkorlikni rivojlantirishni tasavvur qilish mushkul.

Shu bois, farmonning partiyamiz va uning ko‘p ming sonli elektorati uchun ahamiyati yuqori. Gap shundaki, unda tadbirkorlar uchun juda katta qulaylik va imtiyozlar berilmoqda. Xususan, bojxona nazoratini amalga oshirishning zamonaviy shakllari, uslublari va texnik vositalarini tatbiq etish hisobiga Davlat chegara o‘tkazish punktlarida bojxona tartib-taomillarini amalga oshirishning davomiyligini qisqartirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi. Qolaversa, 2018 yil 1 iyuldan boshlab tovarlarni bojxona rejimlariga joylashtirishda, shuningdek, xorijiy avtotashuvchilarning O‘zbekiston Respublikasi hududi bo‘ylab harakatlanish marshrutlarini o‘zgartirishga bojxona organlari tomonidan beriladigan ruxsatnomalar bekor qilinmoqda. Shuningdek, endilikda tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari bojxona brokerlariga murojaat qilmasdan bojxona yuk deklaratsiyalarini Internet tarmog‘i orqali real vaqt rejimida to‘ldirish va bojxona organlariga taqdim etish huquqiga ega bo‘lmoqdalar.

Eng e’tiborlisi, bojxona organlari tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarning to‘g‘riligi va ularning tashqi savdo faoliyati qonuniyligini tekshirish maqsadida tovarlar va transport vositalari erkin muomalaga chiqarilgandan so‘ng ularning bojxona nazoratini amalga oshiradi.

Ko‘rinib turganidek, bu bilan tadbirkorlarni shu kungacha o‘ylantirib kelgan katta muammo o‘z yechimini topdi. Ya’ni ilgari chetdan import tovarlari olib kirgan tadbirkorlarning mahsulotlari bojxona omborxonalarida hujjatlar rasmiylashtirilgunga qadar ushlab turilar, shu davr oralig‘ida tadbirkor bojxona to‘lovlarini to‘lashi, hujjatlarni rasmiylashtirish uchun yugur-yugurlar bilan ovora bo‘lgan. Barcha ish hal bo‘lgandan keyingina bojxona omborxonasidan yuklarni olib chiqishga ruxsat berilar edi. Bu birinchidan tadbirkorning vaqtini olsa, ikkinchidan ortiqcha xarajatni yuzaga keltirayotgan edi. Endilikda farmon bilan ushbu amaliyotga chek qo‘yildi va tadbirkorlar bojxona yuk deklaratsiyalarini Internet tarmog‘i orqali real vaqt rejimida oldindan to‘ldirib mahsulotlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘z omborxonasiga tushirishlari belgilanmoqda. E’tiborlisi, farmonda bu boradagi tizimni yanada takomillashtirish, qonunchilikka zarur o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha tegishli vazirlik va idoralarga muhim topshiriqlar berildi.

Farmonning yana bir ahamiyatli jihati shundaki, O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi, Tashqi savdo vazirligi, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda 2018 yil 1 noyabrga qadar Bojxona kodeksining yangi tahrirdagi loyihasini ishlab chiqishi lozim. Bunda bojxona qonunchiligini liberallashtirish, bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish va shaffofligini ta’minlash, normalarni qabul qilishda barcha uchun tushunarli bo‘lishiga alohida e’tibor qaratish talab etiladi.

Albatta Bojxona kodeksining yangi tahririni ishlab chiqishda O‘zLiDeP va uning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi hamda mahalliy Kengashlardagi deputatlik guruhlaridan alohida faollik va ishchanlik talab etiladi. Chunki, yangi kodeksda tadbirkorlar manfaatlari, ularning asosli talablari yaqqolroq aks etishi kerak. Buning uchun joylarda o‘tkazilayotgan partiyaviy tadbirlarda avvalo ushbu farmonning mazmun-mohiyatini tushuntirish asnosida, tadbirkorlarning yangi tahrirdagi Bojxona kodeksiga doir taklif va tavsiyalarini jiddiy o‘rganish lozim. Zero, ular bilan qanchalik ko‘p muloqot olib borilsa, takliflari o‘rganilsa, yangi tahrirdagi kodeks hayotga shunchalik yaqinlashadi, o‘zida dolzarb masalalarni aks ettiradi.

Farmonda shuningdek, bojxona ma’muriyatchiligining ilg‘or va innovatsion usullarini joriy etish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Bunda davlat chegarasi orqali o‘tkazish punktlaridagi chegara bojxona postlarini zamonaviy inspeksion-ko‘rik majmualari va boshqa bojxona nazoratining texnik vositalari bilan jihozlash, bojxona organlari barcha tarkibiy tuzilmalarining faoliyati va idoralararo axborot almashinuvi samaradorligini oshirishga qaratilgan zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish, bu borada xorij tajribasini o‘rganish bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi.

Fikrimizcha, farmonga muvofiq belgilangan keng qamrovli ishlarning asosiy yo‘nalish va mazmuni shundan iboratki, eng avvalo, zamonaviy axborot-kommunikatsiya va innovatsion texnologiyalari imkoniyatlarini ishga solib, dunyo tajribasini o‘rgangan holda bojxona sohasida mutlaqo yangi, samarali, barcha uchun tushunarli, oson va shaffof tizimni yaratishdan iboratdir.

Akbar MUZAFFAROV,

O‘zLiDePSiyosiy Kengashi Ijroiya

qo‘mitasi sektor mudiri

O‘zLiDePning Facebook va Instagramdagi rasmiy sahifasi hamda Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    1125
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Ro'yhatga o'tish

Fikringizni qoldiring

+