Tadbirkorni qo‘llab-quvvatlash, himoya qilish — eng dolzarb vazifa

16.05.2019, 09:23

Tadbirkorni qo‘llab-quvvatlash, himoya qilish — eng dolzarb vazifa

Tadbirkor – mulkdorlar sinfining vakili, ish beruvchi hisoblanadi. Birgina ishbilarmonning sa’y-harakati, muvaffaqiyati o‘nlab, yuzlab, minglab odamlarning oilaviy farovonligini belgilab berishi sir emas. Ba’zan shunday bo‘ladiki, arzimas masalani hal qilish uchun yo‘qotilgan vaqt keyinchalik oylar davomida asoratini ko‘rsatadi. Shu bois tadbirkorlik sohasidagi to‘siq va muammolarga o‘z vaqtida, tezkorlik bilan yechim topish o‘ta muhim.

Prezidentimizning shu yil 14 may kuni e’lon qilingan “Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va himoya qilish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonini jizzaxlik ishbilarmonlar ham katta ko‘tarinkilik bilan qarshi olishdi. Ayniqsa, Bosh vazirning tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonalari tashkil etilishi ayni muddao bo‘ldi.

Endilikda ishbilarmonlarni, shu jumladan, chet ellik sarmoyadorlarni qabul qilish hokimliklar, Savdo-sanoat palatasining tadbirkorlikka ko‘maklashish markazlari, inves­titsiyalar va savdo, adliya, soliq inspeksiyasi, qurilish, davlat kadastri organlari, bank va boshqa tashkilotlarning hududiy bo‘limlari vakillari ishtirokida tasdiqlangan jadval bo‘yicha har kuni amalga oshirilishi qat’iy tartibda belgilab qo‘yilishi ham xususiy sektor manfaatlariga xizmat qiladi. Bu esa murojaatlar bilan ishlashni tashkil etish sifati va tezkorligini oshirish, ochiq va to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni ta’minlash, tadbirkorlarning qonuniy talablarini amaliy va samarali ro‘yobga chiqarish hamda muammoli masalalarni hal etish, hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivoj­lanishiga real hissani ko‘paytirish, aholining ish bilan bandligini oshirish va moddiy farovonligini o‘stirishga zamin yaratadi.

Xolisxon BOBOYEVA,

“Zomin teks eksport” MChJ qoshidagi pillani

qayta ishlash fabrikasi direktori

  • Ko'rildi
    805
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Ro'yhatga o'tish

Fikringizni qoldiring

+