Yashirin iqtisodiyot: unga qarshi kurashishda asosiy kuch biznes va jamoatchilikdir

04.11.2020, 10:35

Yashirin iqtisodiyot: unga qarshi kurashishda asosiy kuch biznes va jamoatchilikdir

Mamlakatimizda pul-kredit, valyuta, soliq va tashqi savdo siyosati sohalarida tadbirkorlik faoliyatini yuritish uchun qulay sharoitlar yaratish va investitsiya muhitini yaxshilash dolzarb vazifalardan sanaladi. Shu bois keyingi yillarda biznesga qo‘shimcha qulayliklar yaratish orqali yashirin iqtisodiyot ulushini kamaytirish choralari ko‘rilmoqda.

Xususan, 2020 yildan qo‘shilgan qiymat solig‘ining salbiy farq summasini barcha tadbirkorlik sub’ektlariga qaytarishning soddalashtirilgan tizimi tatbiq etildi. Joriy yilning o‘n oyi davomida ushbu tizim doirasida tadbirkorlik sub’ektlariga 5 trillion so‘mdan ziyod mablag‘ qaytarildi.

Lekin shunga qaramay, mamlakatimizda yashirin iqtisodiyotning ulushi hamon yuqori darajada saqlanib qolmoqda. Savdo va umumiy ovqatlanish, uy-joy qurilishi va ta’mirlash, turarjoy xizmatlarini ko‘rsatish kabi sohalarda bu jarayon yanada yaqqol namoyon bo‘layotir.

Xo‘sh, yashirin iqtisodiyotning o‘zi nima? Uning kelib chiqish sabablari nimada? Mamlakatda yashirin iqtisodiyotni qisqartirish uchun qanday choralarni ko‘rish kerak?

Yashirin iqtisodiyot bu – iqtisodiy faoliyatni jamiyatdan yashirish va davlat tomonidan nazorat hamda hisoboti yuritilishi olib borilmasligini, shu bilan birga, iqtisodiyotning kuzatib bo‘lmas va norasmiy qismidir. Boshqacha aytganda, yashirin iqtisodiyot mavjud qonun va jamiyat qoidalarini chetlab o‘tuvchi jamiyatdagi fuqarolarning iqtisodiy aloqalari desak ham bo‘ladi.

Jahonning deyarli barcha mamlakatlarida yashirin iqtisodiyot mavjud bo‘lib, hozirga qadar hech bir mamlakatda uni butkul yo‘q qilishga erishilmagan. Lekin ko‘p davlatlarda bunday iqtisodiyotning ulushi va ta’siri minimal darajada kamaytirilgan. Bu haqda gapirganda Yevropa davlatlari tajribasini misol qilib keltirish mumkin. Negaki, bu davlatlarning aksariyati yashirin iqtisodiyot va korrupsiyaga qarshi kurashishda soliq mexanizmlariga alohida e’tibor qaratgan. Chunki aynan soliqlarning yuqori darajadaligi ko‘p hollarda yashirin iqtisodiyotning palak otishiga turtki beradigan omillardan hisoblanadi.

Yashirin iqtisodiyot nafaqat murakkab ijtimoiy-iqtisodiy voqelik, balki davlat hisobi hamda nazoratidan tashqarida rivojlanadigan va shu sababdan ham rasmiy statistikada aks etmaydigan xo‘jalik faoliyatidir. Mamlakatimizda yashirin iqtisodiyot darajasini pasaytirish uchun rivojlangan davlatlarning bosib o‘tgan yo‘llari chuqur tahlil qilib, o‘zimizga mos bo‘lgan yo‘nalishlarga tayanib, bosqichma-bosqich amalga oshirish lozim, deb o‘ylayman.

Shu bilan birga, yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashishda asosiy kuch biznes va jamoatchilikdir. Jamiyatdagi boshqa kuchlar, birinchi navbatda, tadbirkorlar, keng jamoatchilik bu muammoga o‘z muammosi sifatida qarasagina, uni hal qilishda sezilarli natijalarga erishish mumkin.

Davlatimiz rahbarining joriy yil 30 oktyabrdagi «Yashirin iqtisodiyotni qisqartirish va soliq organlari faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni shubhasiz, mamlakatimizda yashirin iqtisodiyot darajasini pasaytirishga qaratilgan muhim hujjat bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Unga binoan, 2021 yil 1 yanvardan2022 yil 1 yanvargacha bo‘lgan muddatga umumiy ovqatlanish sohasidagi kichik biznes sub’ektlarining bank kartalaridan foydalangan holda, jismoniy shaxslardan olgan daromadlari umum belgilangan soliqlar, shu jumladan, qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lashga majburiy o‘tish uchun umumiy daromadga kiritilmaydi. Bu o‘z navbatida, bank plastik kartalarini cheklovsiz qabul qilish orqali daromadlarni oshirish, olingan summalarni to‘liq aks ettirishga sharoit yaratadi.

2021 yil 1 yanvardan boshlab riyeltorlik xizmatlardan olinadigan daromadlarni qonuniy muomalaga jalb qilish uchun aylanmadan olinadigan soliq stavkasi 25 foizdan 13 foizgacha kamaytirilishi esa ko‘chmas mulk bozoridagi yashirin iqtisodiyotni qisqartirishga ta’sir etadi.

Farmon bilan qurilish korxonalariga hisobot davri uchun mehnatga haq to‘lash fondi jami miqdorining 10 foizidan oshmagan hajmda (ijtimoiy soliq summasini hisobga olmaganda) ish haqini naqd pulda to‘lash huquqi bilan shartnoma tuzmasdan muddatli ravishda ishchilar yollashga ham ruxsat berilmoqda. Bunda qurilish tashkilotlari belgilangan tartibda jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i va ijtimoiy soliqning to‘lanishini ta’minlaydi.

Shuningdek, har oyda shartnoma tuzmasdan yollangan ishchilarga to‘langan naqd pul miqdorini ko‘rsatgan holda ularning reyestrini davlat soliq xizmati organlariga taqdim qilib boradi.Davlat soliq xizmati organlari qurilish tashkilotlari tomonidan taqdim etilgan reyestrlar asosida soliq to‘lovchilarni avtomatik ravishda identifikatsiya qiladi va to‘langan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i va ijtimoiy soliq hisobga olinishini ta’minlaydi.

Ahamiyatli tomoni shundaki, mazkur farmonga asosan yashirin iqtisodiyotni qisqartirish bo‘yicha maxsus komissiyahamdayashirin iqtisodiyotni qisqartirish bo‘yicha hududiy komissiyalartashkil etilmoqda.

Biznesning «soyadan» chiqishini rag‘batlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish, soliq rejimini soddalashtirish hamda naqdsiz to‘lovlarni kengaytirish choralarini ko‘rish, qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlarni shakllangan biznes yuritish amaliyotiga moslashtirish, yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish faoliyatini «pulni yuvish»ga qarshi kurashish sohasidagi tashkilotlar faoliyati bilan muvofiqlashtirish kabilar Maxsus komissiyaning asosiy vazifasihisoblanadi.

Yashirin iqtisodiyotni qisqartirish bo‘yicha hududiy komissiyalar esa tadbirkorlarga faoliyatini qonuniylashtirishda va zarur ruxsatnomalarni olishda yordam berish, shuningdek, ular bilan profilaktika ishlarini olib borish, yashirin iqtisodiyotning shakllanishiga olib keladigan sabablar va omillarni aniqlash, ularni bartaraf etish choralarini ko‘rish, noqonuniy olib kirilgan yoki kontrafakt tovarlarni hamda yuk tashish hujjatlarisiz mamlakat ichida harakatlanayotgan tovarlarni sotishga qarshi kurashish bilan shug‘ullanadi.

Farmonda yashirin iqtisodiyot va korrupsiyaga qarshi kurashishda vazirlik va idoralarning faoliyat samaradorligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish hamda soliq va bojxona ma’muriyatchiligini takomillashtirish bo‘yicha «yo‘l xarita»si tasdiqlanishi ham belgilangan. Endilikda Maxsus komissiya yashirin iqtisodiyot va korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha, jumladan, «yo‘l xaritasi»da ko‘zda tutilgan chora-tadbirlarga doir takliflar muhokama qilinishini ta’minlaydi, shuningdek, har oy erishilgan natijalar bo‘yicha hisobotlarni eshitib boradi.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, yashirin iqtisodiyot oshkora payqab bo‘lmaydigan tovarlar va xizmatlarni ishlab chiqarish, taqsimlash, ayirboshlash,iste’mol jarayonlari — iqtisodiy munosabatlar bo‘lib, uning negizida ayrim kishilar yoki kishilar guruhi manfaatlari yotadi.Mazkur farmon mamlakatimizda yashirin iqtisodiyot darajasini pasaytirish, soliq qonunchiligi talablariga rioya qilish tartib-taomillarini avtomatlashtirish va uning tartibini soddalashtirishga xizmat qiladi.

Aktam HAITOV,

Oliy Majlis Qonunchilik

palatasi Spikeri o‘rinbosari,

O'zLiDeP fraksiyasi rahbari

  • Ko'rildi
    639
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Ro'yhatga o'tish

Fikringizni qoldiring

+