“Tomorqa xizmati” korxonalari faoliyati yanada kengayadi

02.07.2020, 12:35

“Tomorqa xizmati” korxonalari faoliyati yanada kengayadi

So‘nggi yillarda davlatimiz rahbari tomonidan aholi tomorqalaridan samarali foydalanish bo‘yicha qabul qilingan qarorlar asosida amalga oshirilgan bir qator muhim tashkiliy tadbirlar, shu jumladan mahallalarda tomorqa bilan shug‘ullanadigan alohida lavozim joriy etilganligi, aholiga urug‘lik va ko‘chat yetkazib berish, xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha “Tomorqa xizmati” korxonalari faoliyati yo‘lga qo‘yilganligi hamda tomorqada yangi loyihalarni amalga oshirish uchun Fermerlar kengashi huzurida jamg‘arma faoliyati yo‘lga qo‘yilganligi aholi daromadlarini oshishiga, ko‘plab ish o‘rinlari yaratilishiga xizmat qilmoqda.

Kuni kecha Prezidentimizning “Aholi tomorqalaridan foydalanish samaradorligini oshirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingani tomorqachilikni yanada rivojlantirishga, yetishtirilga hosilni nes-nobud qilmasdan bozorini topishga, aholining ko‘proq daromad topishiga, eksportbop mahsulotlar yetishtirishga undaydi.

Qarorga ko‘ra, tomorqa yerlaridan samarali foydalanish, “Tomorqa xizmati” MChJ moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, faoliyatini yanada kengaytirish va aholi tomorqalarini xizmatlari bilan qamrab olish darajasini oshirish, shuningdek, mahsulotlarni eksport qilish imkoniyatlarini yanada ko‘paytirish borasida qator vazirliklar oldiga aniq vazifalar belgilab berildi.

Endilikda tegishli vazirlik va hokimliklar aholi tomorqalariga kafolatlangan ko‘chat va urug‘larni tizimli yetkazib berishni tashkil etish uchun “Tomorqa xizmati” MChJlarga issiqxona, sovutgichli omborxonalar, chorvachilik majmualari qurish uchun asoslangan hisob-kitoblarga muvofiq yer maydoni ajratib berishda ko‘maklashadi.

Shuningdek, klaster usulida faoliyat yuritadigan “Tomorqa xizmati” MChJlarga 3 yil muddatga kredit yoki ularning ustav kapitaliga keyinchalik sotish huquqi bilan ulush ajratish ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari aholi tomorqalarida yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saqlash uchun 20-30 tonnalik kichik hajmli sovutgichlar barpo etish uchun hamda Markaziy bankning asosiy stavkasida uch oy imtiyozli davr bilan bir yil muddatga 4 foiz bank marjasini hisobga olgan holda aholi tomorqalaridan samarali foydalanish yo‘nalishida 2 million so‘mgacha Oilaviy tadbirkorlik markazi xulosasisiz On-line tarzda tomorqa yer egalariga mikrokreditlar ajratish mexanizmi joriy etilmoqda.

Eng muhimi bugungi koronavirus pandemiyasining salbiy oqibatlarini yumshatish maqsadida oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini oshirish uchun aholi tomorqalaridan samarali foydalangan holda ikki marta hosil olish ishlarini tashkil etish vazifalari qarorda belgilab berildi. Maqsad bugungi sinovli kunlarda aholi tomorqalaridan samarali foydalangan holda daromadlarini oshirib borish, bu orqali fuqarolarning kambag‘allikdan chiqishida yaqindan ko‘makchi bo‘la olishligi ko‘zda tutilgan.

Parlament vakili sifatida hududlarda o‘rganishlar olib borilganida birinchi galdagi vazifamiz aholi o‘z tomorqalaridan qaydarajada foydalanyapti, qanday muammolar bor, ularni bartaraf etishda nimalar qilish kerak kabi savollarga javob topishga harakat qilganmiz. Davlatimiz rahbarining mazkur qarori bilan ushbu muammolarga aniq javob topa oldik. Eng muhimi yuqorida ta’kidlab o‘tganimizdek, aholi tomorqalariga ko‘chat va urug‘lar yetkazib berish, yetishtirgan mahsulotlarini bozorini topish, eksportga yo‘naltirish, suv ta’minoti og‘ir hududlardagi aholi tomorqalarida artizan quduqlar o‘rnatib berish, ixcham issiqxonalar qurish va texnikalar olishda barcha imkoniyat va imtiyozlar yaratib beriladi.

Biz deputatlar mazkur qarorning joylarda to‘liq ijrosini ta’minlashda bor kuchimizni safarbar etamiz.

Barno MIRZAMOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi

agrar va suv xo‘jaligi masalalari

qo‘mitasi a’zosi.

  • Ko'rildi
    728
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Ro'yhatga o'tish

Bildirilgan fikrlar

Shodlik2020-07-09 20:26:04

Bu imtiyozdan foydalanish uchun qayerga murojat qilishimiz kerak. Javob uchun oldindan raxmat


Fikringizni qoldiring

+