Oʻzbekiston – Belarus: Oʻzaro hamkorlikni rivojlantirish uchun amaliy harakatlar davri

14.09.2018, 09:46

Oʻzbekiston – Belarus: Oʻzaro hamkorlikni rivojlantirish uchun amaliy harakatlar davri
Avval xabar qilinganidek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko 12 sentyabr kuni rasmiy tashrif bilan mamlakatimizga keldi.
 
Tashrifning asosiy tadbirlari 13 sentyabr kuni Koʻksaroy qarorgohida boʻlib oʻtdi.
 
Rasmiy kutib olish marosimidan soʻng Shavkat Mirziyoyev va Aleksandr Lukashenko tor doirada uchrashuv oʻtkazdi.
 
Prezidentimiz oliy martabali mehmonni yurtimizga tashrifi bilan qutlab, Oʻzbekiston va Belarus samimiy doʻst va ishonchli sherik ekanini taʼkidladi.
 
– 2016 yili Samarqanddagi uchrashuvimizda davlatlararo munosabatlarni har tomonlama mustahkamlashga kelishib olgan edik. Oʻtgan ikki yilda hamkorligimiz jadal surʼatda rivojlandi. 2017 yilda oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi 60 foizdan ziyod oʻsdi. Joriy yil yanvar – iyul oylarida esa bu boradagi koʻrsatkich qariyb 4 barobar oshdi. Bu hamkorligimizda katta salohiyat mavjudligidan dalolat beradi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
 
Belarus Prezidenti taklif uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirdi.
 
– Sizning rahbarligingizda Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan ishlar tahsinga sazovor, – dedi Aleksandr Lukashenko. – Ham ichki, ham tashqi siyosatda keng miqyosli oʻzgarishlarni amalga oshirmoqdasiz. Oʻzaro manfaatli barcha sohalarda hamkorlik qilishga, tajriba almashishga tayyormiz.
 
Bugungi kunda Oʻzbekiston bilan Belarus oʻrtasidagi munosabatlar doʻstlik va sheriklik ruhida rivojlanmoqda. Oʻtgan yillar davomida mamlakatlarimiz ikki va koʻp tomonlama asosda mustahkam hamkorlik aloqalarini oʻrnatdi. Xalqlarimizning doʻstligi va yaqinligi oʻzaro munosabatlarni yanada rivojlantirish va mamlakatlarimizningturli xalqaro tuzilmalar doirasida bir-birini qoʻllab-quvvatlashiga mustahkam asos boʻlmoqda.
 
Prezidentlar ikki tomonlama hamkorlikka doir keng koʻlamli masalalarni muhokama qilib, mamlakatlarimiz oʻrtasidagi siyosiy muloqotni mustahkamlashga, turli sohalardagi amaliy hamkorlikni izchil rivojlantirishga kelishib oldilar.
 
Rasmiy delegatsiyalar ishtirokida kengaytirilgan tarkibda oʻtkazilgan muzokarada Oʻzbekiston bilan Belarus oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni diversifikatsiya qilish va yanada kengaytirish, ikki mamlakat iqtisodiyotining bir-birini toʻldirishini hisobga olgan holda, sheriklikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
 
Belarus Prezidenti ushbu tashrif mamlakatlarimizning hamkorlikka intilishi mushtarakligidan, har ikki tomon uzoq istiqbolga moʻljallangan oʻzaro munosabatlarni yanada mustahkamlashdan manfaatdor ekanidan dalolat berishini qayd etdi.
 
Joriy yil avgust oyida Toshkentda Ikki tomonlama hamkorlik boʻyicha hukumatlararo komissiya majlisi muvaffaqiyatli oʻtdi.
 
Mashinasozlik, farmatsevtika, yengil va oziq-ovqat sanoati, qishloq xoʻjaligi, turizm kabi sohalarda qoʻshma loyihalar amalga oshirilmoqda. Ishbilarmon doiralar va yetakchi korxonalar oʻrtasida aloqalar mustahkamlanmoqda.
 
Keyingi ikki oyda mamlakatimizning barcha hududlari vakillari Belarusga tashrif buyurib, oʻz hamkorlari bilan yaqin aloqalar oʻrnatdi.
 
Tomonlar savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-kommunikatsiya va madaniy-gumanitar sohalardagi aloqalarni rivojlantirish istiqbollari yuzasidan fikr almashdi.
 
Prezidentlar amaliy hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdorligini, buning uchun intellektual, texnologik va boshqa resurslar, shuningdek, eng muhimi, oʻzaro intilish mavjudligini taʼkidladilar.
 
Ikki tomonlama hamkorlik boʻyicha hukumatlararo komissiya zimmasiga oʻzaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish va yaqin yillarda uni bir milliard dollarga yetkazish vazifasi topshirildi.
 
Hududlararo aloqalarni yanada kengaytirish, mashinasozlik, toʻqimachilik, oziq-ovqat sanoati, chorvachilik, meva-sabzavotni qayta ishlash, farmatsevtika, qurilish materiallari ishlab chiqarish va boshqa tarmoqlarda kooperatsiyani rivojlantirishga kelishib olindi. Qoʻshma korxonalar tashkil etish, ular ishlab chiqargan mahsulotlarni uchinchi mamlakatlar bozoriga eksport qilish zarurligi taʼkidlandi.
 
Oʻzbekistonda atom elektr stansiyasi qurish loyihasini amalga oshirishda hamkorlik masalasi koʻrib chiqildi.
 
Tomonlar madaniy-gumanitar sohadagi sheriklik munosabatlarini bundan buyon ham mustahkamlashga kelishib oldilar.
 
Muzokara yakunida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko Qoʻshma bayonotni imzoladilar.
 
Tashrif doirasida 19 hujjat, jumladan, oʻzaro savdoga koʻmaklashish tizimi, sanoat mulkini muhofaza qilish, bojxona ishlarida oʻzaro yordam toʻgʻrisida, fan va texnologiyalar, qishloq xoʻjaligi, sogʻliqni saqlash, tibbiyot, oliy taʼlim, madaniyat va boshqa sohalarda hamkorlik toʻgʻrisida bitim va shartnomalar imzolandi.
 
Ular orasida 2019-2023 yillarda ijtimoiy-iqtisodiy hamkorlik toʻgʻrisidagi hukumatlararo shartnoma va uni amalga oshirish dasturi alohida ahamiyatga ega.
 
Tashrif doirasida oʻtgan ishbilarmonlar va hududlararo hamkorlik forumida umumiy qiymati 230 million dollardan ortiq boʻlgan shartnoma va bitimlar imzolangani taʼkidlandi.
 
Ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvda davlat rahbarlari muzokaralar ochiq va oʻzaro ishonch ruhida oʻtgani, uning natijalari yanada mustahkam va keng koʻlamli boʻlishini qayd etdi.
 
Prezident Shavkat Mirziyoyev Belarus Prezidentining soʻnggi 24 yilda mamlakatimizga ilk rasmiy tashrifi tom maʼnoda tarixiy boʻlgani, oʻzaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirishga kuchli surʼat bagʻishlab, uni sifat jihatidan yangi, yanada yuksak bosqichga olib chiqishini taʼkidladi.
 
Belarus Prezidenti ushbu tashrifmamlakatlarimizning hamkorlikka intilishi mushtarakligi, uzoq istiqbolga moʻljallangan oʻzaro munosabatlarni yanada mustahkamlashdan manfaatdor ekanidan dalolat berishini qayd etdi.
 
Shu kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev va Prezident Aleksandr Lukashenko “Oʻzekspomarkaz”da ochilgan “Belarusda ishlab chiqarilgan” koʻrgazmasiga tashrif buyurdilar.
 
Koʻrgazmada Belarusning 150 dan ortiq korxonasi oʻz mahsulot va xizmatlari bilan qatnashmoqda. Ular oʻz mamlakatining qishloq xoʻjaligi mashinasozligi, metallurgiya, kimyo sanoati, maishiy texnika, oziq-ovqat, toʻqimachilik, tibbiyot, taʼlim va boshqa sohalardagi yutuqlarini namoyish etmoqda.
 
Aleksandr Lukashenko Prezidentimizga Belarus iqtisodiyoti, uning asosiy tarmoqlari salohiyati haqida soʻzlab berdi.
 
Shavkat Mirziyoyev Belarus korxonalari vakillari bilan suhbatlashdi. Mutasaddilarga sanoat korxonalari va hududlar oʻrtasidagi kooperatsiyani rivojlantirish va kengaytirish boʻyicha aniq koʻrsatmalar berdi.
 
Davlat rahbarlari yuqori texnologiyalar sohasidagi sheriklikni kengaytirish, jumladan, ikki mamlakatning innovatsion markazlari va texnoparklari oʻrtasida oʻzaro manfaatli hamkorlikni yoʻlga qoʻyish hamda birgalikda raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish muhimligini taʼkidladi.
 
Prezident Shavkat Mirziyoyev va Prezident Aleksandr Lukashenko Toshkent qishloq xoʻjaligi texnikasi zavodi hududida tashkil etilgan “Amkodor-Agrotexmash” qoʻshma korxonasining ochilishida ishtirok etdi.
 
Umumiy qiymati 33 million dollar boʻlgan mazkur loyiha 2018-2021 yillarda amalga oshiriladi. Bugun rasman ishga tushirilgan birinchi bosqichda qurilish va qishloq xoʻjaligida foydalaniladigan 12 turdagi ekskavatorlar ishlab chiqariladi. Mahalliylashtirish darajasi 2019 yilda 22 foizga, 2021 yilda kamida 50 foizga yetkaziladi.
 
Davlatimiz rahbari mahsulot turini koʻpaytirish va mahalliylashtirish darajasini oshirish zarurligini taʼkidladi. Oʻzbekistonning geografik joylashuvi qishloq xoʻjaligi texnikalarini mintaqamiz mamlakatlariga yetkazib berish uchun qulay ekanini qayd etdi.
 
Shu yerda qoʻshma korxonada ishlab chiqarilgan dastlabki ekskavatorlar namoyish etildi.
 
Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenkoning Oʻzbekiston Respublikasiga rasmiy tashrifi davom etmoqda.
 

O‘zLiDePning Facebook va Instagramdagi rasmiy sahifasi hamda Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    1010
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Ro'yhatga o'tish

Bildirilgan fikrlar

Саломов Ахрор 2018-09-17 10:07:11

Мамлакатимиз ва Беларуссия Республикаси ўртасидаги савдо иқтисодий алоқаларнинг ривожланиши икки мамлакатниҳам янада ривожлантиради деп ўйлайман


Хўжаназаров Шухрат Шеробод туман Кенгаши аппарат рахбари2018-09-17 10:01:24

Ўтган йиллар давомида мамлакатларимиз ўртасида хар томонлама мустаҳкам ҳамкорлик алоқаларини ўрнатилди. Ўзбекистон билан Беларусь ўртасидаги шерикчилиги хар иккала мамлакатнинг ривожига муносиб замин яратади.


У.Боймуродов O'zLiDeP Косон туман Кенгаши аппарат раҳбари2018-09-17 08:35:19

Ўзбекистон ва Беларусь ўртасидаги муносабатлар қишлоқ хўжалиги машинасозлиги, металлургия, кимё саноати, маиший техника, озиқ-овқат, тўқимачилик, тиббиёт, таълим ва бошқа соҳаларни ривожланиш янада юксак босқичга олиб чиқади.


Даврон Темиров O'zLiDePБўка туман Кенгаши ижрочи котиби2018-09-15 12:32:07

Бугунги кунда Ўзбекистон билан Беларусь ўртасидаги муносабатлар дўстлик ва шериклик руҳида ривожланмоқда. Учрашув давомида ҳам Ўзбекистон ва Беларусь самимий дўст ва ишончли шерик эканлиги таъкидлаб ўтилди. Ўтган йиллар давомида мамлакатларимиз ўртасида кўп томонлама мустаҳкам ҳамкорлик алоқаларини ўрнатилди. Ўзбекистон ва Беларусда амалга оширилаётган ишлар , ўзаъро ишончли ҳамкорлик таҳсинга сазовор. Бу ишлар халқларимизнинг дўстлиги ва яқинлиги ўзаро муносабатларни янада ривожлантириш ва мамлакатларимизнинг турли халқаро тузилмалар доирасида бир-бирини қўллаб-қувватлашига мустаҳкам асос бўлади.


Yazdon Toshonov O'zLiDeP Kattaqurg'on tuman Kengashi raisining birinchi o'rinbosari ,apparat rahbari.2018-09-15 11:22:45

Беларус давлати билан иқтисодий алоқаларнинг ривожлантириш иккала давлатнинг ҳам манфаатлари учун хизмат қилади.


Fikringizni qoldiring

+