Prezidentimizning viloyatlarga safarlari hamisha ulkan yangilanishlarni boshlab berishini yana bir bor yurak-yurakdan his qildik

19.07.2019, 14:05

Prezidentimizning viloyatlarga safarlari hamisha ulkan yangilanishlarni boshlab berishini yana bir bor yurak-yurakdan his qildik

Davlatimiz rahbarining viloyatlarga tashrifi hamisha ulkan yangilanishlarni boshlab beradi. Bunday tashriflar natijasida xalq farovonligini yuksaltirish, iqtisodiyotni rivojlantirish, madaniy-ma’rifiy hayotni boyitish, shaharu qishloqlar qiyofasini o‘zgartirishga xizmat qiladigan yirik loyihalarni hayotga tatbiq etishdek ezgu g‘oyalarning amaliyotga tatbiqini sirdaryoliklar katta mamnuniyat bilan kutib olishdi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev bunyodkorlik ishlari, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi bilan tanishish maqsadida 18 iyul kuni Sirdaryo viloyatining Xovos tumaniga tashrif buyurdi.

Xovos shaharchasida bugungi kunda 27 mingdan ziyod aholi istiqomat qiladi. Oxirgi ellik yil davomida birorta ham ko‘p qavatli uylar qurilmagan.  Aholi eski, tor va zax uylarda yashab kelgani ayni haqiqat. Prezidentimizning topshirig‘iga asosan ayni paytda  maxsus hududda 30 ta ko‘p qavatli, 760 ta kvartira va 150 ta bir qavatli uy bunyod etilmoqda. Hech shubha yo‘q-ki, zamonaviy infratuzilmaga ega yangi turar - joylar aholining ijtimoiy sharoitini yaxshilab, xalq farovonligini, hayot sifat darajasini oshirishga xizmat qiladi.

Bundan tashqari hududda mahalliy hokimiyat va boshqaruv organlari binolari, davlat xizmatlari markazi, tijorat banklari, maktab, istirohat bog‘i, xotira maydoni, kinoteatr, kutubxona, masjid, bozor, savdo va maishiy xizmat shaxobchalari qurilishi ham jadallik bilan olib borilmoqda.

Prezidentimiz yangi ish o‘rinlari yaratish masalasiga ham alohida e’tibor qaratdi. Yangi uylarga ko‘chib o‘tadigan yurtdoshlarimizning doimiy daromad manbaiga ega bo‘lishlari uchun biznes va kichik biznes sub’ektlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish lozimligi ham ta’kidlandi.

2020 yil boshida viloyat aholisining ichimlik suvi bilan ta’minlanishi 88 foizdan oshishi, hududda parrandachilik, bog‘dorchilik, sabzavotchilik va polizchilikni rivojlantirish evaziga minglab ish o‘rinlari yaratilishi kutilmoqda.

Davlatmiz rahbari tashrifi doirasida bizning “Bek klaster” korxonamizga qarashli “Saxovat” fermer xo‘jaligi dalasida bo‘lib g‘o‘za rivojini ko‘zdan kechirdi. Xo‘jaligimizga qarashli 150 gektar yerning har qarichidan unumli foydalanib, paxta, g‘alla va chorva uchun ekin ekilgandi. G‘alladan  gektaridan 65 sentnerdan hosil olinib, 314 million so‘mdan ziyod sof foyda ko‘rildi. G‘alladan bo‘shagan maydonga eksportbop dukkakli ekinlar ekildi va eksportyor korxonalarga 30 tonna dukkakli mahsulot yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzolandi.  Hozirda  50 gektar maydondagi g‘o‘za nihollari agrotexnik talablar asosida parvarish qilinmoqda.

-Dalaga chiqishdan maqsad nima o‘zi? Daromad topish! Daromadni esa qo‘shimcha hosil ta’minlaydi. Shuning uchun terimgacha har bir tupga kamida beshtadan ko‘sak, gektariga besh sentnerdan paxta qo‘shishga harakat qilish kerak, - dedi Prezidentimiz biz bilan suhbatda. Bu ishonch va e’tibor kuchimizga kuch, g‘ayratimizga g‘ayrat qo‘shdi. Bu ishonchni oqlash maqsadida yanada g‘ayrat-shijoat bilan mehnat qilmoqdamiz.

Shu yerda viloyat tumanlari va sektorlar rahbarlari, nuroniylar, fermer va tadbirkorlar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda qishloq xo‘jaligi va kichik biznesni rivojlantirish, aholi salomatligini mustahkamlash, jinoyatchilikning oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ham so‘z bordi.

Davlatimiz rahbarining viloyatlarga safarlari hamisha ulkan yangilanishlarni boshlab berishini yana bir bor yurak-yurakdan his qildik. Xalq farovonligini yuksaltirish, iqtisodiyotni rivojlantirish, madaniy-ma’rifiy hayotni boyitish, shaharu qishloqlar qiyofasini o‘zgartishiga xizmat qiladigan yirik loyihalarni hayotga tatbiq etishdek ezgu g‘oyalarning amaliyotga tatbiqini sirdaryoliklar mamnuniyat bilan qabul qilishmoqda.                             

Ulug‘bek SOTIBOLDIYEV,

O‘zLiDeP Sirdaryo viloyati Kengashi raisi,

“Bek-klaster” MChJ qo‘shma korxonasi

bosh direktori

  • Ko'rildi
    793
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Ro'yhatga o'tish

Fikringizni qoldiring

+