Kartoshkachilik klasterlari va kooperatsiyalariga asos solinadi

12.05.2020, 14:25

Kartoshkachilik klasterlari va kooperatsiyalariga  asos solinadi

Yurtimizda koronavirus pandemiyasi keltirib chiqarayotgan inqirozga qarshi kurashish sharoitida aholi tomorqalaridan samarali foydalanishni tashkil qilish, tomorqalardan yiliga ikki-uch marotabagacha hosil olish uchun katta imkoniyatlar bor. Zero, mamlakatimizda aholini oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlash tizimi samarali yo‘lga qo‘yilgan.

Bu haqda gapirganda, so‘nggi yillarda aholi tomorqalaridan samarali foydalanish bo‘yicha qator qarorlar qabul qilingani, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi hamda uning hududiy bo‘linmalari tashkil qilinib, aholiga urug‘lik va ko‘chat yetkazib berish, xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha 244 ta “Tomorqa xizmati” korxona faoliyati yo‘lga qo‘yilganini alohida ta’kidlash joiz.

Bugungi kunda O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda hududlardagi dehqon xo‘jaliklari va aholi tomorqalariga ekin ekish holatini o‘rganmoqda. Tumanlarda tashkil etilgan “Tomorqa xizmati” MChJlari esa tuproq-iqlim sharoiti va suv bilan ta’minlanganlik holatidan kelib chiqib, qaysi turdagi ekinlarni ekish, parvarishlash, mahsulotni yig‘ib olish va uni sotish bo‘yicha amaliy yordamlar ko‘rsatyapti. 

Kengash joylardagi hokimlar bilan birgalikda suv ta’minoti yaxshi bo‘lmagan mahallalarda artezian quduqlar qazib, hosildorlik, iste’mol va urug‘lik uchun kartoshka yetishtirishni oshirishga alohida e’tibor qaratmoqda. Xususan, kengash huzuridagi jamg‘arma tomonidan joriy yilning o‘tgan to‘rt oyi davomida kartoshka urug‘i sotib olish, kartoshkachilikni rivojlantirish uchun 81 ta tomorqa yer egasiga 1 mlrd. 11 mln. so‘m, Jizzax viloyati G‘allaorol tumanidagi 35 ta fermer xo‘jaligiga 1 mlrd. 50 mln. so‘m, Namangan viloyati Yangiqo‘rg‘on tumanidagi “Yangiqo‘rg‘on kartoshkachilik markazi tomorqa xizmati” MChJga 3 mlrd. so‘mlik kredit mablag‘lari ajratildi.  

Shu o‘rinda aytish kerakki, mamlakatimizda iste’mol qilinadigan kartoshka mahsulotlarining 80-85 foizi aholining tomorqa yerlarida yetishtiriladi. Bu yil erta bahorda aholining 45 ming gektar tomorqa yerlarida kartoshka ekildi. Ayni chog‘da Surxondaryo viloyatida ertaki kartoshka kovlab olinib, iste’molga chiqarilmoqda.

Yaqinda davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan “Respublikada kartoshka yetishtirishni kengaytirish va urug‘chiligini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi ishlarni yanada tezlashtirishi, shubhasiz. Negaki, qarorga muvofiq, O‘zbekistonda kartoshkachilik klasterlari va kooperatsiyalari tashkil etilib, tumanlar hamda hududlar kartoshka yetishtirishga ixtisoslashtiriladi, kartoshkachilik sohasiga oid bir qator yangiliklar va imtiyozlar joriy qilish ko‘zda tutilgan. Eng muhimi, 2023 yil 1 iyulgacha chetdan olib kirilayotgan urug‘lik kartoshka bojxona bojidan ozod etiladi.

Shu bilan birga, kartoshkachilikka ixtisoslashtiriladigan tumanlarda  kartoshkachilik klasterlari va kooperatsiyalari tashkil etiladi. Bunda, iste’mol va urug‘lik kartoshka yetishtirishda ilg‘or texnologiyalar, innovatsion yechimlar (nou-xau) va resurs tejamkor texnologiyalarni joriy etish, iste’mol va urug‘lik kartoshkaga bo‘lgan ichki bozor talabini qondirish, shuningdek, uning eksportini kengaytirish ularning asosiy faoliyat yo‘nalishlaridan biri bo‘ladi.

Qarorda iste’mol va urug‘lik kartoshka, jumladan, uning super elita, elita avlodlarini yetishtirishga tumanlar hamda hududlar ixtisoslashtirilishi ham nazarda tutilgan. Joriy yil 1 maydan boshlab kartoshka yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklari, qishloq xo‘jaligi korxonalari, shuningdek, kartoshkachilik klasterlari va kooperatsiyalarining urug‘lik kartoshka xarid qilish xarajatlarini moliyalashtirish uchun ularga 12 oy muddatgacha tijorat kreditlari ajratilishi ham belgilangan.

Davlatimiz rahbari qarorida, shuningdek, tarmoqqa ilmiy ishlanmalarni tatbiq etish, seleksiya, urug‘chilik kabi yo‘nalishlarda ham ko‘plab vazifalar belgilandi. Ko‘zlangan maqsad bitta — respublikada iste’mol va urug‘lik kartoshka yetishtirishni oshirish, kartoshkachilik sohasida klaster va kooperatsiya mexanizmlarini kengaytirish hamda kartoshkaga bo‘lgan ichki bozor talabini to‘liq qondirishdir. Zero, dasturxonimiz to‘kin-sochin, bozorlarimiz noz-ne’matlarga to‘la va arzon bo‘lishi uchun bugun harakat qilmasak, ertaga kech bo‘ladi.

Aktam XAITOV,

O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va

tomorqa yer egalari kengashi raisi,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi

Spikeri o‘rinbosari

  • Ko'rildi
    1074
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Ro'yhatga o'tish

Fikringizni qoldiring

+