Prezident qarori: ixtisoslashtirilgan nefrologiya va buyrak transplantatsiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi tashkil etildi

13.07.2018, 17:26

Prezident qarori: ixtisoslashtirilgan nefrologiya va buyrak transplantatsiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi tashkil etildi

Joriy yilning 12 iyul kuni Prezidentimiz tomonidan  “O‘zbekiston Respublikasi aholisiga nefrologiya va gemodializ yordami ko‘rsatish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Ushbu qarorni qabul qilishdan maqsad tibbiyotning bu yo‘nalishida mavjud muammolarni tezkorlik bilan hal etish va kamchiliklarga barham berish, shuningdek, zamonaviy infratuzilmani rivojlantirishni ta’minlash va nefrologik kasalliklardan azob chekayotgan shaxslarga tibbiy yordam ko‘rsatish tizimini sifat jihatidan yaxshilashdan iboratdir.

Qaror bilan aholiga ixtisoslashtirilgan nefrologik va gemodializ tibbiy yordam ko‘rsatish samaradorligini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi va dastur ijrosini monitoring qilish bo‘yicha ishchi komissiya tashkil etildi.

Toshkent shahar nefrologiya shifoxonasi negizida Respublika ixtisoslashtirilgan nefrologiya va buyrak transplantatsiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi tashkil etildi.

Toshkent vrachlar malakasini oshirish institutida “Nefrologiya, gemodializ va buyrak transplantatsiyasi” kafedrasi tashkil etiladi, 2019/2020 o‘quv yilidan boshlab magistratura va klinik ordinaturaning “nefrologiya” va “bolalar nefrologiyasi” mutaxassisliklari bo‘yicha yangi yo‘nalishlari ochiladi.

Shuningdek, gemodializ xizmati faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish maqsadida “O‘zbekiston dializ jamiyati” nodavlat notijorat tashkilotini tashkil etiladi.

Vazirlar Mahkamasiga maxsus “Yo‘l xaritasi”ni tasdiqlash topshirildi. Unda, shu jumladan, xususiy tibbiyot tashkilotlari tomonidan gemodializ xizmatlari ko‘rsatish tizimini soddalashtirish, ushbu yo‘nalishda davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish nazarda tutiladi.

Moliya vazirligiga gemodializga muhtoj bo‘lgan bemorlar sonining yillik o‘sishini hisobga olgan holda zarur gemodializ uskunalari, ehtiyot qismlar va sarflash materiallarini o‘z vaqtida xarid qilinishi uchun budjet mablag‘lari ajratilishini ta’minlash yuklandi.

Qarorning biz uchun ahamiyatli jihati unda aholiga nefrologik va gemodializ yordami ko‘rsatish sohasida xususiy sektorni va davlat-xususiy sheriklikni jadal rivojlantirishga alohida urg‘u berilganidir. Zero, O‘zLiDeP inson salomatligi, hozirgi davr tibbiyotining yangi yutuqlariga tayangan holda dunyoda ilg‘or o‘rinlarga intilayotgan O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash rivoji va xususiy kapitalni jalb qilgan holda aholiga malakali tibbiy yordam ko‘rsatish sohasida sog‘lom raqobat muhitini yaratish, umr uzoqligini ta’minlash yo‘lida kurashadi. Qolaversa, partiya tibbiyot sifatini davlat va xususiy hamkorlik tamoyillari asosida tubdan yaxshilash tarafdori, xususiy tibbiyotni sifatli tibbiy xizmatlarga bo‘lgan ehtiyojni qondirish, sog‘liqni saqlash sohasida yanada samarali va zamonaviy texnologiyalar va innovatsiyalarni joriy etishning garovi sifatida qabul qiladi.

Ra’no Xojimuhammedova,

Olmazor tuman Kengashidagi

O‘zLiDeP deputatlik guruhi a’zosi

O‘zLiDePning Facebook va Instagramdagi rasmiy sahifasi hamda Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    2081
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Ro'yhatga o'tish

Bildirilgan fikrlar

Булоқбоши туман Кенгаши раиси Р.Носиров2018-07-16 15:55:33

Мухтарам Президентимиз томонидан “Ўзбекистон Республикаси аҳолисига нефрология ва гемодиализ ёрдами кўрсатиш самарадорлигини ошириш чора-тадбирлари тўғрисида”ги қарори тиббиётнинг бу йўналишида мавжуд муаммоларни тезкорлик билан ҳал этиш,нефрологик касалликлардан азоб чекаётган шахсларга тиббий ёрдам кўрсатиш тизимини сифат жиҳатидан яхшилашдан иборатдир.


O’zLiDeP Миришкор туман Кенгаши раиси Искандар Рўзиев2018-07-16 09:03:53

Тиббиётга кўрсатилаётган этибор ҳозирги кунда жуда юқори бўлияпти жумладан муҳтарам Президентимизнинг 12 июлдаги “Ўзбекистон Республикаси аҳолисига нефрология ва гемодиализ ёрдами кўрсатиш самарадорлигини ошириш чора-тадбирлари тўғрисида”ги қарори қабул қилингани аҳолининг саломотлиги учун яна бир қулай имконият эканлигининг этироф этиш жоиз


У.Боймуродов O'zLiDeP Косон туман Кенгаши аппарат раҳбари2018-07-16 08:47:15

Президентимиз томонидан “Ўзбекистон Республикаси аҳолисига нефрология ва гемодиализ ёрдами кўрсатиш самарадорлигини ошириш чора-тадбирлари тўғрисида”ги қарори тиббиётнинг бу йўналишида мавжуд муаммоларни тезкорлик билан ҳал этиш,нефрологик касалликлардан азоб чекаётган шахсларга тиббий ёрдам кўрсатиш тизимини сифат жиҳатидан яхшилашдан иборатдир.


Fikringizni qoldiring

+