Zamonaviy issiqxona komplekslarini ishlab chiqaruvchilarga 2021 yilgacha soliq imtiyozlari beriladi

22.11.2018, 09:35

Zamonaviy issiqxona komplekslarini ishlab chiqaruvchilarga 2021 yilgacha soliq imtiyozlari beriladi

2016 yilda noan’anaviy, ya’ni ikki qavatli  issiqxona faoliyatini yo‘lga qo‘yganmiz. U to‘rt yo‘nalishda, elektr va issiqlik ta’minotisiz bir yilda 80 million so‘m daromad keltiradi.

Qish mavsumida ham aholini arzon va sifatli meva-sabzavot, hamda go‘sht mahsulotlari bilan ta’minlashi ko‘zda tutilgan issiqxonaning birinchi qavatida 80 bosh qo‘y, 200 ta quyon hamda 15 tup limon ko‘chati parvarish qilinmoqda. Ikkinchi qavatda esa sabzavot ekinlari yetishtirish yo‘lga qo‘yilgan. Pastki qavatda boqilayotgan jonivorlarning fiziologik issiqligi yuqori qavatda ekilgan sabzavot ko‘chatlari rivojlanishi uchun yetarli. Shuningdek, chorva hayvonlaridan chiqqan organik chiqindi joyning o‘zida qayta ishlanib, biogaz olinadi. Ajratilgan metan esa generator yordamida elektr tokiga aylantiriladi va issiqxonaning ehtiyojiga sarflanadi. Biogazdan qolgan ikkilamchi xom-ashyo ko‘chat yetishtirishda tuvak sifatida foydalanish uchun zaruriy shaklda qoliplanadi. Qimmatli jihati shundaki, biologik tuvaklar yerga chirindi sifatida singib ketadi.

Davlatimiz rahbarining “Issiqxona komplekslarini rivojlantirish uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori zamonaviy issiqxona komplekslarini tashkil etishni, mavjudlariga imkoniyatlar yaratishni takomillashtirishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning yuqori ko‘rsatkichi bo‘lishi tabiiy. Chunki mazkur qarorga muvofiq, 2021 yilning 1 yanvariga qadar zamonaviy issiqxona komplekslarini ishlab chiqaruvchilarga soliq imtiyozlari beriladi. Ishlab chiqaruvchilar foyda solig‘i, yagona soliq to‘lovi va qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod etiladi. E’tiborlisi, mazkur hujjat orqali endilikda biz oldimizga maqsad qilib qo‘ygan rejalarimizni to‘laqonli amalga oshirishda davlat-xususiy sheriklik shartlariga suyanishimiz mumkin. Ya’ni faoliyatimizni kengaytirish uchun zamonaviy issiqxona komplekslarini joylashtirishda yoqilg‘i yoqish yo‘li bilan issiqlik yoki elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi korxonalar, muassasalar va tashkilotlarga tutash hududlarda joylashgan bo‘sh yer maydonlarini aniqlab, davlat ko‘magida muammolarimizga tez fursatda yechim topishga erishamiz. Bu borada biz kabi tadbirkorlik sub’ektlariga huquqiy, iqtisodiy va tashkiliy-texnik ko‘maklashish shartlari ham qarorda qayd etilgani yutug‘imizdir. Ayniqsa, ushbu me’yoriy hujjatda belgilanganidek, aniqlangan yer uchastkalari qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda zamonaviy issiqxona komplekslari tashkil etish bo‘yicha majburiyatlarni ko‘rsatgan holda elektron savdolarga qo‘yilishi bizdagi vaqt masalasini ham ijobiy hal etishga kafolatdir.

Ulug‘bek AHMEDOV,

O‘zLiDeP faoli,

Asaka tumanidagi

“Samaragrozoovetservis”

MChJ rahbari 

  • Ko'rildi
    2229
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Ro'yhatga o'tish

Fikringizni qoldiring

+