Kreditni qaytarishga qaratilgan huquqiy asoslar takomillashtiriladi

24.11.2018, 06:51

Kreditni qaytarishga qaratilgan huquqiy asoslar takomillashtiriladi

Ma’lumki, bank kreditlari va xususiy sarmoyalar ishlab chiqarish va infratuzilmani rivojlantirish, tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlashda zarur manba hisoblanadi. Bu borada aholi va tashkilotlardagi bo‘sh mablag‘larni jalb qilib, ularni kredit sifatida tadbirkor va investorlarga taqdim etadigan tijorat banklarining iqtisodiy jarayonlardagi roli muhim ahamiyatga ega.

Kuni kecha Prezidentimiz tomonidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishi ham aynan bank tizimini isloh etish va banklarning moliyaviy barqarorligini mustahkamlash, hududlar va tadbirkorlikni rivojlantirishda tijorat banklarining rolini yanada oshirish masalalariga bag‘ishlandi. Videoselektorda asosiy e’tibor muammoli kreditlar masalasi muhokamasiga qaratildi. Ta’kidlanganidek, bunday kreditlar miqdori yil boshiga nisbatan ancha oshgan.

Xususan, uy-joy fondini ta’mirlash va turar joy binolarini barpo etishga qaytarish manbalari va imkoniyatlari to‘liq o‘rganilmasdan kredit ajratilishi oqibatida umidsiz qarzlar ko‘payib, xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari va ko‘p qavatli uy-joylar qurilishi bo‘yicha katta miqdorda muammoli kreditlar yuzaga kelgan.

Davlatimiz rahbari muammoli kreditlarni qaytarishda banklarning imkoniyatlarini yanada kengaytirishni, ularni undirish bo‘yicha banklar, qarzdor korxonalar, kompaniya va uyushmalar, hududlar rahbarlari birgalikda ish olib borishi zarurligini ta’kidladi.

Bugungi kunda banklarning kredit uchun resurslar jamlashdagi faolligi, xususan aholi va yuridik shaxslarning bo‘sh mablag‘larini bank depozitlariga, birinchi navbatda muddatli va jamg‘arib boriladigan depozitlarga jalb qilish ishlari yetarli emasligi, tijorat banklari ustav kapitali asosan davlat ulushi hisobiga oshirilib, xususiy sektor mablag‘lari deyarli yo‘naltirilmagani jiddiy tanqid qilindi.

Shuningdek, bugungi kunda kuzatuv kengashlari banklarning strategik rivojlanish yo‘nalishlarini belgilash va faoliyatini yaxshilash bo‘yicha yetarli ish olib bormayotgani muhokama qilinib, davlat tasarrufidagi banklarning kuzatuv kengashlari faoliyatini tanqidiy o‘rganish va  moliya muassasalari faoliyatini takomillashtirish uchun xorijdan yuqori malakali mutaxassislarni jalb etish bo‘yicha soha mas’ullariga vazifalar yuklatildi.

Yig‘ilishda parlament a’zolari oldiga ham bir qator vazifalar qo‘yilib, pul-kredit siyosatining samarali qo‘llaniladigan foiz instrumentlari turlarini kengaytirish, tijorat banklari tomonidan foiz stavkalarini shakllantirish, shu jumladan, kreditlar bo‘yicha bozor mexanizmlarini keng joriy etishda normativ-huquqiy hujjatlarni qayta ko‘rib chiqish zarurligi ta’kidlandi.

Shuningdek, aholi va tadbirkorlik sub’ektlarining bank tizimiga ishonchini kuchaytirish, banklar bilan tadbirkorlik sub’ektlari o‘rtasida samarali va o‘zaro manfaatli munosabatlarni ta’minlash borasida mavjud to‘siqlarni bartaraf etishga qaratilgan huquqiy hujjatlarni ixtisoslashgan xalqaro moliya institutlari xulosalarini inobatga olgan holda qayta ishlab chiqish zarurligi aytildi.

Shundan kelib chiqib Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki mutaxassislari bilan birgalikda mamlakatimizda pul-kredit siyosatining samarali qo‘llaniladigan turlarini kengaytirishga, banklar bilan aholi va tadbirkorlik sub’ektlari o‘rtasida samarali, o‘zaro manfaatli munosabatlarni ta’minlash borasida mavjud to‘siqlarni bartaraf etishga qaratilgan qonun hujjatlarini ishlab chiqishni istiqboldagi vazifalarimiz sifatida belgilab oldik.

Mazkur dolzarb vazifalarni amalga oshirishda avvalo keng jamoatchilik va tadbirkorlarning fikr-mulohazalarini inobatga olish, bunda avvalo xalqimiz, tadbirkorlik sub’ektlari uchun qulay, shaffof va sodda tartib-taomillar asosida shart-sharoitlar yaratish ustuvor ahamiyatga ega.

Murodulla TURSUNOV,

Oliy Majlis Qonunchilik

palatasi deputati,

O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi

  • Ko'rildi
    1090
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Ro'yhatga o'tish

Fikringizni qoldiring

+