Chorvachilik tarmog‘i qo‘llab-quvvatlanadi

01.02.2020, 15:00

Chorvachilik tarmog‘i qo‘llab-quvvatlanadi

Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasida bu yil meva-sabzavotchilik, uzumchilik, urug‘chilik, chorvachilik, agro-logistikani rivojlantirish, suvni tejaydigan texnologiyalarni keng joriy etish, ilmiy-tadqiqot ishlari, soha uchun malakali kadrlarni tayyorlashga 3 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltirilishi, shuningdek chorvachilik, qorako‘lchilik, baliqchilik, parrandachilik kabi sohalarda naslchilikka alohida e’tibor qaratilib, uni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning yangi mexanizmlari tatbiq etilishi aytib o‘tilgan edi.

2020 yil 29 yanvarda O‘bekiston Respublikasi Prezidentining “Chorvachilik tarmog‘ini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Qaror bilan Chorvachilik va uning tarmoqlarini rivojlantirish Respublika kengashi tashkil etildi va uning asosiy vazifalari belgilandi.

Qarorga muvofiq chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik va quyonchilik bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish uchun tijorat banklari tomonidan ajratiladigan kreditlarga kompensatsiya yoki kafillik, bundan tashqari tadbirkorlarga tijorat banklarining kreditlari bo‘yicha foiz xarajatlarini qoplash uchun tegishli tartibda kompensatsiya taqdim etiladi.

Mazkur qarorning qabul qilinishi natijasida chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik va quyonchilik sohalarida umumiy qiymati 4,5 trln so‘mlik jami 1 264 ta investitsiya loyihalar, shu jumladan Toshkent viloyati Oxangaron tumanining o‘zida 2020 yilda 720 mlrd so‘mlik 44,5 ming bosh qoramol va 15 ming bosh qo‘y boqishga mo‘ljallangan loyihalar amalga oshiriladi.

Chetdan naslli qoramol olib kelgan xo‘jaliklarga ozuqabop ekinlar ekish uchun ajratilgan yer maydonlaridan samarali foydalanish, paxta-beda almashlab ekish tizimini joriy etilib, yer maydonlarning tuproq strukturasi yaxshilanadi va beda ekini hisobidan gektariga 400-450 kg azot to‘planishiga erishiladi.

Respublikada mavjud 1 mln 33 ming gektar paxta maydonlari hisobidan 103,3 ming gektar beda ekish tashkil etilib, tannarxi arzon bo‘lgan va sifatli go‘sht yetishtirish imkoniyati paydo bo‘ladi.

Parrandachilik mahsulotlarini arab davlatlari (BAA, Saudiya Arabistoni) va uzoq sharq mamlakatlariga (Xitoy, Vetnam) eksport qilish imkoniyati yaratiladi.

Yevropa, Afrika va AQSh davlatlaridan parrandalarning noyob turlari, tuyaqushlar, inkubatsion tuxum va bir kunlik jo‘jalarni, parrandachilikda foydalaniladigan va turli kasalliklarga qarshi ishlatiladigan sifatli veterinariya preparatlari va vaksinalarni nisbatan arzon narxlarda olib kelinadi.

Qishloq xo‘jaligini yanada rivojlantirish O‘zLiDeP saylovoldi dasturida ham ustuvor vazifa sifatida belgilab olingan bo‘lib, davlatimiz rahbarining mazkur qarori ijrosini joylarda to‘liq ta’minlashda parlamentdagi fraksiyamiz a’zolari nazorat olib boradi.

Ravshan MAMUTOV,

Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi

Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi raisi,

O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi

  • Ko'rildi
    305
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Ro'yhatga o'tish

Fikringizni qoldiring

+