Xalqaro standartlar sari shahdam qadamlar

21.08.2019, 16:02

Xalqaro standartlar sari shahdam qadamlar

Tarixan qisqa davr ichida jonajon Vatanimiz har sohada ildamlab borayotganligini har qadamda guvohi bo‘lib, ko‘zlarimiz quvonmoqda. Ayniqsa oxirgi uch yil davomida yurtimizda olib borilayotgan keng qamrovli ishlarning o‘ta qisqa vaqtlarda amalga oshirilayotganligi xorijiy ekspertlar, xalqaro jamoatchilik institutlari, yurtimizga tashrif buyurayotgan sayyohlarimiz, eng asosiysi aholimiz tomonidan yuksak darajada e’tirof etilmoqda.

Barcha sohalar kabi texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, sertifikatlashtirish va metrologiya tizimlarini rivojlantirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilib kelinmoqda. Xususan, mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning sifatini oshirish, ularni xalqaro standartlar talablariga muvofiq bo‘lishini ta’minlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar natijasida aholimizga sifatli va xavfsiz mahsulotlarning yetkazib berilishi bilan birga respublikamizning eksport salohiyati sezilarli darajada oshmoqda. Raqamlarga yuz tutadigan bo‘lsak, joriy yilning birinchi yarim yilligida sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish sur’ati o‘tgan yilning shu davriga nisbatan qariyb 7 foiz, eksport hajmi esa 127 foizni tashkil etganligining o‘zi yuqoridagi fikrlarimizga yaqqol dalili bo‘la oladi.

Ushbu ko‘rstakichlarning negizi ishlab chiqarishga xalqaro standartlarni joriy qilish, sohaga innovatsion texnologiyalarni kiritish hamda ilmiy-tadqiqot natijalarini amaliyotga keng joriy etish, mavjud sinov va kalibrlash laboratoriyalarini modernizatsiya qilish masalalari bilan chambarchas bog‘liq desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Standartlashtirish sohasini yanada jonlantirish, sohaga xususiy investitsiyalarni keng jalb etish va mahalliy mahsulotlarni xalqaro standartlarga muvofiq baholash orqali savdodagi texnik to‘siqlarni bartaraf etish kabi masalalarni yechish borasida muhataram Prezidentimiz tomonidan joriy yilning 15 avgust kuni “O‘zbekiston Respublikasida muvofiqlikni baholash tizimini yanada takomillashtirish va sinov laboratoriyalari kompleksini rivojlantirish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Mazkur hujjatning ayrim jihatlariga e’tiborimizni qaratamiz. Qarorga ko‘ra “O‘zstandart” agentligining “Respublika sinov va sertifikatlashtirish markazi” davlat korxonasini 2020 yil 1 yanvardan “O‘zbekiston ilmiy-sinov va sifat nazorati markazi” davlat korxonasiga aylantirilishi hamda
2019-2020 yillarda Toshkent shahrida xalqaro tashkilotlarning standartlari, talab va me’yorlariga muvofiq oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, elektrotexnika, yengil sanoat, mashinasozlik, qurilish, polimer va kimyo sanoati mahsulotlari hamda yuqori texnologiyalar asosida ishlab chiqarilgan mahsulotlarning sinovlarini to‘liq amalga oshiradigan zamonaviy sinov va nazorat laboratoriyalaridan iborat “UzTest” davlat korxonasining sinov va nazorat kompleksini tashkil etish belgilab qo‘yildi. Bu o‘z navbatida mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan ishlab chiqarilayotgan mashulotlarni har tomonlama sinovlardan o‘tkazish imkonini yaratadi.

Aytib o‘tish joizki, shu kungacha ayrim turdagi sinov ishlari xorijiy davlatlardagi maxsus laboratoriyalarda o‘tkazilib kelinadi. Endilikda mahalliy mahsulot ishlab chiqaruvchilar, xususan, tadbirkorlarimiz ortiqcha ovaragarchiliksiz, o‘zimizining milliy valyutamiz evaziga qisqa muddatlarda tegishli sinovlarni o‘tkazgan holda tegishli muvofiqlik belgilarini olishlari mumkin bo‘ladi.

Ushbu qarorning yana bir e’tiborli jihati boshqaruv tizimida davlatning ishtirokini kamaytirish, markazlashgan boshqaruv siyosatidan voz kechish hamda ortiqcha byurokratik to‘siqlarning oldini olish, maqsadida 2019-2020 yillarda “UzTest” davlat korxonasining hududiy filiallarini chet el va mahalliy investorlarga realizatsiya qilish, shu jumladan, ularning negizida davlat-xususiy sheriklik asosida loyihalarning amalga oshirilishi yo‘lga qo‘yiladi. Bunda mahsulot sifati va xavfsizligini tasdiqlovchi ruxsat beruvchi hujjatlar va muvofiqlik sertifikatlarini rasmiylashtirish idoraviy bo‘ysunuvidan qat’iy nazar akkreditatsiya qilingan sinov laboratoriyalarida o‘tkazilgan ijobiy sinov natijalariga asosan amalga oshirilishi belgilab qo‘yildi.

Ushbu sohada faoliyat olib boruvchi sub’ektlarning akkreditatsiya qilingan sinov laboratoriyalari xalqaro standartlarga asosan yangi sinov uslubini o‘zida joriy etsa, uch oy ichida akkreditatsiya doirasini kengaytirish majburiyatini olgan holda ushbu uslub bo‘yicha muvofiqlikni baholash ishlarini amalga oshirishlariga ruxsat etilishi tadbirkorlik sub’ektlarning ortiqcha byurokratik to‘siqlarsiz o‘z faoliyat doirasini kengaytirishga imkon yaratadi.

Hujjatda soha rivojini ta’minlovchi asosiy resurlardan bo‘lgan mutaxassis tayyorlashga ham alohida e’tibor qaratilganligi diqqatga sazovar. Unda “O‘zstandart” agentligi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan birgalikda respublikada hamda chet el oliy ta’lim muassasalarida standartlashtirish, metrologiya va muvofiqlikni baholash yo‘nalishlarida ta’lim olayotgan 3 va 4-bosqich talabalari orasida tanlov o‘tkazib, ularning xorijiy mamlakatlar eng ilg‘or ilmiy-sinov laboratoriyalarida amaliyotini tashkillashtirish va milliy sinov va kalibrlash laboratoriyalariga muddatli shartnoma asosida ishga jalb qilish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasini tasdiqlash hamda amalga oshirish vazifasining belgilanishi esa soha rivojini ta’minlovchi asosiy resurs bo‘lgan – kadrlar masalasining maqbul yechimi hisoblanadi.

Qutlimurod BABASHEV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi

O’zLiDeP fraksiyasi a’zosi

  • Ko'rildi
    914
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Ro'yhatga o'tish

Fikringizni qoldiring

+