O‘zbekiston-Hindiston: hamkorlikning yangi qirralari ochilmoqda

21.01.2019, 21:42

O‘zbekiston-Hindiston: hamkorlikning yangi qirralari ochilmoqda

Avval xabar berganimizdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Hindiston Respublikasi Bosh vaziri Narendra Modining taklifiga binoan 17-18 yanvar kunlari ushbu mamlakatda amaliy tashrif bilan bo‘lib, «Jo‘shqin Gujarat – 2019» IX xalqaro investitsiya sammitida ishtirok etdi.

Ushbu amaliy tashrif Osiyoning qudratli davlatlaridan biri Hindiston bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi tarixiy munosabatlarni yangi bosqichga ko‘tarishga yana bir muhim qadam bo‘ldi deyish mumkin. Negaki, tashrif davomida ko‘plab masalalar bo‘yicha fikr almashildi, hamkorlikning yangi qirralarini ochish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Ta’kidlash lozimki, Hindiston bilan iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish har tomonlama foydali va muhimdir. Boisi, bugungi kunda iqtisodiy taraqqiyotning rivojlanishi va aholi turmush darajasining ko‘tarilishi nuqtai nazaridan Hindiston tez rivojlanmoqda.

Xalqaro valyuta jamg‘armasi 2018 yilda moliyaviy ko‘rsatgichlari bo‘yicha Hindiston Xitoydan kamida 7,4 foizga o‘zib ketishini taxmin qilishgandi va amalda bu o‘z isbotini topmoqda.

Buning sabablaridan biri sifatida Hindistondagi 100 milliondan ortiq kichik firmalarning muvaffaqiyatli ishlab turgani keltirilmoqda. Yana bir qiziq ma’lumot. 2017 yilda Hindiston Fransiyani quvib o‘tib, yalpi ichki mahsulot ishlab chiqarish hajmi bo‘yicha dunyo mamlakatlari ro‘yxatida oltinchi o‘rinni egalladi. Soha ekspertlari yaqin o‘n yilda Janubiy Osiyoning bu mamlakati jahonning uchta yirik iqtisodiyotlaridan biriga aylanishini bashorat qilayotganlari ham bejiz emas. Negaki, oxirgi yillarda davlat sanoatni va ilg‘or axborot texnologiyalarini kuchaytirish, eksportni kengaytirish va global integratsiya jarayonlarida faol qatnashish hisobiga jiddiy siljishga qo‘l urdi.

Ma’lumki, Prezidentimiz parlamentga qilgan murojaatnomasida iqtisodiyotning barcha sohalarini raqamli texnologiyalar asosida yangilashni nazarda tutadigan Raqamli iqtisodiyot milliy konsepsiyasini ishlab chiqish, shu asosda “Raqamli O‘zbekiston – 2030” dasturini hayotga tatbiq etish, shuningdek, axborot texnologiyalari asosida bank tizimini rivojlantirish, Zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan keng foydalanib, davlatimiz chegara xavfsizligini kuchaytirish va nazorat sifatini oshirish, umuman ilmiy yondashuvlar asosida qator sohalarga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish vazifalarini belgilab bergan edilar. 

Aytish jizki, Hindistonning AKT borasidagi tajribasini o‘rganish bu boradagi vazifalarni sifatli va samarali amalga oshirishda ayni muddaodir. Negaki, bugungi kunda Hindiston dasturiy mahsulotlar ishlab chiqarishda dunyoning yetakchilaridan biridir. Ma’lumotlarga qaraganda, ushbu mamlakatda AKTning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 7,7 foizni tashkil qiladi. O‘zbekiston dasturiy mahsulotlar bozorini rivojlantirishda Hindiston tajribasini o‘rganish shu jihatdan foydadan holi bo‘lmaydi. Qolaversa, Hindistonda AKT sohasida kadrlar tayyorlash darajasi ham yuqori reytinglarda baholanadi. O‘zbekiston uchun bu yo‘nalishdagi hamkorlik ham yaxshi samara beradi.

Umuman olganda, O‘zbekiston-Hindiston o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlik aloqalarining yildan-yilga yangi qirralari kashf etilmqoda. Bu esa har ikki tomon uchun ham birdek manfaatlidir.   

Akbar MUZAFFAROV,

O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya

qo‘mitasi sektor mudiri

  • Ko'rildi
    800
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Ro'yhatga o'tish

Bildirilgan fikrlar

Тошонов Яздон Каттақўрғон туман Кенгаши раисининг биринчи ўринбосари аппарат раҳбари.2019-01-28 08:30:58

Ўзбекистон-Ҳиндистон ўртасидаги икки томонлама ҳамкорлик алоқаларининг йилдан-йилга ривожланиши иккала давлат учун ҳам манфаатли бўлиб бунинг натижасида бир қанча иқтисодий соҳалар бўйинча катта ютуқларга эришиш мумкин.Шу жумладан туризм савдо - сотиқ ва инвестициялар каби.


Fikringizni qoldiring

+