Prezidentimizning tashrifi biz andijonliklarni yanada yangi marralar sari undaydi

17.05.2019, 15:03

Prezidentimizning tashrifi biz andijonliklarni yanada yangi marralar sari undaydi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari va avval berilgan topshiriqlar ijrosi bilan tanishish maqsadida 16-17 may kunlari Andijon viloyatiga tashrif buyurdi. Ushbu tashrif yuzasidan partiya faollarining fikr-mulohazalari bildirib o‘tilgan.

 Toxir TOLIPOV, O‘zLiDeP Andijon viloyat Kengashi raisi:

Davlatimiz rahbari o‘tgan yili 19-20 may kunlari viloyatimizga tashrifi chog‘ida hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha muhim vazifalarni belgilab bergan edi. Shu davr mobaynida ular ijrosiga alohida e’tibor qaratildi. Viloyatimizda shahar va qishloqlar obod bo‘lib, aholi farovonligi yuksaldi. Ayniqsa, sanoat, qurilish, farmatsevtika, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik, ijtimoiy sohalarni rivojlantirishda salmoqli natijalarga erishildi. Barcha makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar bo‘yicha o‘sish kuzatildi.

2018 yilda Investitsiya dasturi doirasida umumiy qiymati 1,8 trillion so‘mga teng 411 loyiha amalga oshirildi, 12 mingdan ziyod yangi ish o‘rni yaratildi. Xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi loyihalarni amalga oshirish hisobidan 20,7 million AQSh dollari miqdorida import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish quvvatiga ega yirik korxonalar foydalanishga topshirildi. 211,2 million dollarlik mahsulot eksport qilindi.

Buning natijasida viloyatning ijtimoiy-iqtisodiy yuksalishi, shahar, tuman markazlari bilan bir qatorda eng chekka qishloq va mahallar obod bo‘lishi, minglab ish o‘rinlari yaratilishi, aholi turmush darajasi ortishiga zamin yaratdi.

Davlatimiz rahbarining bu galgi tashrifida bir qator yangi ishga tushirilgan korxonalar, tadbirkorlik sub’ektlarini ko‘zdan kechirish barobarida keyingi yillarda amalga oshirilishi rejalashtirilgan qator yangi loyihalar bilan ham yaqindan tanishdi, tegishli taklif va ko‘rsatmalarni berib o‘tdi.

Albatta, buning zamirida xalqimiz hayotini yaxshilash, farzandlarimizning ertangi kuniga zamin yaratish, har bir fuqaroning kelajakka bo‘lgan ishonchini orttirish, aholi farovonligini ta’minlash maqsadi mujassam.

Bu kabi viloyatimizda bo‘layotgan o‘zgarishlarga partiyamiz faollari, deputatlik korpusi vakillari ham o‘z hissalarini qo‘shgan holda aholi tomorqalaridan samarali foydalanishda targ‘ibotni keng yo‘lga qo‘yish, hududda tadbirkorlikni yanada rivojlantirish orqali yangi ish o‘rinlarini yaratish, investitsiya loyihalarini joriy etilishida partiyaviy nazoratini olib borishni ustuvor maqsadlaridan biri sifatida belgilab oldi.

 Zokirjon NABIJONOV, O‘zLiDeP faoli, “Khantex Group” MChJ rahbari:

 Davlatimiz rahbari viloyatimizga tashrifi doirasida Qo‘rg‘ontepa tumani Uchqun mahallasida tashkil etilgan ushbu korxonamiz faoliyati bilan ham yaqindan tanishdi. Korxonamiz tashkil etilganiga ikki yil bo‘lib, paxta-to‘qimachilik klasteri shaklida faoliyat olib boradi. Korxonamiz qariyb 9 ming gektar maydonda fermerlar bilan paxta yetishtirish bo‘yicha hamkorlik qilib kelmoqda.

Prezidentimiz o‘tgan yil may oyida Andijon viloyatiga tashrifi chog‘ida jamiyatimizning to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish loyihasi bilan tanishgan edi. Bugunga kelib bu reja to‘la amalga oshirildi – ulkan yigiruv sexi binosi qurilib, Shveysariyaning «Riter» kompaniyasidan zamonaviy uskunalar keltirib o‘rnatildi. Hududda yashovchi 400 nafarga yaqin aholi doimiy ish joyiga ega bo‘ldi.

Bu – hali dastlabki ishlar. Keyingi bosqichlarda mato to‘qish, bo‘yash, tayyor kiyim-kechak va sochiq ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Loyihaning umumiy qiymati qariyb 58 million yevro bo‘lib, korxona to‘liq quvvat bilan ish boshlagach, yiliga 9 ming tonnadan ziyod ip-kalava, qariyb 6 million pogon-metr gazlama, 10 million donadan ortiq tikuv-trikotaj mahsuloti ishlab chiqariladi, 1500 ish o‘rni yaratiladi. Eksport hajmini 40 million dollarga yetkazishni mo‘ljallaganmiz.

Bundan tashqari, klaster negizida 2 ming tonna iste’mol yog‘i, 7,5 ming tonna shrot, 5,4 ming tonna sheluxa ishlab chiqarish quvvatiga ega zamonaviy yog‘-ekstraksiya zavodi va chorva kompleksi tashkil etilmoqda.

Davlatimiz rahbari korxonamiz tarkibidagi klasterning yigiruv sexini kirib ko‘rdi. Mahsulotlar sifatini oshirish, eksportini keng yo‘lga qo‘yish, daromadni oshirish uchun sharoit yaratish kerakligi borasida o‘z takliflarini bildirdi.

Prezidentimizning tashabbusi bilan hududlarda tashkil etilayotgan bu kabi klasterlik faoliyati yo‘lga qo‘yilayotgani mahsulotlarning raqobatbardoshligini oshirishga, nafaqat ichki bozorlarimiz, balki xorij bozorlarini egallashga, eng muhimi aholining ish bilan bandligi ta’minlanib farovon turmush kechirishga zamin yaratmoqda.

  • Ko'rildi
    844
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Ro'yhatga o'tish

Fikringizni qoldiring

+