Aktam Xaitov: O‘zganing maslahatiga muhtoj emasmiz

18.05.2020, 10:32

Aktam Xaitov: O‘zganing maslahatiga muhtoj emasmiz

So‘nggi ikki-uch kunda Rossiya tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarovaning “O‘zbekistonda o‘zbek tilida ish yuritish tarafdorlari juda oz” degan fikrlari ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in bahs-munozaraga sabab bo‘lmoqda. Uning da’volarini hammamiz o‘qidik, eshitdik.

M.Zaxarovaning O‘zbekistonda o‘zbek tilida ish yuritish tartibini buzgan mansabdor shaxslarni ma’muriy javobgarlikka tortish yuzasidan ishlab chiqilgan qonun loyihasi bo‘yicha bildirgan fikrlari mustaqil, suveren davlatning ichki ishlariga qo‘pol tarzda aralashuvdan boshqa narsa emas. Boshqacha aytganda, uning bu masala bo‘yicha fikr bildirishi umuman mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi. 

Nega deganda, istiqlol yillarida ona tilimiz tom ma’noda davlat tiliga aylanib, xalqimizni yurtimizda erkin va ozod, farovon hayot qurishdek buyuk marralarga safarbar etadigan beqiyos kuch sifatida maydonga chiqdi. Oxirgi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar jarayonida davlat tilining hayotimizdagi o‘rni va nufuzi tobora oshib bormoqda.

O‘zbek tili siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy jabhalarda faol qo‘llanib, xalqaro minbarlarda baralla yangramoqda. Qolaversa, xorijiy mamlakatlarda ham tilimizga e’tibor va uni o‘rganishga qiziqish kuchayib bormoqda. Prezidentimiz tomonidan qabul qilinayotgan qator farmon va qarorlar  esa o‘zbek tili ravnaqiga xizmat qilayotir.

Bu haqda gapirganda keyingi yillarda ona tilimiz va milliy adabiyotimizni ulug‘lash, uning boy xazinasini yosh avlodimizga yetkazish maqsadida yuzlab bog‘chalar, maktablar, oliy o‘quv yurtlari, shuningdek, atoqli shoir va adiblarimiz nomlaridagi ijod maktablari tashkil etilayotganini alohida ta’kidlash joiz.

 Shu o‘rinda bir mulohaza. “O‘zbekiston Respublikasining davlat tili to‘g‘risida”gi qonun loyihasi shu kunlarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritildi.

Loyihada davlat organlari va tashkilotlarida ish yuritishda davlat tili haqidagi qonun hujjatlari talablariga rioya etmaslik mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘lishi  nazarda tutilmoqda.  

Joriy yilning 10 may kuniga qadar regulation.gov.uz portalida muhokama uchun joylashtirilgan qonun loyihasi bo‘yicha davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, keng jamoatchilik tomonidan ko‘plab fikr-mulohazalar, takliflar bildirildi. Bu ham fuqarolarimizning faollashib borayotganidan dalolat, albatta. Ammo ayrim kimsalarning noxolis yondashuvlari kishini o‘ylantirib qo‘yadi. Bu noxolislik emasmi?

Xo‘sh, M.Zaxarovaning Mustaqil O‘zbekiston qonunlariga aralashishga huquqi bormi? Nega ular bizning qonunlarimizga qiziqib qolishdi? Yoki uni bu gaplarni aytishga kimdir majbur qildimi? Axir boshqa davlatning ichki ishiga bu tarzda aralashish xalqaro huquq normalari va tashqi siyosat prinsiplariga zidku? Nima Rossiya tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili buni bilmaydimi?

Xulosa o‘rnida ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi va partiyaning parlamentdagi fraksiyasi a’zolari mazkur qonun loyihasi bo‘yicha o‘z pozitsiyasiga ega. Zero, bugun ona tilimizning davlat va jamiyat hayotidagi ta’siri va mavqeini yanada oshirish bo‘yicha oldimizda o‘ta muhim vazifa turibdi. Bu borada kimningdir fikri yoki maslahatiga muhtoj emas.

Aktam XAITOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi

Spikeri o‘rinbosari,

O'zLiDeP fraksiyasi rahbari

  • Ko'rildi
    24
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Ro'yhatga o'tish

Bildirilgan fikrlar

Ўрол Олтибоев2020-05-19 09:26:40

Халқимизда "Ит ҳурар,ўтади карвон",деган нақл бор. Шунга амал қилиб ўз ишимизни қилаверишимиз керак.


Fikringizni qoldiring

+