Tashqi qarz jahon moliya tashkilotlarining mamlakatimizga ishonchi yuqoriligini ko‘rsatadi

15.09.2020, 14:23

Tashqi qarz jahon moliya tashkilotlarining mamlakatimizga ishonchi yuqoriligini ko‘rsatadi

Davlat tashqi qarzini qaysidir ma’noda davlatga bo‘lgan “ishonch miqdori” deb ham tushunsa bo‘ladi. Axir qarz (yoki investitsiya) duch kelgan odamga yoxud davlatga berilavermaydi-ku? Avval uning ishonchliligi, iqtisodiy imkoniyatlari va istiqbollari tekishriladi.

Shuningdek, qarzlarning ayrimlari uzoq hamda o‘rta muddatlarga olinadi, imtiyozli davrda foiz stavkasi to‘lanib, qarz summasi to‘lanmaydi.

Ko‘pchilikka yaxshi ma’lum, O‘zbekistan davlat qarzi, xususan, tashqi qarz va uning tarkibi bo‘yicha rasmiy ma’lumotlar e’lon qilingach, ijtimoiy tarmoqlarda, internet sahifalarida ayrimlar tomonidan vaziyatni to‘g‘ri baholamasdan turib, tanqidiy fikrlar bildirilmoqda.

Aslida bu ham ijobiy holat. Chunki yangilanayotgan O‘zbekistonda har qanday sohada ochiqlik, shaffoflik alohida mezon sifatida belgilangan. Lekin davlat va xalq manfaatlari bilan bog‘liq masalalarda munosabat bildirish yoki xabar tarqatishdan oldin kun tartibidagi masalani atroflicha tahlil qilib, keyin munosabat bildirilsa to‘g‘ri bo‘lardi.

Mavjud vaziyatni inobatga olib, Moliya vazirligi tomonidan qancha qarz olindi, qaysi sohalar bo‘yicha, kimlardan va qaysi valyutalarda, qanday loyihalar moliyalashtirilyapti, uning ijrochilari kim, barchasi bo‘yicha aniq ma’lumot berilishi kutilmoqda. Tashqi qarzning maqsadli hamda samarali foydalanilishi bo‘yicha keng va aniq ma’lumotlarning taqdim etilishi bu borada muhim qadam, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.

Tashqi qarz dunyoning har qanday mamlakatida mavjud bo‘lib, u davlat tomonidan xorijdan mablag‘ jalb qilish natijasida vujudga keladigan majburiyatlar yig‘indisi hisoblanadi. Davlat tashqi qarzini muhtojlik tufayli olingan oddiy qarz ma’nosida tushunmaslik kerak. Ushbu tushuncha maqsadli kreditlar, sarmoyalar va boshqa mablag‘larning mamlakat iqtisodiyotiga kirib kelishini bildiradi.

Xalqimizning farovon hayotini va barqaror iqtisodiy o‘sishini ta’minlash uchun, avvalo, infratuzilmani rivojlantirish talab etiladi. Aholining yashashi, ishlab chiqarish hamda tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi uchun zarur bo‘lgan energetika, suv ta’minoti, transport va kommunikatsiya infratuzilmalarini rivojlantirish uchun Hukumat tomonidan katta mikdordagi sarmoyalar talab etiladi.

Ichki imkoniyatlar cheklangan holatda, davlat tashqi qarzi, asosan, infratuzilma, sanoat va qishloq xo‘jaligi loyihalariga yo‘naltirilmokda. Xususan, 2020 yilning 1-yarim yilligi yakuni bo‘yicha jami davlat tashqi qarzining 29,4 foizi yoki 5,1 mlrd, dollari energetika sohasiga, 13,0 foizi yoki 2,2 mlrd, dollari transport infratuzilmasiga, 12,9 foizi yoki 2,2 mlrd, dollari uy-joy kommunal xo‘jaligi sohalariga yo‘naltirilgan mablag‘lar hissasiga to‘g‘ri keladi.

Bir narsani tushunib olishimiz kerak. Birinchidan, O‘zbekistonning hozirgi kundagi tashqi qarz mikdori juda ham past darajada, deb hisoblanadi. Buni o‘lchashning o‘ziga yarasha metodikasi bor, masalan, YaIMga nisbatan ulushini olish mumkin. Moliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2020 yil 1 iyul holatiga O‘zbekiston Respublikasi nomidan va uning kafolati ostida jalb qilingan qarz qoldig‘i dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra 19,4 mlrd. dollar ekvivalentini yoki yalpi ichki mahsulotga (YaIM) nisbatan 34,0 foizni tashkil etadi. Xalqaro valyuta jamg‘armasi O‘zbekiston tashqi qarzini YaIMga nisbatan 55 foizgacha jalb etishni mo‘‘tadil yoki barqaror, deb baholashini ma’lum qilgan.

Ikkinchidan, tashqi qarz xavotirga tushadigan narsa emas. Agar bu qarz noto‘g‘ri sarflansa yoki shaffof bo‘lmagan jarayonlar orqali o‘zlashtirilsa, ana shundagina har qanday xavotir o‘rinli va asosli bo‘ladi.

Keyingi yillarda davlatimiz rahbari boshchiligida juda katta vazifalarni amalga oshirishga bel bog‘langan. Xususan, kelgusida investitsiyalarni barqaror jalb etish ham ana shu muhim vazifalar sirasiga kiradi. Bilamiz, investitsiya o‘z-o‘zidan kirib kelmaydi. Buning uchun mamlakatda infratuzilmani rivojlantirish zarur.

Shu ma’noda, qarz olib, uni aql bilan, ilmga asoslanib, aniq hisob-kitoblar bilan sarflab, keyinchalik qarzni bosqichma-bosqich qaytarish juda ham to‘g‘ri yo‘ldir. Pirovard maqsad bitta — xalqimizning bugungidan-da farovon va baxtli yashashini ta’minlash. O‘zbekistonning biznes yuritish hamda investitsiya kiritish uchun eng jozibador mamlakatlar qatoridan o‘rin olishini ta’minlash ham oldimizda turgan eng muhim vazifadir. Zero, jahonning rivojlangan davlatlari tajribasiga qaraydigan bo‘lsak ham mazkur amaliyot o‘zini to‘la oqlagan.

Bu borada bizga ishonch bag‘ishlaydigan yana bir jihat shundaki, Prezidentimiz shu yilning 24 yanvar kuni Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida: “Budjet mablag‘larining maqsadli va oqilona sarflanishi ustidan nazoratni yanada kuchaytirish zarur. Joriy yilda davlat tashqi qarzining yuqori chegarasini belgiladik. Bundan buyon xalqaro moliya tashkilotlaridan olinadigan mablag‘larni qaytarish imkoniyati va ularning natijadorligiga jiddiy e’tibor qaratiladi”, degan edi. Bu tashqi qarzni makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar holatini inobatga olgan holda jalb etishga davlatimiz tomonidan alohida e’tibor qaratilayotganini ko‘rsatadi.

Shuni qayd etish kerakki, ayni paytda O‘zbekistonning tashqi qarz olishi masalasi muhim. Chunki jalb qilinayotgan davlat tashqi qarzlari energetika, transport va transport infratuzilmasi, qishloq xo‘jaligi, uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish, kimyo, ta’lim hamda sog‘liqni saqlash singari muhim ijtimoiy-iqtisodiy sohalarga yo‘naltiriladi. Agar chetdan mablag‘ jalb etilmasa, islohotlarni Davlat budjetidan amalga oshirishga to‘g‘ri keladi.

Shu nuqtai nazardan, tashqi qarzni, birinchi navbatda, davlat dasturlarini va davlat zimmasidagi ijtimoiy vazifalarni moliyalashtirishga yo‘naltirish maqsadga muvofiqdir. Qolaversa, tashqi qarzning maqsadli hamda samarali foydalanilishi bo‘yicha shaffoflikni ta’minlash, bu boradagi axborotlar keng jamoatchilikka ma’lum qilinishini ham ijobiy qadam sifatida baholash zarur.

Umuman olganda, tashqi qarzlarni nufuzli xalqaro moliya tashkilotlarining mamlakatimizga bo‘lgan ishonchi, deb baholashimiz joiz. Takror bo‘lsa-da ta’kidlash o‘rinli, negaki, qarz har qanday davlatga ham berilavermaydi. Avvalo, qarz oluvchining ishonchliligi, iqtisodiy imkoniyatlari va istiqbollari obdan ko‘zdan kechiriladi.

Mavjud tahlillar, mamlakatimizning ichki resurs hamda imkoniyatlarini, qolaversa, yangi islohotlar samarasidan kelib chiqib shuni ishonch bilan aytish mumkinki, davlat tashqi qarzi borasida tushkunlikka yoki xavotirga tushishga hech qanday asos yo‘q. Jarayon aniq tahlil va hisob-kitoblarga tayangan holda olib borilyapti.

Aktam XAITOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi

Spikeri o‘rinbosari,

O‘zLiDeP fraksiyasi rahbari

  • Ko'rildi
    991
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Ro'yhatga o'tish

Bildirilgan fikrlar

Мирсаидов Илхомхужа2020-11-23 13:43:11

Как стать членом партии?


Fikringizni qoldiring

+