Turkiy Kengash: yoshlar tadbirkorligiga e’tibor - kelajakka sarmoya deganidir

17.10.2019, 16:29

Turkiy Kengash: yoshlar tadbirkorligiga e’tibor - kelajakka sarmoya deganidir

Avval xabar berganimizdek, Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida 15 oktabr kuni Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining yettinchi sammiti bo‘lib o‘tdi. Unda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi va muhim takliflarni o‘rtaga tashladi.

O‘zbekistonning tashkilotga a’zo bo‘lishi, hech shubhasiz, tabiiy va tarixiy jarayon bo‘lsa, boshqa tomondan unda mamlakatimiz rahbari tomonidan tadbirkorlik sohasiga doir muhim tashabbuslarni ilgari surdilar. Xususan, tadbirkorlik sohasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri va ishonchli aloqalarni o‘rnatish uchun eng qulay sharoitlarni yaratish, bunda qo‘shma texnoparklar, startap innovatsiya kompaniyalari va venchur jamg‘armalari tashkil etish, qo‘shma investitsiya fondi va turkiy davlatlar savdo uylarini birgalikda barpo etish hamda Kengashga a’zo mamlakatlar aholisining 40 foizdan ortig‘i yoshlar ekanidan kelib chiqib, ularni tadbirkorlikka keng jalb qilish maqsadida Turkiy Kengash doirasida Yosh tadbirkorlar forumini ta’sis etish va uni birinchi yig‘ilishini kelgusi yil O‘zbekistonda o‘tkazish taklif qilindi.

Ham xalqning kichik vakili, ham yosh tadbirkor sifatida ushbu tashabbusni to‘la qo‘llab-quvvatlayman. Chunki, yoshlar o‘rtasida tadbirkorlikni rivojlantirish bu - kelajakka kiritilgan eng muhim sarmoyadir. Negaki, ayni paytda mamlakatimizni innovatsion asosda rivojlantirish kun tartibida turgan asosiy masalalardan biridir. Bu vaziflarni amalga oshirish esa ko‘p jihatdan zamonaviy va kreativ fikrlaydigan, har qanday vaziyatda ham mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga qodir bo‘lgan, g‘ayrat-shijoatli, intellektual salohiyatli yoshlarga bog‘liq. Bugun xohlaymizmi yo‘qmi zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalari, innovatsion ishlanmalar har bir sohani o‘rab olmoqda. Undan samarali foydalanishni esa intellektual yoshlarsiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Bu ortga qaytmaydigan tabiiy jarayon. Biznesni rivojlanishi ham bugun AKT bilan uzviy bog‘liq.

Yoshlar kashfiyotlarga o‘ch bo‘lishadi. Isroil, Yaponiya kabi mamlakatlar ana shunday ixtirolarni sotish orqali millardlab daromad olayotgani ham sir emas. Mamlakatimizda ham bunday iqtidorlar ko‘plab topiladi. Misol uchun yurtimizdagi eng nufuzli bilim yurtlaridan biri Turin politexnika universitetini olaylik. Men doim ularni ixtirolarini, ishlanmalarini kuzatib boraman. Masalan, mamlakatimizda yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga xorijda talab juda katta. Universitet talabalari tomonidan sohada ish samaradorligini yanada oshirish maqsadida xo‘jalik roboti yaratildi. Uning vazifasi inson uchun zararli bo‘lgan kimyoviy dori vositalari va o‘g‘itlarni ekin maydonlariga sepishdan iborat. Bundan tashqari robot urug‘ ekishga ham moslashtirilgan. Loyiha mobil telefonlar orqali WI-FI modulida boshqariladi. Bu ixtiro allaqachon ko‘plab issixonalarda qo‘llanilayapti va u o‘zini oqladi.

Prezidentimiz tomonidan Turkiy Kengash doirasida Yosh tadbirkorlar forumini o‘tkazish tashabbusi birinchi galda ana shunday yosh iqtidorlarni bir joyga jamlaydi. Mamlakatimizda ilk bor o‘tkaziladigan bo‘lajak Forum esa yosh iqtidor egalari o‘z ishlanmalarini xalqaro miqyosda namoyish etishlari uchun munosib minbar vazifasini o‘taydi. 

Shozafar Shoahmedov,

O‘zLiDeP Yashnobod tuman

Kengashi deputati

  • Ko'rildi
    1069
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Ro'yhatga o'tish

Fikringizni qoldiring

+