Azaliy do‘stlik — abadiy do‘stlik

25.04.2019, 12:05

Azaliy do‘stlik — abadiy do‘stlik

Vadim LI, O‘zLiDeP Angren shahar Kengashi raisi:

O‘zbek va koreys xalqlarining an’analari azaldan o‘xshash bo‘lib kelgan. Keksa avlodga katta hurmat, oila muqaddasligi, olg‘a intilishdagi qat’iyat va halol mehnatni rag‘batlantirish fazilatlari ikki xalq tiynatida mujassam. Bunday uyg‘unlik iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishda ham qo‘l kelayotir.

Janubiy Koreya Prezidenti Mun Je Inning O‘zbekistonga tashrifi doirasida o‘tkazilgan biznes-forum vaqtida “Angren” iqtisodiy zonasi “Inchxon” erkin iqtisodiy zonasi boshqaruviga o‘tkazilishi muhokama qilingani ikki tomonlama manfaatli munosabatlarni yanada taraqqiy ettirishda muhim ahamiyatga ega bo‘ldi, deb o‘ylayman. Bu esa yangi-yangi sarmoyalar, yuzlab ish o‘rinlari, aholi qatlamlari uchun barqaror daromad manbai deganidir.

Men O‘zbekistonning baxtiyor fuqarosiman. Shu zaminda dunyoga keldim, o‘sdim, ulg‘aydim, bilim oldim. Tadbirkor sifatida tanildim. Hozir 60 kishi ishlaydigan “Quvvat” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbariman. Ayni paytda O‘zLiDePning Angren shahar kengashi raisi, xalq deputatlari shahar Kengashi deputatiman. Bularning barchasi Prezidentimizning tadbirkorlikni rivojlantirish, ishbilarmonlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida zarur shart-sharoit, imkoniyatlarni yaratishga qaratilgan oqilona siyosati tufayli yuz bermoqda. O‘zbekiston va Koreya Respublikalari o‘rtasidagi ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, madaniy-ma’rifiy sohalarda hamkorlik aloqalarining yangi bosqichga ko‘tarilganidan mamnunmiz.

 Vyacheslav KAN, Xalq deputatlari Bektemir tuman Kengashidagi O‘zLiDeP deputatlik guruhi a’zosi:

Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje Inning O‘zbekiston Respublikasiga tashrifi davomidagi ikki tomonlama uchrashuvlarni ommaviy axborot vositalari orqali muntazam kuzatib bordim. Yuksak ilmiy-texnik, innovatsion va intellektual imkoniyatlarga ega Koreya Respublikasi bilan ayni yo‘nalishdagi hamkorlikning yanada yangi bosqichga ko‘tarilayotganidan xursand bo‘ldim.

Fikrimiz isboti tariqasida ayrim raqamlarni keltirish o‘rinli: 2018 yili Koreya Respublikasi yalpi ichki mahsulotining 4,24 foizini, ya’ni 79,4 milliard AQSh dollari miqdoridagi mablag‘ni ilm-fan sohasiga sarflab, bu borada dunyoda ikkinchi o‘rinni egallaganini hamma ham bilmasa kerak. Shularni inobatga olgan holda mazkur mamlakat bilan innovatsiya sohasida samarali munosabatlarni o‘rnatish o‘ta muhim masaladir.

O‘tgan yillarda O‘zbekiston va Koreya ilmiy jamoatchiligi o‘rtasidagi ilmiy-texnik aloqalarni mustahkamlash maqsadida Koreya rivojlanish instituti, Koreya ilmiy-texnik axborot instituti, Koreya politexnika universiteti, Koreya ilm-fan va texnika jamg‘armasi kabi qator muassasalar bilan ilmiy-tadqiqot ishlar bajarilgani har birimizga mamnuniyat bag‘ishlaydi.

Ilmiy-texnik hamkorlik doirasida qayta tiklanuvchi va muqobil energiya manbalari, sog‘liqni saqlash, fizika-kimyo, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligi sohalarida hamkorlikdagi ilmiy-tadqiqot loyihalari amalga oshirilmoqda. Mazkur loyihalar o‘zbek olimlarining ilmiy tadqiqot ishlariga Koreya investitsiyalarini jalb etish, Koreya ilmiy laboratoriyalarining asbob-uskunalari va materiallaridan foydalanish, shuningdek, xalqaro ilmiy jurnallarida maqolalarini chop etishga xizmat qiladi.

Ishonchim komilki, Koreya Respublikasi Prezidentining O‘zbekistonga tashrifi muhim voqea sifatida mamlakatlarimiz va xalqlarimizni yanada yaqinlashtiradi. Bu jihatga bejiz urg‘u berayotganim yo‘q. Yurtimizda istiqomat qiladigan 140 dan ortiq millat va elat vakillari orasida ikki yuz mingga yaqin koreys millatiga mansub fuqarolar ham yashab kelayapti.

Mamlakatimizda koreys hamda boshqa millat vakillariga katta imkoniyatlar yaratilgan. Buning yaqqol dalili sifatida men 2017 yilda 14-“Suvmash” saylov okrugidan Xalq deputatlari Bektemir tuman Kengashi deputati etib saylandim. 

Poytaxtimizning Bektemir tumanida joylashgan “Suvchi” dahasi, “Rohat”, “Mirishkor” kabi mahallalarida ko‘plab koreys millatiga mansub aholi tinch-osoyishta hayotda kechirib, xalq xo‘jaligining turli sohalarida mehnat qilishyapti. Bir so‘z bilan aytganda, bugungi kundagi ikki davlat o‘rtasidagi turli sohadagi hamkorliklar turli millat vakillarining ahil va totuv turmushining barqaror kafolatidir.

  • Ko'rildi
    863
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Ro'yhatga o'tish

Bildirilgan fikrlar

Носирова Шоира Кармана туман Кенгаши депутати2019-04-29 12:36:22

Ҳақиқатдан ҳам ўзбек ва корейс халқларининг анъаналари азалдан ўхшаш бўлиб келган. Улар ҳақидаги кинолар буни ёрқин далили. Кекса авлодга катта ҳурмат, оила муқаддаслиги, ҳалол меҳнатни рағбатлантириш фазилатлари иқтисодий ҳамкорликни ривожлантиришда ҳам қўл келмоқда. Президентимизнинг тадбиркорликни ривожлантириш, ишбилармонларни қўллаб-қувватлаш мақсадида зарур шарт-шароит, имкониятларни яратишга қаратилган оқилона сиёсати туфайли юз бермоқда. Бундай бирдамлик барчамизни қувонтиради.


Fikringizni qoldiring

+