Korrupsiya ustidan g‘alaba qozonish mumkin va zarur

30.06.2020, 14:46

Korrupsiya ustidan g‘alaba qozonish mumkin va zarur

Ayni paytda mamlakatimizda Prezidentimiz tashabbusi bilan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil etildi.

O‘z nomi bilan aytib turibdiki, agenlikning asosiy vazifalaridan biri korrupsiya yuqori bo‘lgan sohalarni chuqur tahlil qilish hamda korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar sodir etilishining sabab va shart-sharoitlarini bartaraf etishdan iborat bo‘ladi.

E’tiborga molik jihati, O‘zLiDeP o‘z saylovoldi dasturida bu borada aniq vazifalarni belgalagn edi. Ya’ni rahbarlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan, parlamentga hisobdor, Prokuratura, IIV, DXXdan mustaqil faoliyat yuritadigan alohida davlat organlari – Korrupsiyaga qarshi kurash va Tergov departamentlarini tashkil maqsadga muvofiq, deb hisoblashini saylovlar davrida e’lon qilgan edi.

Bu bilan partiya jamiyatda ijtimoiy tengsizlikni yuzaga keltiruvchi, aholini, xalqni olib borilayotgan islohotlarga bo‘lgan ishonchini yo‘q qiluvchi, jamiyatda mavjud ijtimoiy munosabatlarda adolatsizlikni vujudga keltiruvchi, aholi o‘rtasida turli xil noroziliklarni keltirib chiqaruvchi korrupsiya ustidan g‘alaba qozonish, mamlakatimizning korrupsiyani rad etadigan va bu borada “nol toqatlilik”ka erishgan davlatlar qatoriga kirishiga erishishga qat’iy bel bog‘lagan.

Quyida partiyaning bu boradagi g‘oyalarini atroflicha bayon qilamiz.

Ma’lumki, mansabdor shaxslarning mol-mulki va daromadini deklaratsiya qilish ko‘pgina davlatlarda korrupsiyaga qarshi chora sifatida qo‘llab kelinadi. Jumladan, Xitoyda barcha davlat xizmatchilari har yili o‘zlari va yaqinlarining daromad va xarajatlari to‘g‘risidagi ma’lumotni taqdim etsa, Braziliya, Daniya, AQSh va Qozog‘istonda davlat xizmatchilari daromadi deklaratsiyalanadi, Shvetsiya, Norvegiya va Kanadada nafaqat davlat xizmatchilari, balki barcha fuqarolarning daromadi ham deklaratsiyalanadi. Finlyandiya va Singapurda davlat xizmatchilari har yili o‘z chiqimlari haqida hisobotni taqdim etadi. Buyuk Britaniyada Parlament a’zolari va Lordlar palatasi a’zolari o‘z daromadini deklaratsiya qiladi. Gruziyadagi politsiya xizmatida o‘tkazilgan tub islohotlar natijasida politsiya shunchaki davlat instituti emas, balki odamlarga ularning muammolarini hal qilishda yordam beradigan, pora olmaydigan, muqarrar ravishda jinoyatlarni ro‘yxatga oluvchi bir servis-xizmatga aylangani, unga aholi tarafidan murojaatlar soni 15-20 barobar oshganidan,  o‘tgan asrning 90-yillarida Nyu-York  mahalliy hokimiyati har qanday qonun buzilishlar (hattoki metroda chiptasiz yurish) ga “nol toqatlilik” siyosatini joriy etib,  huquqbuzarliklarning turli xil ko‘rinishlari bo‘yicha kurashish strategiyalarini ishlab chiqish, yangi texnologiyalardan qo‘llanish orqali shahar ko‘chalarida nazoratni to‘la qo‘lga ola bilgani, keyinchalik ushbu tajriba AQSh, Yevropa, Janubiy Afrika, Indoneziya, Singapur va boshqa mamlakatlarda keng qo‘llanilganligidan xabarimiz bor.

Shuning uchun  siyosiy arboblar va davlat xizmatchilarining mablag‘lari va molk-mulklari haqidagi ma’lumotlarni ochiqlashtirish va deklaratsiya qilishning yangi tizimini joriy qilish, davlat xaridlarini amalga oshirishda manfaatlar to‘qnashuvini aniqlash va ularning oldini olish mexanizmlarini kuchaytirish maqsadida “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonunni va elektron xaridlar tizimini takomillashtirish, jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish tizimi faoliyati samaradorligini oshirish, uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash bo‘yicha huquqiy va tashkiliy-amaliy choralarni kuchaytirish, qonunchilikdagi jazoni og‘irlashtirish yoki yengillashtirishga oid normalarni qo‘llash jarayonidagi inson omilini bartaraf etish, parlament palatalaridagi korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitalarining vakolat va funksiyalarini kuchaytirishga e’tibor qaratilmoqda.

O‘zbekiston BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasiga (Nyu-York, 2003 yil 31 oktabr) qo‘shilgan. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan ilk qonun tashabbusi, bu –“Korrupsiyaga qarshi kurash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni bo‘lgani ham e’tirofga loyiq.  Yurtimizda ayni paytda Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasi faoliyat yuritadi. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi, Adliya vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha izchil ish olib bormoqda. Xususan, Bosh prokuratura, Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligida korrupsiyaga qarshi kurashuvchi alohida tuzilmalar tashkil etilgan.

Shunga qaramay partiya korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini tubdan isloh etish zarur, deb hisoblaydi. Ya’ni mavjud tizim negizida, rahbarlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan, parlamentga hisobdor, Prokuratura, IIV, DXXdan mustaqil faoliyat yuritadigan alohida davlat organlari – Korrupsiyaga qarshi kurash va Tergov departamentlarini tashkil maqsadga muvofiq, deb hisoblaydi. Negaki, mavjud idoralararo komissiya ishi o‘z natijadorligini ko‘rsata olmadi. Korrupsiyaga qarshi tuzilmalarning bir nechta davlat idoralarida faoliyat ko‘rsatishi bir-birining faoliyat va vakolatlarini takrorlasa, ikkinchi jihatdan bitta idorada ham ushbu tuzilma va tergov organining faoliyat yuritishi o‘z-o‘zidan shu organga sudlar faoliyatiga ta’sir etish mexanizmini taqdim etadi, sudlar mustaqilligiga putur yetadi, pirovardida esa odil sudlovni to‘la ta’minlash qiyinlashadi. Bu esa, aholining odil sudlovga, adolatga ishonchiga ta’sir ko‘rsatmay qolmaydi. Shu nuqtai nazardan korrupsiyaga qarshi kurashuvchi yaxlit davlat idorasi nafaqat korrupsiyaga qarshi kurash, balki, uning oqibatlari, kelib chiqish omillarini bartaraf etish borasida ham amaliy, ham nazariy jihatlarni muvofiqlashtirib boradigan, bu illatning siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va ma’naviy tomonlarini ilmga tayangan holda yechim izlaydigan tashkilot sifatida tuzilishi muhim ahamiyat kasb etadi.

Aktam XAITOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi

Spikeri o‘rinbosari,

O'zLiDeP fraksiyasi rahbari

  • Ko'rildi
    472
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Ro'yhatga o'tish

Bildirilgan fikrlar

Пайзулла 2020-07-03 15:09:33

Айтилган фикрларингизга тулик кушилган холда бир фикрга эътибор беришингизни сурайман. Коррупциянинг ''беланчаги'' бу туман хокимлари иккита ''кресло''да утириши хисобланади. Качон бу холатдан кутиламиз?. Президентимиз хам СЕНАТ рахбарига 1 ярим йиллик якуни буйича таклиф киритиш хакида топширик берган эдиларку. Назаримда мавзу кун тартибидан олиб ташлангандай...


Fikringizni qoldiring

+