Prezidentimiz tashrifi sirdaryolik tadbirkor va ishbilarmonlarni yangi marralar sari ruhlantirdi

20.02.2019, 12:58

Prezidentimiz tashrifi sirdaryolik tadbirkor va ishbilarmonlarni yangi marralar sari ruhlantirdi

Rustam ShOKIROV, O‘zLiDeP faoli, Xovos tumanidagi “GRAN RUTA DE LA SEDA” korxonasi ish boshqaruvchisi:

Davlatimiz rahbarining 2018 yil 13 aprelda Sirdaryoga tashrifi davomida berilgan topshiriqlar va Sayxunobod tumanida o‘tgan yig‘ilish yakuniga asosan viloyatni 2018-2019yillarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi doirasida xizmat ko‘rsatish va servis, qishloq xo‘jaligi tarmoqlarida qiymati 6,3 trillion so‘mlik 302 ta loyiha amalga oshirilib, 15 ming 458 yangi ish o‘rni tashkil etish belgilangan edi.

Prezidentimiz o‘tgan yili belgilab bergan ushbu topshiriqlarning ijrosini ko‘zdan kechirish, joylarda amalga oshirilayotgan islohotlar jarayoni, bunyodkorlik ishlari, yirik loyihalar bilan tanishish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida 19 fevral kuni Sirdaryo viloyatiga tashrif buyurdi.

Sirdaryoga tashrifi davomida davlatimiz rahbari bir qator yirik korxonalarni ko‘zdan kechirish barobarida bizning Xovos tumanimizda ham bo‘lib, dastlab Xovos shaharchasining bosh rejasi bilan tanishdi. Shuningdek, Prezidentimiz shu yerda xovoslik nuroniylar, mahalla faollari va yoshlar bilan suhbatlashdi. 

Mamlakatimizda katta o‘zgarishlar amalga oshirilayotgani, davlat bilan birga odamlar ham uyg‘onishi, farovon yashashga intilishi kerakligini Prezidentiiz alohida ta’kidladilar. Xovosliklar viloyat rivoji, aholi turmush darajasini oshirishga qaratilgan yangi rejalar ularning hayotga munosabatini o‘zgartirayotganidan mamnunligini qayd etdilar.

Shu bilan bir qatorda davlatimiz rahbari bizning korxonamiz tomonidan zamonaviy usulda tashkil etilgan gidroponika issiqxona majmuasini ham ko‘zdan kechirdilar. 

Bugungi kunda mamlakatimizning barcha hududlarida gidroponika usulida issiqxonalar qurilmoqda. Bu esa sifatli poliz mahsulotlari yetishtirish, ko‘plab ish o‘rinlari yaratish imkonini bermoqda. Aytish joizki, oddiy usulda yetishtirilayotgan pomidor ko‘chatlaridan 3 kilogramm hosil olinsa, gidroponika usulida hosildorlik 12 kilogrammgacha yetadi. Ekinlarning pishib yetilishi 25-30 kunga qisqaradi. 

Mazkur issiqxonalarimizda Gollandiyadan serhosil pomidor va bodring navlari keltirilib ekilgan. Butun jarayon to‘liq avtomatlashtirilgan. Koreya Respublikasidan olib kelingan zamonaviy jihozlar haroratni, o‘simlikning suv va ozuqaga talabini chuqur tahlil orqali aniqlaydi va minerallar bilan boyitilgan suv tomchilatish usulida o‘simlik ildiziga yetkaziladi. 

Issiqxonamizda yiliga 1 ming 500 tonna pomidor yetishtiriladi. Shuningdek, 2 million dollarlik qishloq xo‘jaligi mahsulotini eksport qilishni maqsad qilganmiz. Joriy yilning uchinchi choragida yana 10 gektar issiqxonani ishga tushirishni rejalashtirganmiz. 

Prezidentimiz bizga mazkur issiqxonamizni yanada kengaytirish, Janubiy Koreyadan keltirilib, foydalanilayotgan zamonaviy texnologiyalarni o‘zimizda ishlab chiqarish va xarajatni kamaytirish yuzasidan ko‘rsatmalar berdi.

Ulug‘bek SOTIBOLDIYEV, O‘zLiDeP Sirdaryo viloyat kengashi raisi, “Bek klaster” MChJ shaklidagi qo‘shma korxonasi rahbari:

Prezidentimiz Sirdaryo viloyatiga tashrifi doirasida Mirzaobod tumanidagi “Bek klaster” mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi qo‘shma korxonamizda bo‘lib, u yerda tashkil etilgan paxtani qayta ishlash zavodi faoliyati bilan tanishdi. Bu yerda mehnat qilayotgan ishchi xodimlarimiz bilan dildan muloqot qilgani barchamizni yanada ruhlantirdi.

Shuni alohida e’tirof etishim joizki, 2018 yilda Turkiyaning “SUMER” kompaniyasi bilan hamkorlikda foydalanishga topshirilgan zavodda yiliga 60 ming tonna paxta qayta ishlanmoqda. Korxonamizda 200 ish o‘rni yaratilgan. Davlatimiz rahbari o‘tgan yili Sirdaryo viloyatiga tashrifi doirasida bizning korxonamizda bo‘lib, uni yanada rivojlantirish bo‘yicha topshiriqlar bergan edi.

Prezidentmiz qarori asosida korxonamizga 18 ming gektar yer maydoni ajratib berildi. Mas’uliyati cheklangan jamiyatga qarashli korxonalarimizda mingga yaqin doimiy ish o‘rni yaratilgan. Bundan tashqari, 1 ming 800 nafar kishi mavsumiy ishlarga jalb qilinadi. Yangi zavodimiz paxta xom ashyosini chuqur qayta ishlayapti. Ahamiyatli tomoni, bu yerga o‘rnatilgan zamonaviy uskunalar paxta tolasini sifatli qayta ishlash barobarida, energiyatejamkor hamdir.

Davlatimiz rahbari qishloq xo‘jaligiga ilmiy yondashish doimiy e’tiborimizda bo‘lishi kerakligi, busiz yuqori hosildorlikka erishishning iloji yo‘qligi, shu jihatdan korxonamiz tomonidan ilmiy muassasalar bilan hamkorlikdagi ishlarimizni qo‘llab-quvvatlash kerakligini alohida ta’kidlab o‘tdilar.

Prezidentimizga “Bek klaster” korxonamizda istiqbolda amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan loyihalar haqida ham ma’lumot berib o‘tdik. Xususan, klaster qoshida davlat xususiy sherikligi asosida kollej ochish rejalashtirilgan. Bu yerda klasterga qarashli korxonalar uchun malakali mutaxassislar tayyorlanadi.

O‘ylaymizki, Prezidentimizning viloyatimizga tashrifidan so‘ng yuzlab loyihalarning amalga oshirilishi natijasida minglab yangi ish o‘rinlari yaratiladi, aholimiz turmush tarzi tez sur’atlarda o‘zgarishiga olib keladi. Biz tadbirkorlar mamlakatimiz iqtisodiyotini yanada yuqori bosqichga olib chiqishda bor kuchimizni safarbar etamiz.

  • Ko'rildi
    850
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Ro'yhatga o'tish

Fikringizni qoldiring

+