Qorako‘lchilik sohasiga davlat tomonidan e’tibor kuchaytirilmoqda

21.08.2019, 17:01

Qorako‘lchilik sohasiga davlat tomonidan e’tibor kuchaytirilmoqda

Davlatimiz rahbari tomonidan qorako‘lchilik sohasini rivojlantirishga alohida ahamiyat qaratilmoqda. Xususan, Prezidentimiz o‘tgan yil fevral oyida Buxoroga tashrifi davomida mahalliy aholi ilgaridan qorako‘lchilik mahsulotlarini butun dunyoga sotib katta daromad olganligini, bu sohada yo‘qolib borayotgan naslchilik va tajribani qayta tiklash, cho‘pon va tikuvchi hunarmandlarni qo‘llab–quvvatlash zarurligini ta’kidlab o‘tgan edi.

Sohani rivojlantirishning zaruriyatidan kelib chiqib, 2018 yil 14 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Qorako‘lchilik sohasini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori qabul qilindi. Qarorga muvofiq, 2023 yil 1 yanvarga qadar qorako‘lchilik bilan shug‘ullanayotgan sub’ektlar va qorako‘lchilik mahsulotlarini qayta ishlash korxonalari qorako‘lchilik uchun zarur bo‘lgan, respublikada ishlab chiqarilmaydigan, belgilangan tartibda tasdiqlanadigan ro‘yxat bo‘yicha import qilinadigan materiallar uchun bojxona to‘lovlari to‘lashdan (bojxona rasmiylashtiruvi yig‘imlaridan tashqari) ozod etildi. Bundan tashqari, qorako‘lchilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari uchun yagona yer solig‘i stavkalari 2023 yil 1 yanvarga qadar o‘zgarishsiz qoldiriladigan bo‘ldi.

Prezidentimizning joriy yil 16 avgust kuni qabul qilingan “Qorako‘lchilik tarmog‘ini kompleks rivojlantirish chora–tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarorining qabul qilinishi sohani uzviy rivojlantirish qanchalik muhimligini ko‘rsatdi va olib borilayotgan islohotlarning mantiqiy davomi bo‘ldi.

Darhaqiqat, o‘tgan yilda soha oldiga aniq vazifalar belgilab berilgan, sohani rivojlantirish maqsadida imtiyozlar berilgan. Yaqinda qabul qilingan ushbu qaror esa sohada natijadorlikka erishishga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir. Xususan, mazkur qaror bilan 2019-2021 yillarda qorako‘l zotli qo‘ylar bosh soni, jun va qorako‘l teri ishlab chiqarishni ko‘paytirishning prognoz parametrlari tasdiqlandi. Unga ko‘ra, 2018 yilda respublika bo‘yicha qorko‘l zotli qo‘ylar 5870 bosh bo‘lgan bo‘lsa, 2019 yilda 6270 bosh, 2020 yilda 6768 bosh, 2021 yilda esa 7346 boshga yetkazilishi rejalashtirildi.

Xuddi shu kabi jun ishlab chiqarish, ushbu davrda 125,1 foizga, qorako‘l terisi ishlab chiqarish 125,7 foizga oshirilishi belgilandi.

Yana bir hijat, yurtimizning ayrim mintaqalarida yuqori elita sinfli nasldor qorako‘l qo‘ylar yetishtirishga ixtisoslashtirilgan Ilmiy-naslchilik tajriba stansiyalarini tashkil etish belgilandi. Ilmiy-naslchilik tajriba stansiyalari faoliyati yuqori nasldor elita sinfiga mansub qo‘ylar otarlarini ilmiy asosda tashkil etish, otarlarda naslchilik va sun’iy urug‘lantirish ishlarini tizimli tashkil etish, qorako‘l terining raqobatbardosh turlarini yaratish, yetishtirilgan yuqori mahsuldor qorako‘l qo‘y va qo‘chqorlarni aholi xonadonlariga, dehqon hamda fermer xo‘jaliklariga tizimli ravishda yetkazib berishni yo‘lga qo‘yishga qaratiladi.

Albatta, bu sohaga berilayotgan e’tibor mamlakatimizda chorva soni oshishiga, qorako‘lchilik sohasini rivojlanishiga, eksport hajmi ortishiga, pirovardida aholi va davlat daromadlari oshishiga xizmat qiladi.

O‘tkir TURSUNOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O’zLiDeP fraksiyasi a’zosi

  • Ko'rildi
    2053
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Ro'yhatga o'tish

Bildirilgan fikrlar

Abdumannon fayzullaev2020-10-01 20:13:59

Abdukarm Agromeva x.k rahbariman menham qorakulchilika azo bulsam buladimi


Fikringizni qoldiring

+