Xayrli tashabbuslar yurtimizga yogʻilayotgan ezgulik nurini ziyoda etadi

13.05.2019, 12:23

Xayrli tashabbuslar yurtimizga yogʻilayotgan ezgulik nurini ziyoda etadi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 10 may kuni Toshkent shahrida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari va yirik loyihalar bilan tanishdi.
 
Davlatimiz rahbari dastlab Shayxontohur tumanidagi Suzuk ota majmuasiga tashrif buyurdi.
 
Muqaddas islom dinining ezgu amallarini eʼzozlash, ulugʻ allomalarimiz merosini tiklash, qadamjolarini obod etish borasidagi xayrli ishlar muborak Ramazon oyida ezgulik nurlarini yanada koʻpaytiradi.
 
Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida har yili Ramazon oyida islom dinining asl mohiyatini targʻib etish, ilm-fanni rivojlantirish, eʼtiqod erkinligini taʼminlash, moʻmin-musulmonlar uchun keng sharoit yaratish boʻyicha yangi-yangi tashabbuslar roʻyobga chiqarilmoqda. Xususan, oʻtgan yili Ramazon hayitida Toshkent shahrida Oʻzbekiston islom sivilizatsiyasi markazi qurilishiga tamal toshi qoʻyildi.
 
Ayni muqaddas Ramazon kunlari Suzuk ota majmuasi toʻla foydalanishga topshirilgani poytaxt aholisiga oʻzgacha tuhfa boʻldi.
 
Suzuk ota ziyoratgohini yaqin-yaqingacha koʻpchilik bilmas, mahalla ichida qolib ketgan maqbara va eski masjid qarovsizlikdan zax tortib, nurab yotgan edi.
 
Davlatimiz rahbari 2017 yil 26 may kuni Suzuk ota majmuasida boʻlib, maqbara va masjidni rekonstruksiya qilish, atrofini obodonlashtirish boʻyicha topshiriqlar bergan edi. 2018 yil 9 fevralda qurilishning borishi bilan tanishib, majmua yonida hunarmandlar markazi va kutubxona barpo etish boʻyicha koʻrsatma berdi. Shundan soʻng amalga oshirilgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari tarixiy obidalarga yangi hayot baxsh etdi.
 
Maqbara va eski namozxona tubdan taʼmirlanib, masjid, ikkita minora barpo etildi. Majmuaga kiraverishda muzey, kutubxona, mahalla idorasi va boshqa obyektlar qad rostladi. Favvoralar oʻrnatilib, qariyb 8 gektarlik maydon obodonlashtirildi. Maqbaraning ikki tomonida hunarmandlar uchun har biri 4,5 sotixli oʻttizta kottej barpo etildi.
 
Hududda ziyoratchilarning hordiq chiqarishi uchun ayvonlar qurildi. Ularning yogʻoch ustunlari, ravoqlari nafis oʻymakorlik namunalari bilan bezatildi. Maqbara va binolar sirti, eshik-romlar, toqlarga turfa ranglarda naqshlar bilan milliy mentalitetimizga mos zeb berildi.
 
Xoʻja Ahmad Yassaviyning nabirasi boʻlgan Suzuk ota yassaviya tariqatining peshvosi, oʻymakor usta boʻlgan. Yuzlab shogirdlar tarbiyalab, hunar oʻrgatgan. 1363-1364 yillarda buyuk bobokalonimiz Amir Temur Suzuk ota qabri ustida maqbara va masjid bunyod ettirgan.
 
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan bu yerda amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari natijasida bebaho yodgorlik oʻzining tarixiy qiyofasini saqlagan holda yangi mahobatli tabarruk ziyoratgohga aylandi. Bugun bu yerga kelganlar majmuaning betakror salobatidan ulkan maʼnaviy-ruhiy quvvat oladi.
 
Prezidentimiz ushbu bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi. Maqbara ziyorat etilib, Qurʼon tilovat qilindi.
 
Shu yerda diniy ulamolar va nuroniylar bilan suhbat boʻlib oʻtdi. Shavkat Mirziyoyev ularni Ramazon oyi bilan yana bir bor tabriklab, yangilangan majmuaning shunday ulugʻ ayyom kunlarda ochilishi xayrli ekanini taʼkidladi.
 
Shayxontohur qadimdan Toshkentning hunarmandlik rivojlangan maskanlaridan boʻlib kelgani, ajdodlarimizning ezgu anʼanalarini bardavom saqlash yurtimizda qadimiy hunarmandlik turlari bilan birga, sayyohlikni rivojlantirishga xizmat qilishi qayd etildi.
 
Boshqalar yoʻq tarixini bor qilishga harakat qiladi. Biz buyuk tariximizni, allomalarimiz merosini xalqimizga, yoshlarimizga toʻliq yetkazib berolmadik. Oʻzligimizni anglash nuqtai nazaridan shunday joylarga eʼtibor bersak, bunga hamma eʼtibor qaratadi, dedi davlatimiz rahbari.
 
Bu yerdagi hunarmandlar uylari shu mahallada yashovchi usta-hunarmandlarga berildi. Ular duradgorlik, misgarlik, musiqa asboblari yasash, yogʻoch oʻymakorligi, naqqoshlik, beshikchilik, quruvchilik, kosiblik kabi ota-bobolaridan meros hunarlar bilan shugʻullanib kelmoqda.
 
Prezidentimiz hunarmandlar uylarini, yogʻoch qirmachilik va xattotlik ustaxonalarini kirib koʻrdi. Ikki qavatli bu xonadonlarning birinchi qavati ustaxona va doʻkon uchun ajratilgan. Bu yer oʻziga xos hunarmandlik markazi boʻlib, majmua bilan birga noyob turizm maskaniga aylanadi.
 
Hunarmandlik – halol kasb. Bugungi kunda eng katta vazifamiz – ish joylari yaratish. Hunarmandlarga sharoit yaratsak, ham oʻzini boqadi, ham boshqalarni ish bilan taʼminlaydi. Shogirdlar tarbiyalasa, qancha yoshlar hunarli boʻladi, oʻz tadbirkorlik ishini ochib, daromad topadi, dedi Shavkat Mirziyoyev.
 
Toshkent shahrining tarixiy qiyofasini saqlab qolish, bunda Shayxontohur tumanining hunarmandlik va tadbirkorlikni rivojlantirishdagi qadimiy roliga urgʻu berish yuzasidan tavsiyalar berildi.
 
Davlatimiz rahbari Chilonzor tumani Bogʻiston koʻchasida barpo etilayotgan koʻp qavatli uylarni borib koʻrdi.
 
Bugun xalqimiz turmush sharoitini yanada yaxshilash yoʻlidagi islohotlar har bir tuman, har bir mahallaga kirib boryapti. Toshkent shahrida ham koʻp qavatli uylar, zamonaviy maktab, bolalar bogʻchalari, savdo va maishiy xizmat koʻrsatish shoxobchalari, avtomobil turar joylari barpo etilmoqda.
 
Bogʻiston koʻchasidagi uylarning qurilishi boshlanganiga koʻp boʻlgani yoʻq. Prezidentimiz 2018 yil 21 dekabr kuni bu yerga kelib, qurilish maketlari bilan tanishgan, zarur koʻrsatmalar bergan edi. Oradan besh oy oʻtib, bu yerda zamonaviy turar joy mavzei bunyod etildi.
 
Umumiy maydoni 5,6 gektar boʻlgan hududda jami 24 ta 9 qavatli uy barpo etish rejalashtirilgan. Ayni paytda 17 ta uy qurilishi yakunlanib, ichki va tashqi pardozlash ishlari olib borilmoqda.
 
Davlatimiz rahbariga uylarning qurilish texnologiyasi, sifati haqida maʼlumot berildi.
 
Uylar 100 foiz yurtimizda ishlab chiqarilgan qurilish materiallaridan foydalanib, innovatsion usullar asosida barpo etilmoqda. Devorlar qoʻshimcha materiallar bilan qoplangani issiqlikni saqlash va 70 foizgacha energiyani tejash imkonini beradi. Isitish va sovutish tizimi har bir xonadonda mustaqil boshqariladi. Eng muhimi, uylar yashash uchun tayyor holda topshiriladi.
 
Prezidentimiz qurib bitkazilgan xonadonlardan birini kirib koʻrdi.
 
Keng, baland, shinam, qulay uylar shaharsozlikning yangi namunasi boʻladi va odamlarga yangicha tarzda turmush kechirish imkonini tuhfa etadi.
 
Bunday uylarning sifati, energiyani tejashi, zilzilabardoshligi xalqimizga juda maʼqul boʻlmoqda. Shu tajriba asosida mamlakatimizning boshqa hududlarida ham turar joylarni koʻpaytirish zarur, dedi Shavkat Mirziyoyev.
 
Ayni paytda uylar sotuvi boshlangan. Mijozlardan “call markazi” orqali 24 soat davomida ariza qabul qilish va maxsus dastur asosida xizmat koʻrsatish yoʻlga qoʻyilgan.
 
Turar joy majmuasida “aqlli shahar” konsepsiyasi asosida aholiga kommunal xizmat koʻrsatishning yangi tajribasi qoʻllaniladi. Yaʼni, uylarda elektr, santexnika yoki boshqa masalada biror muammo paydo boʻlsa, bu haqda markaziy boshqaruv pultiga xabar boradi va tezkor guruh zudlik bilan yetib keladi.
 
Loyihaga koʻra, hududga tutash bir kilometrga yaqin yoʻl va Boʻzsuv kanali atrofida velosiped yoʻlagi, bolalar maydonchalari, dam olish joylari, favvoralar, muzqaymoqxonalar tashkil etiladi.
 
Prezidentimiz shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf nomidagi majmuada amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi.
 
Davlatimiz rahbari oʻtgan yili fevral oyida ushbu majmua loyihasi bilan tanishib, uni yanada takomillashtirish, bunda xalqimiz va ulamolarning takliflarini ham oʻrganish boʻyicha topshiriqlar bergan edi.
 
Majmuada qisqa vaqtda ulkan qurilish-obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. 2 ming kishiga moʻljallangan masjid, anjumanlar zali, muzey, kutubxona, maqbara, tahoratxona va boshqa yordamchi xonalar bunyod etildi. Favvora qurilib, zamonaviy oʻrindiqlar oʻrnatildi.
 
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf 1952 yil 15 aprel kuni Andijon viloyatida tavallud topgan. Juda qiyin va murakkab davrda Oʻrta Osiyo va Qozogʻiston musulmonlari diniy idorasi raisi, muftiy lavozimida ishladi. U kishi faoliyat koʻrsatgan yillar islomiy ilmlar, diniy qadriyat va anʼanalar qayta tiklangan davr sifatida tariximizda alohida oʻrin tutadi.
 
Muftiy vazifasida u kishi xalqaro miqyosda keng faoliyat yuritib, koʻplab islom mamlakatlari bilan madaniy-maʼrifiy aloqalarni rivojlantirish yoʻlida xizmat qildi. Ulugʻ vatandoshimizning dunyo musulmonlari orasidagi obroʻ-eʼtibori juda baland edi. U Jahon mutafakkir ulamolari yigʻini Ijroiya qoʻmitasi, Jahon musulmon ulamolari xalqaro uyushmasi, Jahon islom uyushmasi kabi nufuzli tashkilotlar, Iordaniya qirollik akademiyasi aʼzosi, Misr Arab Respublikasining “Nil lavri” oltin nishoni sovrindori boʻlgan. Shuni alohida taʼkidlash kerakki, zamonaviy tariximizda islomiy ilmlar boʻyicha hech kim bu darajada yuksak mavqega koʻtarilmagan.
 
Ulugʻ alloma diniy-maʼrifiy mavzularda 100 dan ziyod kitob yozgan. Shayx hazratlarining hikmatga toʻla soʻzlari, suhbatlari, radio va televideniye, matbuot sahifalaridagi chiqishlari yurtdoshlarimiz qalbidan chuqur joy olgan.
 
Prezidentimiz bu masjid shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf nomiga munosib boʻlganini taʼkidladi. Hazratning ilmiy merosini oʻrganish, maʼrifat va odob-axloq mavzularida koʻproq kitoblar chop etish, jamiyatimizdagi maʼnaviy muhitni mustahkamlash boʻyicha tavsiyalar berildi.
 
Shavkat Mirziyoyev “Toshkent” avtovokzalida boʻlib, bu yerda amalga oshirilgan ishlar va yoʻlovchilar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.
 
Davlatimiz rahbarining 2017 yil 10 yanvardagi “Aholiga transport xizmati koʻrsatish hamda shaharlar va qishloqlarda avtobuslarda yoʻlovchilar tashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori asosida Toshkent shahridan viloyatlar markazlari va qoʻshni davlatlarga avtotransport qatnovi yoʻlga qoʻyildi. Tashlandiq holga kelib qolgan “Toshkent” avtovokzali taʼmirlanib, yoʻlovchilar va mamlakatimizga kelayotgan sayyohlar uchun koʻplab qulayliklar yaratildi.
 
Ayni paytda avtovokzalda bir vaqtning oʻzida 2 ming 200 yoʻlovchiga xizmat koʻrsatish imkoniyati mavjud. Vokzal soʻnggi rusumdagi texnologiyalar bilan jihozlangan. Bu yerda zamonaviy VIP-zal, ona va bola, tibbiyot xonalari, namozxona, mehmonxona, haydovchilar uchun dam olish xonasi, dispetcherlik xizmati, doʻkonlar, kafe-bar tashkil etilgan. Imkoniyati cheklanganlarning vokzal hududida emin-erkin harakat qilishi uchun ham sharoit yaratilgan. Ikkitadan lift va eskalator, maxsus panduslar shular jumlasidan.
 
Hozirgi kunda “Toshkent” avtovokzalidan Rossiyaning Nijniy Novgorod, Qozon, Qozogʻistonning Nur-Sulton, Chimkent, Turkiston, Qizil Oʻrda, Olmaota, Ushkunur, Taroz, Yettisoy, Qirgʻizistonning Bishkek, Tojikistonning Xoʻjand shaharlariga avtobuslar qatnamoqda. Ular xizmatidan kuniga mingtagacha yoʻlovchi foydalanadi.
 
Bundan tashqari, mahalliy yoʻnalishlarda kuniga 10 dan ortiq qatnov amalga oshirilayotir. Uzoq yoʻnalishlarga chiptalarni oldindan sotish yoʻlga qoʻyilgan. Har bir avtobus yoʻnalishga chiqishdan avval toʻliq texnik, haydovchilar esa tibbiy koʻrikdan oʻtadi. Avtobuslarning sanitar holati ham doimiy nazoratda.
 
Davlatimiz rahbari bu yerda yaratilgan sharoitni koʻzdan kechirdi. Xalqaro tajriba asosida avtobus haydovchilari malakasini oshirish, yoʻlovchilar xavfsizligini taʼminlash boʻyicha mutasaddilarga zarur topshiriqlar berdi.
 
Prezidentimizning 2018 yil 5 martdagi “Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun respublika tashqarisiga transportda chiqish vaqtida xavfsizligini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga binoan xorijiy davlatlarga vaqtinchalik ishlash uchun ketayotgan fuqarolarni oʻz manziliga xavfsiz yetkazib qoʻyish maqsadida “Uzautotrans Service” korxonasi tashkil etildi. Korxona parkini zamonaviy avtobuslar bilan taʼminlash uchun Xitoyning “Zhengzhou Yutong Bus Co. Ltd.” kompaniyasidan 168 ta zamonaviy avtobus xarid qilindi.
 
Shu yerda mamlakatimizning transport-logistika tizimini rivojlantirish, xalqaro va shaharlararo avtobus yoʻnalishlari, avtovokzal hamda avtostansiyalarni takomillashtirish loyihalari taqdimoti oʻtkazildi.
 
Davlatimiz rahbari Uchtepa tumanidagi 238-umumiy oʻrta taʼlim maktabining yangi oʻquv binosi bilan tanishdi.
 
Mazkur taʼlim muassasasi 1969 yilda qurilgan. Maktablarni qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal taʼmirlash va jihozlash boʻyicha manzilli dastur asosida 2006 yilda joriy taʼmirdan chiqarilgan bu muassasada 2 ming 600 dan ziyod oʻquvchi ikki smenada taʼlim oladi.
 
Yangi oʻquv binosi qurilishiga 2 milliard soʻmdan ortiq byudjet mablagʻi sarflandi. U 240 oʻringa moʻljallangan. Kutubxona, musiqa, texnologiya, ingliz tili, tasviriy sanʼat kabi 12 oʻquv xonalari zamonaviy jihozlangan. “Yoshlar teatr studiyasi”, “Yosh ijodkorlar”, “Xalq cholgʻu asboblari”, “Dasturlash va kompyuter saboqlari”, “Tadbirkor qizlar”, tikuvchilik va bichuvchilik toʻgaraklari oʻquvchilar ixtiyorida. Kutubxonada Wi-Fi hududi tashkil etilgan boʻlib, oʻquvchilar elektron va audiokitoblardan bemalol foydalanishi mumkin.
 
Prezidentimiz yangi binodagi sharoitlarni koʻzdan kechirdi. Taʼlim tizimiga zamonaviy oʻquv dasturlarini joriy etish boʻyicha tavsiyalar berdi.
 
Shu yerda Toshkent shahar xalq taʼlimi muassasalarining bugungi ahvoli, maktablarning moddiy-texnik taʼminoti boʻyicha maʼlumot berildi.
 
Toshkent shahrida ayni paytda 303 ta maktab mavjud. Ularda 409 mingdan ziyod oʻquvchi tahsil olmoqda. 217 ta maktabda 2-3 smenada taʼlim beriladi. 2019-2020oʻquv yilida oʻquvchilar soni 450 mingga yetib, qoʻshimcha 40 ming oʻquvchi oʻrniga ehtiyoj paydo boʻladi. Shuning uchun 9 ta, jumladan, joriy yilning oʻzida 7 ming 350 oʻrinli 5 ta yangi maktab, 37 ta maktabda qoʻshimcha binolar qurish taklifi ilgari surildi.
 
Yangi maktab qurishdan oldin bor imkoniyatlardan, jumladan, kollej va litseylardan boʻshagan binolardan unumli foydalanish masalasini oʻrganib chiqish zarur. Maktablar qurilishiga, arxitekturasiga yangicha uslubda yondashish maqsadga muvofiqdir, dedi Prezident.
 
Davlatimiz rahbari Uchtepa tumanida 200 nafar xotin-qiz ish bilan taʼminlanadigan tikuvchilik sexiga bordi. Mamlakatimizda xotin-qizlar bandligini taʼminlash, ichki bozorni oʻzimizda ishlab chiqarilgan sifatli kiyim-kechaklar bilan toʻldirishda joylarda tashkil etilayotgan tikuvchilik korxonalarining alohida oʻrni bor.
 
Yaqinda “Kozimjon reyting servis” korxonasi tomonidan tashkil etilgan tikuvchilik sexi shulardan biri. Bu sex “Koʻkcha tekstil” jamiyati bilan hamkorlikda bunyod etildi. Loyiha qiymati 3 milliard soʻm. “Koʻkcha tekstil” xorijdan 100 ta zamonaviy tikuv mashinasi va yordamchi uskunalar olib kelib oʻrnatdi. Sex yiliga 500 ming dona tayyor trikotaj mahsuloti ishlab chiqarish quvvatiga ega. Asosan Uchtepa tumanidagi band boʻlmagan xotin-qizlar qayta oʻqitilib, ishga qabul qilinadi. Kelgusida tayyor mahsulotlar uchun maxsus koʻrgazma zali tashkil etish koʻzda tutilgan.
 
Korxona xizmat koʻrsatish sohasida ish yuritadi. 2017 yili supermarket, 2018 yilda oilaviy restoran qurilib, 135 ish oʻrni yaratilgan. Toshkent shahridagi Inha universiteti bilan hamkorlikda ochilgan maxsus tayyorlov kursi faoliyat koʻrsatmoqda.
 
Prezident bu kabi korxonalarning mamlakatimiz iqtisodi rivojidagi oʻrniga toʻxtalib, birinchi navbatda, mahsulot sifatiga eʼtibor qaratish zarurligini qayd etdi. Bozor talabini doimiy oʻrganib borish, mahsulot eksportini yoʻlga qoʻyish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.
 
Shavkat Mirziyoyev Uchtepa tumani rahbarlari, mahallalar raislari, ziyolilar, mutasaddilar bilan uchrashuv oʻtkazdi.
 
Davlatimiz rahbari tumanda aholi jon boshiga sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish Toshkent shahri boʻyicha oʻrtacha koʻrsatkichdan 2 barobar kamligini qayd etdi. Tadbirkorlikni rivojlantirish, ish oʻrinlarini koʻpaytirish, ichki yoʻllar va kommunal tarmoqlarni taʼmirlash, yoshlar masalasi boʻyicha koʻp ishlar qilinishi zarurligini taʼkidladi.
 
Uchtepa tumanini har tomonlama rivojlantirish boʻyicha alohida qaror qabul qilinadi. Unga nisbatan aniq takliflaringizni aytsangiz, bu hujjat amaliy jihatdan yanada foydali, qamrovli boʻladi, dedi Shavkat Mirziyoyev.
 
Tuman iqtisodiyotini rivojlantirish maqsadida2019-2020 yillarda umumiy qiymati 1 trillion 540 milliard soʻmlik 61 ta loyihani amalga oshirish boʻyicha tuman investitsiya dasturi shakllantirilgan. Ushbu loyihalar doirasida 132 million dollar xorijiy sarmoya oʻzlashtirilib, 6 mingdan ziyod yangi ish oʻrni yaratiladi.
 
Tumandagi boʻsh turgan yoki toʻliq ishlatilmayotgan 194 ta obyekt faoliyatini qayta tiklash yoki ular negizida yangi korxonalar tashkil etish boʻyicha topshiriqlar berildi.
 
“Har bir oila – tadbirkor” dasturi doirasida oʻz biznesini boshlamoqchi boʻlgan oilalarni aniqlab, ularga jami 37 milliard soʻm miqdoridagi imtiyozli bank kreditlari qisqa muddatda toʻliq ajratilishini taʼminlash lozimligi qayd etildi.
 
Joriy yilda Investitsiya va “Obod mahalla” dasturlariga muvofiq 1 ming 200 oʻrinli 5 ta bogʻchada qurilish, rekonstruksiya va kapital taʼmirlash ishlari bajariladi. Shuningdek, 200 oʻrinli 2 ta yangi xususiy bogʻcha tashkil etiladi. 24-oilaviy poliklinikaning yangi binosi qurilishi yakunlanib, foydalanishga topshiriladi.
 
“Obod mahalla” dasturi doirasida joriy yilda Guzar va Farhod mahallalarida 60 ta koʻp qavatli uy, ichki yoʻllar, elektr va oqova suv tarmoqlari, ijtimoiy soha obyektlarida 18 milliard soʻmlik taʼmirlash-tiklash ishlari bajariladi. Natijada 11 ming nafar aholining turmush sharoiti yaxshilanadi.
 
“Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturiga muvofiq, 12,5 milliard soʻm imtiyozli kredit ajratish orqali 14 ta loyiha amalga oshiriladi. Yoshlarni zararli taʼsirdan saqlash va boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish uchun ularni madaniyat, sanʼat, sport, kitob oʻqish va axborot texnologiyalariga qiziqtirishga qaratilgan 5 ta tashabbus hayotga izchil tatbiq etiladi.
 
Tuman yoshlari uchun “Ekobogʻ”, “Yashil xiyobon”, “Kitob kafesi” va “Koʻcha sporti” namunasidagi sport-sogʻlomlashtirish maydonchalari barpo etiladi.
 
Uchrashuv ochiq muloqot tarzida oʻtdi. Odamlar oʻz fikr-mulohazalarini bildirdi. Prezidentimiz takliflarni tegishli rejalarga kiritish, yaqin vaqtlarda amalga oshirish boʻyicha mutasaddilarga topshiriqlar berdi.
  • Ko'rildi
    1558
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Ro'yhatga o'tish

Fikringizni qoldiring

+