Parrandachilikni yanada rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida

14.11.2018, 09:18

Parrandachilikni yanada rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori


Mamlakatimizda parrandachilik sohasini rivojlantirish va eksportga moʻljallangan tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini oshirish va turlarini kengaytirish, shuningdek, aholini mahalliy ishlab chiqarilgan sifatli va arzon parrandachilik mahsulotlari bilan taʼminlash boʻyicha izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. 

Shu bilan birga, sohani yanada jadal rivojlantirishga, jumladan, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, ishlab chiqarish jarayonini modernizatsiya qilish va tayyor parrandachilik mahsulotlari eksportini kengaytirishga toʻsqinlik qilayotgan qator muammolar mavjud. Xususan: 

birinchidan, parrandachilik mahsulotlarini qayta ishlash darajasi past, tarmoq mahsulotlarini ishlab chiqarish va eksport qilishda yarim tayyor mahsulotlar ulushi yuqoriligicha qolmoqda, shuningdek, parranda chiqindilarini chuqur qayta ishlash tizimi yoʻlga qoʻyilmayapti; 

ikkinchidan, parrandachilik sohasida asosan tovuq yetishtirish bilan cheklanib qolinmoqda, boshqa parranda turlari (kurka, bedana, gʻoz, oʻrdak, tuyaqush, kaklik va boshqalar) yetishtirishni ommalashtirish choralari koʻrilmayapti; 

uchinchidan, parranda kasalliklarini oʻz vaqtida aniqlash va ularning oldini olish boʻyicha zamonaviy biolaboratoriyalar tashkil etilmaganligi oqibatida parrandalar orasida yuqumli kasalliklar tarqalib bormoqda; 

toʻrtinchidan, sohada malakali kadrlar tayyorlash, ularni ishlab chiqarishning zamonaviy uslublariga oʻqitish, soha mutaxassislarida innovatsion yondashuvlar hamda koʻnikmalarni shakllantirish, ishlab chiqarishda yuqori sifatga erishish uchun xorijiy mutaxassislarni jalb qilish ishlariga yetarlicha eʼtibor qaratilmayapti; 

beshinchidan, parranda ozuqa bazasini yaratish, import oʻrnini bosuvchi ozuqa mahsulotlarini ishlab chiqarish ishlari talab darajasida yoʻlga qoʻyilmagan; 

oltinchidan, parranda mahsulotlari eksport qilinayotgan davlatlar geografiyasini kengaytirish, shu orqali eksport hajmini keskin oshirish choralari koʻrilmagan; 

yettinchidan, sohaga toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni kiritish boʻyicha tajriba yetarli emas, bu borada yetakchi xorijiy hamkorlar bilan yaqin aloqalar yoʻlga qoʻyilmayapti. 

Respublikada parrandachilikni yanada rivojlantirish va har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, sohaga ilgʻor texnologiyalar va innovatsion ishlanmalarni joriy etish, parranda mahsulotlarini qayta ishlashni chuqurlashtirish, ularning turlari va eksport koʻlamini kengaytirish maqsadida: 

1. Quyidagilar parrandachilik sohasini rivojlantirish boʻyicha ustuvor vazifalar etib belgilansin: 

raqobatbardosh parranda mahsulotlari ishlab chiqarish orqali aholini yetarli miqdorda parranda mahsulotlari bilan barqaror va maqbul narxlarda taʼminlash, eksport salohiyatini oshirish; 

ilgʻor xorijiy davlatlar tajribasidan foydalangan holda parrandachilik klasterlarini tashkil qilish, bunda innovatsion texnologiyalarni keng tatbiq etish; 

sohaga faol investitsiya jalb etish orqali parranda mahsulotlarini, shu jumladan, parranda chiqindilarini chuqur qayta ishlash, yuqori qoʻshilgan qiymatli parranda mahsulotlarini ishlab chiqarish; 

ilmiy-diagnostika laboratoriyalar tashkil qilish orqali parrandalar orasida kasalliklarni barvaqt aniqlash va oldini olish choralarini koʻrish; 

ozuqa bazasini kengaytirish, import oʻrnini bosuvchi ozuqa va vitaminlarni ishlab chiqarish; 

parrandachilik sohasida yuqori malakali mutaxassislarga boʻlgan joriy va istiqboldagi ehtiyojlarni hisobga olgan holda kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni taʼminlash. 

2. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi Iqtisodiyot vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasi, “Parrandasanoat” uyushmasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda ishlab chiqilgan 2019 yilda respublikada: 

parrandalar soni va yetishtiriladigan mahsulotlarning prognoz parametrlari 1 va 1a-ilovalarga muvofiq; 

parrandachilik mahsulotlarini yetishtirish va qayta ishlash korxonalarini tashkil etishning prognoz parametrlari 2-ilovaga muvofiq; 

parrandachilik mahsulotlarini eksport qilishning prognoz parametrlari 3-ilovaga muvofiq; 

sanoat usulida boqilayotgan parrandalarning ozuqaga boʻlgan talabi parametrlari 4-ilovaga muvofiq; 

parranda ozuqasini yetishtirish uchun tadbirkorlik subyektlariga ajratiladigan yer maydonlari 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin. 

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bir oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, “Parrandasanoat” uyushmasi va “Oʻzsanoatqurilishbank” ATB bilan birgalikda ushbu qarorga asosan oʻrnatilgan prognoz parametrlari ijrosini taʼminlash yuzasidan tumanlar va parrandachilik xoʻjaliklari kesimida manzilli chora-tadbirlar dasturlarini ishlab chiqib tasdiqlasin, ularning samarali va toʻliq ijrosi yuzasidan tizimli monitoring oʻrnatsin. 

3. Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasining (keyingi oʻrinlarda Jamgʻarma deb yuritiladi) mablagʻlari hisobidan ekvivalenti 50 million AQSH dollari miqdorida “Oʻzsanoatqurilishbank” ATBning ustav kapitalidagi davlat ulushi oshirilsin. 

Belgilansinki: 

“Oʻzsanoatqurilishbank” ATB ustav kapitaliga yoʻnaltiriladigan Jamgʻarma mablagʻlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 6-yanvardagi PQ–2718-son “Oziq-ovqat, charm-poyabzal va farmatsevtika sanoatida investitsiya loyihalarini moliyalashtirish manbalarini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq “Oʻzsanoatqurilishbank” ATB tomonidan ochilgan kredit liniyasi mablagʻlari hisobidan ajratiladi; 

Jamgʻarma uch oy muddatda ushbu bandda koʻrsatilgan mablagʻlarni “Oʻzsanoatqurilishbank” ATB ustav kapitaliga oʻtkazib berilishini taʼminlasin; 

Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi oʻrnatilgan tartibda “Oʻzsanoatqurilishbank” ATB tomonidan chiqariladigan aksiyalarni roʻyxatdan oʻtkazilishini taʼminlasin. 

4. Belgilab qoʻyilsinki: 

“Oʻzsanoatqurilishbank” ATB ustav kapitaliga kiritilayotgan 50 million AQSH dollari ekvivalentidagi maqsadli mablagʻlar parrandachilikni rivojlantirish sohasidagi loyihalarni moliyalashtirish maqsadida boshqa tijorat banklariga ham kreditlar ajratish uchun yoʻnaltiriladi; 

tadbirkorlik subyektlariga ushbu bandda nazarda tutilgan kreditlar boʻyicha imtiyozlar foiz stavkasi boʻyicha toʻlovlarning bir qismini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan kompensatsiya qilish shaklida beriladi; 

“Oʻzsanoatqurilishbank” ATB Jamgʻarma tomonidan ushbu bandda nazarda tutilgan mablagʻlarni bankning ustav kapitaliga oʻtkazilgan kundan boshlab boshqa tijorat banklar tomonidan taqdim etilgan parrandachilikni rivojlantirish sohasidagi loyihalarni moliyalashtirish maqsadida ularning hisobraqamlariga pul mablagʻlarining oʻtkazilishini taʼminlaydi; 

“Oʻzsanoatqurilishbank” ATB va boshqa tijorat banklari parrandachilikni rivojlantirish borasidagi loyihalarni chuqur tahlillar asosida rentabellik, samaradorlik va pul oqimlarining kredit hamda ular boʻyicha foizlarni oʻz vaqtida qaytarishni taʼminlash salohiyatidan kelib chiqqan holda moliyalashtiradi. 

5. Parrandachilik loyihalari hajmi va uni amalga oshirish uchun zarur boʻlgan valyuta turidan qatʼi nazar, tijorat banklari tomonidan 2019-2020 yillarda ajratilayotgan kreditlar foizi uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi hisobidan kompensatsiya berishning quyidagi tartibi oʻrnatilsin: 

aylanma mablagʻlarni toʻldirishga (inkubatsion tuxumlar, 1 kunlik joʻja, ozuqa mahsulotlari, dori-darmon hamda qoʻshimcha komponentlar va boshqalar) tijorat banki tomonidan oʻrnatilgan kredit stavkasining 25 foizi miqdorida, ammo kredit stavkasining 5 foizdan ortiq boʻlmagan miqdorda; 

naslli ona tovuq va barcha turdagi texnologik asbob-uskunalar sotib olish, parrandachilik klasterlarini va inkubatsiya sexlarini tashkil qilish, parranda mahsulotlarini qayta ishlash va saqlash, parrandachilikka ixtisoslashgan bino-inshootlarni qurish va qayta taʼmirlash, maxsus texnika va boshqa asosiy vositalarni xarid qilish hamda barpo etish uchun tijorat banki tomonidan oʻrnatilgan kredit stavkasining 50 foizi miqdorida, ammo kredit stavkasining 10 foizdan ortiq boʻlmagan miqdorda. 

Tijorat banklari parrandachilik loyihalarini moliyalashtirishni kengaytirish uchun xalqaro moliya institutlari va xorijiy banklar mablagʻlarini jalb etish boʻyicha zaruriy chora-tadbirlarni koʻrsin. 

6. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi ushbu imtiyozlar uchun zarur boʻlgan mablagʻlarni 2019-2020 yillar davomida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasiga belgilangan tartibda ajratsin. 

7. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi va “Parrandasanoat” uyushmasining Uyushma huzurida barcha parranda xoʻjaliklariga xizmat koʻrsatuvchi zamonaviy ilmiy-diagnostika laboratoriya markazini (keyingi oʻrinlarda – Markaz) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin. 

Quyidagilar Markazning asosiy vazifalari etib belgilansin: 

parranda kasalliklarining oldini olish, aniqlash va ularga qarshi kurashishning samarali mexanizmini ishlab chiqish; 

parrandalarni oziqlantirish uchun ilmiy asoslangan meʼyorlarni ishlab chiqish; 

barcha turdagi parranda goʻshti va tuxum mahsulotlarini qayta ishlovchitexnologik jarayonlarni ishlab chiqish; 

parrandachilik mahsulotlarining biologik va ekologik xavfsizligini taʼminlash, parrandalarni boqish va ularga berilayotgan ozuqa bazasining tarkibi va sifatini monitoring qilish; 

barcha turdagi parranda goʻshti va tuxumlaridan foydalangan holda umumiy, bolalar, parhez va maxsus ovqatlanishning yangi turdagi mahsulotlarini ishlab chiqarishga moʻljallangan texnologik jarayonlarni ishlab chiqish; 

parrandachilik xoʻjaliklari texnologik loyihalari meʼyorlarini ishlab chiqish va ilmiy asoslash. 

Toshkent viloyati hokimligi ilmiy-diagnostika biolaboratoriya markazini joylashtirish uchun Toshkent viloyati, Yangiyoʻl tumani, Tinchlik massividan umumiy maydoni 1 gektar boʻlgan yer uchastkasini ajratsin. 

“Parrandasanoat” uyushmasi ilmiy-diagnostika biolaboratoriya markazini zarur boʻlgan zamonaviy asbob-uskuna va jihozlar bilan taʼminlasin. 

8. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi va “Parrandasanoat” uyushmasi bilan birgalikda parrandachilik sohasida kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirish maqsadida ilmiy-amaliy markazni tashkil etish choralarini koʻrsin.

9. Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi “Parrandasanoat” uyushmasi bilan birgalikda bir oy muddatda parrandachilik sohasida ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini yanada kuchaytirish maqsadida uzviy hamkorlikni yoʻlga qoʻysin, parrandachilik sohasida mavjud muammolarni bartaraf etish boʻyicha “Yoʻl xaritasi" ishlab chiqsin. 

10. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, “Parrandasanoat” uyushmasi, “Oʻzsanoatqurilishbank” ATB, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklarining bosqichma-bosqich barcha hududda parranda yetishtirish, uni qayta ishlash va yakuniy tayyor mahsulot tayyorlab, isteʼmolchiga yetkazish jarayonini toʻliq qamrab olgan parrandachilik klasterlarini tashkil etish (shu jumladan, 2019-yilda 13 ta) toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin. 

Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi, Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi, “Parrandasanoat” uyushmasi, “Oʻzsanoatqurilishbank” ATB, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda 2019-yil 1-fevralga qadar muddatda salohiyatli tadbirkorlik subyektlarini, moliyalashtirish manbalari va yer maydonlarini aniqlab, 2019-2021 yillarda parrandachilik klasterlarini tashkil etishning manzilli dasturi loyihasini tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin. 

11. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Davlat veterinariya qoʻmitasi, “Oʻzstandart” agentligi, “Parrandasanoat” uyushmasi, “Oʻzbekoziqovqatxolding” XK hamda tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2019-yil 1-fevralga qadar ilgʻor xorijiy tajribadan kelib chiqib, mahsulot sifatiga sezilarli taʼsir koʻrsatuvchi xavf va muhim nazorat nuqtalarini tahlil qilish (“HACCP”), Xalqaro standartlashtirish tashkiloti (“ISO”) va “Halal” standartlari talablarini inobatga olgan holda, parrandachilik korxonasini texnologik loyihalashtirish meʼyorlarini ishlab chiqsin va parranda mahsulotlarini xalqaro tan olingan sertifikatlashtirish choralarini koʻrsin. 

Belgilansinki, parranda kasalliklariga emlash uchun ishlab chiqarishning munosib amaliyoti (GMP – Good Manufacturing Practice) sertifikatlariga ega boʻlgan xorijiy ishlab chiqaruvchi kompaniyalarning vaksina va biopreparatlari Oʻzbekiston Respublikasida tan olinadi va qoʻshimcha muvofiqlik sertifikatlari talab qilinmaydi. 

12. “Oʻzeltexsanoat” AK Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi va Qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda parranda mahsulotini yetishtirish va qayta ishlash uchun zarur boʻladigan asbob-uskuna, jihoz va mexanizmlar ishlab chiqarishni 2022-yil yakuniga qadar mahalliylashtirish choralarini koʻrsin. 

“Parrandasanoat” uyushmasi parranda mahsulotini yetishtirish va qayta ishlash uchun zarur boʻladigan asbob-uskuna, jihoz va mexanizmlarni mahalliylashtirish maqsadida ularning roʻyxatini zarur ehtiyoj bilan shakllantirsin hamda “Oʻzeltexsanoat” AKga taqdim etsin. 

Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi respublikada parranda mahsulotlarini yetishtirish va qayta ishlash bosqichlari uchun zarur boʻladigan asbob-uskuna, jihoz va mexanizmlarni ishlab chiqish maqsadida “Oʻzeltexsanoat” AK tomonidan taqdim etilgan loyiha hujjatlariga asosan xorijiy investorlarni jalb etsin. 

13. “Parrandasanoat” uyushmasi va “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJning parrandachilik xoʻjaliklari tomonidan import qilinayotgan yem boʻladigan donni temir yoʻl orqali tashishda, istisno tariqasida, Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi temir yoʻllari tarif siyosatining 35 foizidan koʻp boʻlmagan miqdorda chegirma berish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin. 

14. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va “Oʻzdonmahsulot” AK parrandachilik xoʻjaliklariga talab qilinadigan don mahsulotlarining har oyda birja savdolariga qoʻyib borilishini taʼminlasin. 

Oʻzbekiston respublika tovar-xomashyo birjasidagi savdolarda parrandachilik xoʻjaliklariga don mahsulotlari savdosida qatnashish “Parrandasanoat” uyushmasi tomonidan soliq hamda veterinariya hisobotlarida aks etgan parranda bosh sonidan kelib chiqib va belgilangan tartibda don mahsulotlari boʻyicha tasdiqlangan meʼyorlarga muvofiq tuziladigan roʻyxat asosida parrandachilik xoʻjaliklari ishtirok etishi hamda ushbu roʻyxat doimiy ravishda “Parrandasanoat” uyushmasining veb-saytida joylashtirib borilishi belgilansin. 

Belgilansinki, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat veterinariya qoʻmitasi ushbu bandning ikkinchi xatboshisida koʻrsatib oʻtilgan roʻyxatdagi parranda bosh soni, don mahsulotlari boʻyicha tasdiqlangan meʼyorlarga rioya etilganligini tizimli monitoring qiladi, shuningdek, don mahsulotlari savdosida parrandachilik xoʻjaliklarining qatnashishi yoki qatnashmasligi yuzasidan “Parrandasanoat” uyushmasiga har oyda maʼlumot taqdim etadi. 

15. “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ va “Oʻzbekiston havo yoʻllari” MAK respublikaga xorijdan olib kiriladigan barcha turdagi naslli parrandalarning 1 kunlik joʻjalarini, parranda ozuqa va ozuqa qoʻshimchalarini uzluksiz tashish maqsadida “Parrandasanoat” uyushmasi va parrandachilik xoʻjaliklariga amaliy yordam koʻrsatsin. 

16. 2021-yil 1-noyabrga qadar muddatda: 

naslli ona tovuq va barcha turdagi texnologik asbob-uskunalar sotib olish, parranda yetishtirishni tashkil etish, parranda mahsulotlarini qayta ishlash va saqlash, inkubatsiya sexlarini tashkil etish, parrandachilikka ixtisoslashgan bino-inshootlarni qurish va qayta taʼmirlash, maxsus texnika, ehtiyot qismlar va boshqa asosiy vositalar; 

chet el tashkilotlari va uning shuʼba korxonalari, firma doʻkonlari, 

dilerlik tarmoqlari va tadbirkorlik subyektlari tomonidan parrandachilik xoʻjaliklari ehtiyoji uchun chetdan keltiradigan parranda ozuqa va ozuqa qoʻshimchalari, veterinariya preparatlari, diagnostikumlar oʻrnatilgan tartibda shakllantiriladigan roʻyxat boʻyicha bojxona toʻlovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi yigʻimlaridan tashqari) ozod etiladi. 

17. “Parrandasanoat” uyushmasiga: 

Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Tashqi savdo vazirligi, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ, Davlat bojxona qoʻmitasi bilan birgalikda parrandachilik xoʻjaliklari tomonidan import qilinayotgan ozuqalar, ozuqa qoʻshimchalari va asbob-uskunalari oʻz vaqtida va toʻliq hajmda olib kirilishi uchun amaliy yordam koʻrsatish; 

2019-yil 1-fevralga qadar muddatda oʻz taʼsis hujjatlarini mazkur qaror talablariga muvofiqlashtirish, bunda asosiy eʼtiborni barcha parrandachilik xoʻjaliklarini “Parrandasanoat” uyushmasiga aʼzo boʻlishi uchun maqbul shart-sharoitlarni yaratishga qaratish tavsiya etilsin. 

18. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi “Parrandasanoat” uyushmasi bilan birgalikda ikki oy muddatda respublikada soya va kungaboqar donlarini qayta ishlash boʻyicha zamonaviy korxonalarni tashkil etish yuzasidan tegishli chora-tadbirlarni ishlab chiqsin. 

19. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bir oy muddatda: 

dehqon bozorlari va aholi gavjum boʻlgan hududlarda parranda mahsulotlarini sotish uchun “Parrandasanoat” uyushmasi tomonidan ishlab chiqilgan namunaviy savdo firma doʻkonlarini tashkil etish va joylashtirish boʻyicha manzilli dasturlarni ishlab chiqib tasdiqlasin; 

parrandachilik sohasiga toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb etish maqsadida investitsiya loyihalarining roʻyxatini puxta ishlab chiqib, xorijiy hamkorlarni jalb etish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi va “Oʻzsanoatqurilishbank” ATBga taqdim etsin. 

20. “Parrandasanoat” uyushmasining mamlakatda akkreditatsiyadan oʻtgan diplomatik vakolatxonalar, xorijiy sayyohlar, turli mamlakatlarning parrandachilik sohasi vakillari, ekspert va mutaxassislarni keng jalb qilgan holda 2019-yildan boshlab har yili sentyabr oyida parrandachilikka oid koʻrgazma oʻtkazish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin. 

21. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi “Parrandasanoat” uyushmasining buyurtmalari boʻyicha sohani rivojlantirish va zamonaviy texnikalarni oʻzlashtirish yuzasidan taklif etayotgan xorijiy mutaxassislar va koʻrgazmalarning xorijiy ishtirokchilariga kirish vizalari konsullik yigʻimlari undirilmasdan rasmiylashtirilishini taʼminlasin (haqiqiy xarajatlarni qoplash yigʻimlari bundan mustasno). 

22. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi “Parrandasanoat” uyushmasining buyurtmalari boʻyicha jalb qilingan xorijiy mutaxassislarga davlat boji undirilmasdan koʻp martalik kirish vizalari rasmiylashtirilishi, berilishi va ularning muddati uzaytirilishini, shuningdek, vaqtincha propiska qilinishi, turgan joyi boʻyicha hisobga olinishi va ularning uzaytirilishini taʼminlasin. 

23. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Davlat statistika qoʻmitasi, Davlat bojxona qoʻmitasi, boshqa vazirlik va idoralar “Parrandasanoat” uyushmasiga mazkur qaror va boshqa qonun hujjatlari bilan yuklatilgan vazifalarni sifatli va oʻz vaqtida bajarish uchun har tomonlama amaliy yordam koʻrsatsin. 

24. Quyidagilarga: 

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari S.R.Xolmurodovga – hududlarning parrandachilikni rivojlantirish boʻyicha investitsiya loyihalarini moliyalashtirish uchun salohiyatli investorlarni izlash, parrandachilik sohasiga investitsiyalarni jalb qilish, mablagʻlarning oʻz vaqtida oʻzlashtirilishini taʼminlash uchun; 

Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi vaziri B.T.Yusupovga – mazkur qaror bilan tasdiqlangan prognoz koʻrsatgichlar ijrosi ustidan xoʻjaliklar kesimida monitoring tizimi oʻrnatilishi va ularning hisoboti yuritilishi, parrandachilik klasterlarining faoliyati tashkil etilishi hamda ularga har tomonlama yordam koʻrsatilishi uchun; 

“Oʻzeltexsanoat” AK raisi A.A.Abdullayevga – parranda mahsulotlarining barcha turlarini yetishtirish, ularni barcha bosqichlarda qayta ishlash uchun asbob-uskuna, jihoz va mexanizmlarning respublikada ishlab chiqarilishini tashkil etish uchun; 

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va viloyatlar hokimlariga – mazkur qaror bilan tasdiqlangan prognoz parametrlarining ijrosini taʼminlash yuzasidan tumanlar va parrandachilik xoʻjaliklari kesimida manzilli chora-tadbirlar dasturlari oʻz vaqtida ishlab chiqilib, tasdiqlanishi va ularning ijrosi ustidan doimiy nazorat olib borilishi, shuningdek, parrandachilik korxonalariga ozuqa yetishtirish uchun yer maydoni ajratilishi va ozuqa uchun ekilgan don ekinlari davlat buyurtmasiga olinmasligi uchun shaxsiy javobgarligi belgilansin. 

25. Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi va Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasiga “Parrandasanoat” uyushmasi bilan birgalikda parrandachilik sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarni ommaviy axborot vositalarida muntazam yoritib borish tavsiya etilsin. 

26. Toshkent shahar hokimligi bir oy muddatda “Parrandasanoat” uyushmasini joylashtirish va bino qurish uchun yer maydonini ajratsin. 

27. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi bir oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida takliflar kiritsin. 

28. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori O.B.Murodov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi oʻrinbosari B.M.Mavlonov zimmasiga yuklansin. 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti                                                   Sh.MIRZIYOYEV 

Toshkent shahri, 2018-yil 13-noyabr

O‘zLiDePning Facebook va Instagramdagi rasmiy sahifasi hamda Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    1602
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Ro'yhatga o'tish

Bildirilgan fikrlar

Sarvar2021-03-28 14:41:32

Zo‘r a‘lo yana yozila parrandachlik bo‘yicha


Fikringizni qoldiring

+