Konstitutsiya – farovon hayotimiz va taraqqiyotning asosiy poydevori

09.12.2020, 10:30

Konstitutsiya – farovon hayotimiz va taraqqiyotning asosiy poydevori

Konstitutsiya — davlatni davlat, millatni millat qiladigan muhim siyosiy hujjat hisoblanadi. Boshqacha aytganda, jamiyat tayanchi va yurtimiz taraqqiyotining huquqiy kafolati, davlatimiz mustaqilligining yorqin ramzi, ko‘p millatli xalqimiz xohish-irodasining qonuniy ifodasidir.

Asosiy qonunimiz yaratilishining murakkab va ayni chog‘da sharafli solnomasiga nazar solar ekanmiz, hech shubhasiz, O‘zbekiston Konstitutsiyasi xalqimizning mustaqillik sari uzoq yo‘ldagi izlanishlari natijasi ekaniga ishonch hosil qilamiz. Shu boisdan, o‘tgan davr ichida mamlakatimizdagi tub islohot va o‘zgarishlarning barchasi Bosh qomusimiz asosida amalga oshirilmoqda.

“Xalq davlat hokimiyatining birdan-bir manbaidir” degan konstitutsiyaviy norma asosida mamlakatimizda xalq davlat organlariga emas, davlat organlari xalqqa xizmat qiladigan, Konstitutsiya va qonun ustun bo‘lgan samarali va barqaror tizim shakllanmoqda. Asosiy qonunimizda ham buyuk ne’matlar orasida eng ulug‘i — “inson uchun” degan g‘oya ilgari surilib, uni ulug‘lash, uning erkin kamol topishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish o‘z aksini topgan.

Binobarin, inson manfaatlari ustuvor bo‘lgan yurtdagina yuksalish bo‘ladi, bunday davlat fuqarosi har tomonlama barkamol bo‘lib, vatan uchun, xalq uchun jonini fido qilishga tayyor bo‘ladi. Eng muhimi, inson huquqlari ta’minlangan jamiyatda raqobat muhiti paydo bo‘ladi, ijobiy o‘zgarishlar va yangilanishlar sur’atlari jaddalashadi.

Bosh qomusimizning 13 moddasida O‘zbekiston Respublikasida demokratiya umuminsoniy prinsiplarga asoslanishi, ularga ko‘ra inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat hisoblanishi, demokratik huquq va erkinliklar Konstitutsiya va qonunlar bilan himoya qilinishi belgilab qo‘yilgan.

Shu jihatdan, inson huquq va manfaatlarini ta’minlash bo‘yicha barcha sohalarda, ayniqsa, sud-huquq tizimida chuqur islohotlar amalga oshirilmoqda. So‘nggi to‘rt yilda 2 ming 600 nafar fuqaroga nisbatan oqlov hukmi chiqarilib, 2 ming 400 nafar shaxs sud zalidan ozod qilingani, 7 ta sud bosqichi 3 bosqichga keltirilib, sud tizimi “bir sud – bir instansiya” tamoyili asosida qayta tashkil etilayotgani fikrimizni isbotlaydi.

Yana bir quvonarli jihati shuki, uzoq vaqt fuqarolikka ega bo‘lmay kelgan insonlar bugungi kunda o‘zlarini to‘laqonli O‘zbekiston fuqarolari deb his etmoqda. O‘tgan yigirma besh yilda 482 nafar shaxsga fuqarolik berilgan bo‘lsa, bugungi kunda 50 mingdan ziyod kishi shu huquqqa ega bo‘lmoqda.

Bugun O‘zbekistonda inson huquq va erkinliklarini ta’minlash, xalq farovonligini oshirishga qaratilgan amaliy ishlar jahon hamjamiyati tomonidan keng e’tirof etilyapti. Masalan, 2020 yil sentabr oyida BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida O‘zbekiston tomonidan ilgari surilgan bir qator tashabbuslar, aniq amaliy takliflar xalqaro miqyosda keng qo‘llab-quvvatlandi.

Oktabr oyida esa mamlakatimiz milliy davlatchiligimiz tarixida ilk bor Birlashgan Millatlar Tashkilotining asosiy organlaridan biri bo‘lgan Inson huquqlari kengashiga a’zo etib saylandi. Bu O‘zbekistonda davlatimiz rahbari tomonidan olib borilayotgan ochiq va faol tashqi siyosatning amaldagi yorqin ifodasidir.

Prezidentimiz Konstitutsiya qabul qilinganining 28 yilligi munosabati bilan xalqimizga yo‘llagan bayram tabrigida xalqimiz manfaatlariga, hayotimizning barcha sohalarini erkinlashtirishga xizmat qiladigan qonunlarni qabul qilish zarurligini ta’kidladi. Negaki, bugun hayotning o‘zi davr talablariga javob bermaydigan qonun hujjatlarini bekor qilib, qonunchilik bazasini ixchamlashtirish, Konstitutsiya va qonunlarimizni yanada takomillashtirishni talab etmoqda. Bu vazifalarni bajarishda albatta, siyosiy partiyalar va uning parlamentdagi fraksiyalari yanada faol, tashabbuskor bo‘lishi lozim. Zero, huquqiy demokratik davlat, ochiq fuqarolik jamiyatining “o‘zi ham, so‘zi ham, ko‘zi ham qonun bo‘lishi kerak”.

Prezidentimiz bayram tabrigida taraqqiyot kushandasi bo‘lgan korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashishning ta’sirchan mexanizmlarini ishlab chiqish va amalga oshirish lozimligini ham bildirdi. 2021-2025 yillarga mo‘ljallangan Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy strategiyasi ustida ish olib borilayotganini ta’kidladi. Shu nuqtai nazardan, korrupsiyaga qarshi kurashishda huquqni muhofaza etuvchi organlar tomonidan olib boriladigan muayyan ishlar bilan bir qatorda, fuqarolarda unga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish hayotiy zaruratdir. Sababi, davlat va jamiyat rivojini izdan chiqaruvchi illatga qarshi qat’iy va izchil kurashish orqali taraqqiyot poydevori mustahkamlanadi, barcha sohada ochiqlik, qonuniylik mustahkamlanadi.

Mamlakatimizda tinchlik-osoyishtalik, millatlararo totuvlik va dinlararo bag‘rikenglikni mustahkamlash eng asosiy masala hisoblanadi. Davlatimiz rahbari bu masalalarga yanada kuchli e’tibor qaratish zarurligini qayd etar ekan, “Qonun – ustuvor, jinoyatga – jazo muqarrar” degan konstitutsiyaviy tamoyilni amalda ta’minlash uchun huquq-tartibot idoralarining bor kuch va imkoniyatlari safarbar etilishini qayd etdi. Chunki qonun ustuvorligi bo‘lmagan joyda adolat ham bo‘lmasligi hammaga yaxshi ayon. Adolat ustuvor bo‘lgan joyda esa farovonlik hukm suradi, xalqning orzu-istaklari ro‘yobga chiqadi.

Bosh qomusimiz qabul qilinganligining 28 yilligi munosabati bilan davlatimiz tomonidan olib borilayotgan gumanistik siyosatning amaliy tasdig‘i sifatida Prezidentimiz tomonidan “Ozodlikdan mahrum etish jazosini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida”gi farmonning imzolanishi muhim tarixiy voqelik bo‘ldi.

Unga binoan, Konstitutsiyamizning 93-moddasi 23-bandiga asosan sodir etgan jinoyati uchun jazoni ijro etish muassasalarida jazo o‘tayotgan hamda qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan 104 nafar fuqaro afv etildi. Bu bilan ko‘plab oilalarga shodlik qaydi, baxt qaytdi, bolalar uchun ota qaytdi, ona qaytdi. O‘ylaymanki, Prezidentimiz tomonidan kechirilgan har bir shaxs o‘ziga bildirilgan ishonchni oqlab, yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarga munosib hissa qo‘shadi, jamiyatda o‘z o‘rnini topadi. Bunga hech qanday shubha yo‘q.

Xulosa shuki, har bir mamlakat erkin va farovon jamiyat qurishga intilar ekan, bu yo‘ldagi ulug‘vor maqsad va vazifalarini, avvalo, o‘z Konstitutsiyasida mustahkamlaydi. Zotan, unda mamlakatimizning o‘z oldiga qo‘ygan ulkan maqsad va vazifalari, xalqaro miqyosda qabul qilingan inson huquqlari va huquq ustuvorligi hamda demokratiya tamoyillari o‘z ifodasini topgan.

Aktam HAITOV,

Oliy Majlis Qonunchilik

palatasi Spikeri o‘rinbosari,

O'zLiDeP fraksiyasi rahbari

  • Ko'rildi
    8992
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Ro'yhatga o'tish

Fikringizni qoldiring

+