Biznes vakillari bilan yelkama-elka ishlash – birinchi galdagi vazifamizga aylanishi kerak

02.10.2020, 12:01

Biznes vakillari bilan yelkama-elka ishlash – birinchi galdagi vazifamizga aylanishi kerak

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik – iqtisodiyotning o‘sish nuqtalaridan biri, aholi bandligini ta’minlashning eng muhim manbai hisoblanadi. Mamlakatimizda tadbirkorlikni rivojlantirishga bo‘lgan e’tibor tufayli bu soha yildan-yilga rivojlanib bormoqda.

So‘nggi yillarda yurtimizda sohani rivojlantirishga qaratilayotgan katta e’tibor, biznes sub’ektlariga berilayotgan imtiyoz va yengilliklar sababli bu tarmoq o‘zining iqtisodiyotimizdagi o‘ta muhim va salmoqli hissasi bilan davlatimiz va jamiyatimiz taraqqiyotida tobora muhim o‘rin egallamoqda.  

To‘g‘ri, karantin talablari joriy etilishi natijasida mamlakatimizda 72 ming 500 ta sanoat korxonasidan 16 ming 700 tasi o‘z faoliyatini vaqtincha to‘xtatgan edi. Lekin davlatimiz rahbari boshchiligida o‘z vaqtida ko‘rilgan tezkor chora-tadbirlar natijasida 16 ming 600 ta korxonada ishlab chiqarish jarayoni tiklandi.

Ayni paytda ham bu bora iqtisodiy islohotlar jadal davom ettirilmoqda. Biznesni yuritish uchun qulay muhit yaratish, tadbirkorlarning qonuniy manfaatlarini himoya qilishning huquqiy kafolatlarini mustahkamlash sohasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotir.  

Soliq tizimi tubdan isloh qilingani, ruxsat beruvchi hujjatlarni olish tartibi sezilarli darajada soddalashtirilgani, tadbirkorlik sub’ektlarining moliyaviy-xo‘jalik faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan rejali tekshirishlar bekor qilingani nafaqat aholi turmush darajasini oshirish, balki ko‘plab ish o‘rinlarini yaratish imkonini berdi. Bu bejiz emas, albatta. Agar yurtimizda tadbirkorlikni rivojlantirish, investitsiya va biznes muhitini yaxshilashga alohida e’tibor qaratilmaganda, hozirgi og‘ir sharoitda odamlarni yangi kasb-hunarlarga o‘rgatish va bandligini ta’minlash juda og‘ir kechishi mumkin edi.

E’tibor bering, davlatimiz rahbarining joriy yil 1 maydagi tegishli qaroriga asosan, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni reyting baholash tizimi joriy etilgan edi. Shunga muvofiq, birinchi marta tuman va shaharlardagi iqtisodiy ko‘rsatkichlar, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash muhiti, infratuzilma va mavjud resurslardan foydalanish darajasi o‘rganildi.

Tahlillar asosida ulardagi tadbirkorlik rivoji holati “yaxshi”, “o‘rta” va “qoniqarsiz” hududlarga ajratildi. Xususan, 48 ta tuman va shahardagi holat “yaxshi”, 119 tasida “o‘rta” hamda 33 tasida “qoniqarsiz” deb topilgan. Bundan anglash mumkinki, endilikda iqtisodiy kompleksga kiruvchi vazirlik va muassasalar “tadbirkorga xizmat qiluvchi” tashkilotga aylanadi. Boshqacha aytganda, endilikda bitta tadbirkor o‘z faoliyatini to‘xtatsa ham, bunga “favqulodda holat” sifatida qaraladi.

Kuni kecha hududlarda tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar muhokamasiga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida Prezidentimiz bu masalaga alohida to‘xtalib, mutasaddilarga “qoniqarsiz” deb baholangan tumanlarda kichik sanoat zonasi tashkil etish, yaylovlarda chorvachilik, qorako‘lchilik, yilqichilikni rivojlantirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Prezidentimiz ta’kidlaganidek, “qoniqarsiz” hamda “o‘rta” deb baholangan tuman va shaharlarda inqirozga qarshi boshqaruv tizimi joriy etiladi. Ya’ni, ularga rahbarlik qilish istagini bildirgan har qanday talabgor hududni rivojlantirish dasturini mahalliy kengashlarda himoya qiladi. Xalq vakillarini ishontira olgan salohiyatli kishilar butun jamoasi bilan tumanga rahbar etib tayinlanadi.

Bu esa koronavirus pandemiyasi tufayli dunyo miqyosida iqtisodiy o‘sish sur’atlari pasayayotgan hozirgi davrda tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va uning daromadini oshirishga qaratilgan muhim tashabbusdir. Bu borada Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasi a’zolari hamda O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi vakillari esa joylarga chiqib, tadbirkorlik faoliyatini boshlashga xalaqit berayotgan muammolarni o‘rgangan holda ularni o‘z vaqtida bartaraf etish choralarini ko‘ryapti.

Videoselektor yig‘ilishida “Temir daftar”ga kiritilgan oilalarning tadbirkorlik loyihalarini moliyalashtirish, bunday intilishlarni rag‘batlantirish bo‘yicha ham alohida topshiriqlar berildiki, bu O‘zLiDeP va uning parlamentdagi fraksiyasi zimmasiga katta mas’uliyat yuklaydi. Demak, tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashga doir qaror va qonunlarning ijrosini monitoring qilish, bu borada deputatlik nazoratini yanada kuchaytirish – birinchi galdagi vazifamizga aylanishi kerak.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, bugun yurtimizda tadbirkorlar sonini ko‘paytirish, odamlarni ishbilarmon qilishga qaratilayotgan chora-tadbirlardan ko‘zlangan maqsad bitta – yangi tadbirkorlik sub’ektlarini tashkil qilish va faoliyatini to‘xtatgan korxonalarni tiklashga ko‘maklashish. Shunday ekan, har bir rahbar tadbirkorga sharoit yaratib, biznes vakillari bilan yelkama-elka ishlashi lozim.  

Aktam XAITOV,

Oliy Majlis Qonunchilik 

palatasi Spikeri o‘rinbosari,

O'zLiDeP fraksiyasi rahbari

  • Ko'rildi
    446
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Ro'yhatga o'tish

Fikringizni qoldiring

+